JCH-2034 O‘zbekistonda o‘tkaziladimi? Ermatov munosabat bildirdi
Sport
−
22 iyul 2023
28601Kecha, 21 iyul kuni bir qator mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston va Qozog‘iston futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar o‘rtasidagi 2034 yilgi Jahon chempionatini qabul qilish uchun qo‘shma ariza topshirishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ xabarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan bog‘landi.
Ermatovning aytishicha, Qirg‘izistonning Issiqko‘l shahrida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyalari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda haqiqatdan ham mundialni qabul qilish uchun ariza topshirish taklifi berilgan.
“Hamkasblarimizdan biri 2034 yilda Jahon Chempionatini birgalikda o‘tkazish taklifini berdi. Bu, albatta, barchamiz uchun orzu, lekin bunga qadamma-qadam erishishimiz kerak”, deydi O‘FA vitse-prezidenti.
Ermatovning ta’kidlashicha, Issiqko‘lda o‘tkazilgan uchrashuv rasmiy maqomda bo‘lmagan. Unda Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda turli yosh toifalaridagi terma jamoalar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqalar va ularning qanchalik foydali bo‘lgani muhokama qilingan.
“Avvalambor Issiqko‘lda o‘tgan uchrashuvni sammit demagan bo‘lardim. Buni shunchaki do‘stona ruhda, galstuklarsiz o‘tkazilgan uchrashuv, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki bu haqiqatdan ham norasmiy uchrashuv edi. Uchrashuvda birgalikda Markaziy Osiyo miqyosida o‘tkazilgan yoshlar va o‘smirlar bo‘yicha musobaqalarni, ular qanchalik foydali bo‘lgani, tashkil etilayotgan musobaqalar terma jamoalar futbolchilari uchun xalqaro tajribalarini oshirish vazifasini o‘tayotganini muhokama qildik”, deydi Ravshan Ermatov.
Vitse-prezident O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining kelajakdagi rejalari haqida gapirar ekan, yaqin istiqbolda yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatlari, kattalar o‘rtasida Osiyo kubogini qabul qilish maqsadlari borligi, biroq bunga erishish oson bo‘lmasligini bildirdi.
“Bunday orzularni amalga oshirish uchun katta yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak. Lekin biz o‘zimiz tanlagan yo‘ldan ortga qaytmaymiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, bundan avval Qozog‘iston Sport vazirligi ham OAVda tarqalgan mazkur xabarga munosabat bildirgan edi. Unda mamlakat mundialni qabul qilish bo‘yicha rejalari yo‘qligi, shu bois musobaqa mezbonligi uchun ariza topshirmoqchi ham emasligini ma’lum qilgandi.