Spektakl davom etadi: Trampning ishonganlari uddalay olmadi
Tahlil
−
19:15 783 8 daqiqa
Tramp Putin bilan Zelenskiyni yarashtirib qo‘yish uchun o‘z odamlarini jo‘natdi. Tinchlik diplomatlarining maxsus samolyoti Vnukovo aeroportiga g‘ildirak qo‘yayotgan bir paytda, urush teatri o‘zining odatiy va shafqatsiz ssenariysini ijro etishda davom etmoqda. AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner hamda maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni jonlantirish maqsadida avval Moskvaga, keyin esa Kiyevga tashrif buyurdi. Biroq diplomatik masxarabozliklar va “konstruktiv muloqot” haqidagi rasmiy bayonotlar ortida, harbiy va siyosiy maydondagi haqiqiy manzara mutlaqo boshqacha tus olmoqda.
5 sentyabr kuni soat 12:52 da AQSH delegatsiyasi bo‘lgan samolyot Moskvaning Vnukovo-2 aeroportiga yetib keldi. E’tiborli jihati, amerikalik muzokarachilar bu safar avvalgidek shaxsiy biznes-jetda emas, balki AQSH Harbiy-havo kuchlariga tegishli Boeing C-32A samolyotida qo‘ndi. Delegatsiya tarkibida Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi vakillari, shuningdek, Moliya vazirligining sanksiyalar siyosati uchun mas’ul xodimi Jin Lange ham bor edi. Mehmonlarni aeroportda Rossiya prezidentining xalqaro hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev kutib oldi. Moskva markazidagi restoranda qilingan tushlikdan so‘ng, Amerika delegatsiyasi Kreml saroyining Qizil mehmonxonasida Vladimir Putin bilan uchrashdi. Rossiya tomonidan uchrashuvda Kirill Dmitriyev va prezident yordamchisi Yuriy Ushakov qatnashdi. Diqqatni tortadigan holat shundaki, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ushbu muzokaralar jarayonidan chetda qoldi.
Qariyb uch soat davom etgan ushbu yopiq muloqot Uitkoffning Rossiya rahbari bilan sakkizinchi, Kushnerning esa uchinchi uchrashuvi bo‘ldi. Muzokaralar arafasida Kreml vakili Dmitriy Peskov amerikaliklarning Kiyevdagi uchrashuvlarini tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq holda Kiyevga uch kun davomida zarba berish to‘xtatilishini e’lon qildi. Ushbu qadam ortidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘z Telegram-kanalida bayonot berdi.
“Bundan buyon va ushbu shanba sutkasining oxirigacha, yakshanba va dushanba kunlari Ukraina Moskvaga zarba berishdan tiyilishga tayyor va rossiyaliklar ham Kiyevga zarba bermaydi, deb umid qilamiz. Stiv Uitkoff va Jared Kushnerni kutyapmiz va mazmunli muloqotga tayyormiz”, deya ta’kidladi u.
Muzokaralar boshlanishida Kreml e’lon qilgan yetti daqiqalik videoda Putin Rossiyaning front bo‘ylab vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga nega rozi bo‘lmaganini tushuntirib, Ukraina bu taklifni rasmiy axborot almashinuvi kanallarini chetlab o‘tgan holda bildirganini aytdi. Donald Tramp esa vakillari Moskva va Kiyevga urushni tugatish bo‘yicha taklif bilan borishini va bu mutlaqo yangi taklif emasligini ma’lum qilgandi. Uch soatlik muloqot yakunida Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov uchrashuvni “mazmunli, konstruktiv, nihoyatda ochiq va ishonchli” deb atadi.
“Rossiya tomonidan maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishi davomida yuzaga kelayotgan vaziyatga aniq va batafsil baho berildi. Xususan, jangovar harakatlar zonasida Rossiya armiyasining ilgarilashidagi real muvaffaqiyatlari qayd etildi va nizoning barcha tub sabablarini bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi”, dedi Yuriy Ushakov.
Ushakov amerikalik vakillar Putindan olingan fikrlarni Kiyevda hisobga olishga va’da berganini, muloqotda iqtisodiy mavzular va ehtimoliy loyihalar ham muhokama qilinganini qo‘shimcha qildi.
“Stiv Uitkoff va Jared Kushner ertaga Kiyevdagi aloqalar davomida shaxsan Rossiya Prezidentidan olingan Ukrainadagi nizoni mustahkam tinch yo‘l bilan hal etishga oid kuzatuvlar va baholarni ishlatishga va’da berishdi. Amerikalik vakillar ushbu safarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgan. Ular tomonidan nafaqat jangovar harakatlarni tezroq tugatishdan an’anaviy manfaatdorlik bildirildi, balki nizoni hal etishning ehtimoliy yo‘llari haqida bir qator mulohazalar ham shakllantirildi”, deydi u.
Uchrashuvning eng e’tiborli va kutilmagan detallaridan biri esa amerikalik vakil Stiv Uitkoffning Putin haqida aytgan gaplari bo‘ldi.
“Iste’foga chiqqanimizda eslashimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p voqealar bo‘ladi va siz bilan muloqot eng yaxshi va eng esda qolarlilaridan biri bo‘ladi”, deydi Uitkoff.
Biroq, bu iliq gaplar va Peskovning “hech qanday yangi g‘oyalar yo‘q, shoshilinch prognozlar qilmang” degan sovuqqon bayonotlari ortida Tramp ma’muriyatining urushni zudlik bilan to‘xtatishga bo‘lgan umidsiz urinishlari ko‘rinadi. Fevral oyida Eronda harbiy harakatlar boshlangach, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi rasmiy vositachilik muzokaralari to‘xtab qolgan edi. O‘tgan bir necha oy davomida Uitkoff va Kushner tomonlar bilan alohida muloqotlar olib borgan bo‘lsa-da, sezilarli ilgarilashga erishilmadi. “Axios” nashrining yozishicha, muzokarachilarning ushbu safar vaqti ham tasodifan tanlanmagan: u Milliy razvedka direktori Jon Retkliffning Moskvada Rossiya xavfsizlik xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvidan roppa-rosa 10 kun o‘tib amalga oshirildi.
Hozircha tomonlar o‘rtasida urushni tugatish bo‘yicha hech qanday muhim kelishuvga erishilgani yo‘q. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Putin urushni tugatishga faqat o‘z shartlari asosida tayyor va Moskva o‘zini jang maydonida ustun deb hisoblayotgani sababli Rossiyaning talablari tobora qat’iylashmoqda. “Reuters” manbalari ham Putin Donetsk viloyatining qolgan qismini nazorat qilishni o‘rnatmaguncha front chizig‘i bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati yo‘qligi haqidagi pozitsiyani keltirgan. Putin 2024 yil yozida o‘t ochishni to‘xtatish shartlari sifatida Ukraina qo‘shinlarini Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlaridan olib chiqishni hamda NATOga qo‘shilmaslik majburiyatini olishini sanab o‘tgan edi. 20 avgust kuni esa Dmitriy Peskov tinchlik muzokaralarida optimizm uchun hozircha asos yo‘qligini ta’kidlagandi.
Poytaxtlar uchun e’lon qilingan vaqtinchalik sulh ham nisbiy tusga ega. Kiyev va Moskva bir-birining poytaxtlariga zarba bermaslikka kelishgan bo‘lsa-da, 6 sentyabrga o‘tar kechasi Ryazan va Rostov viloyatlari keng ko‘lamli dronlar hujumiga uchradi. Ryazanda “Rosneft” tarkibiga kiruvchi va yiliga 17 million tonna neftni qayta ishlaydigan zavodda yirik yong‘in chiqdi. Rostov-Don va boshqa tumanlar tepasida 30 ga yaqin dron urib tushirildi, tinch aholi vakillari, jumladan bir bola jarohat oldi. Rossiya Mudofaa vazirligi bir kechaning o‘zida 15 ta hudud hamda Azov va Qora dengiz tepasida 258 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Guvohlar dronlar Rostov tepasida to‘rt soatdan ortiq aylanib yurganini bildirdi.
Moskvadagi uchrashuvdan so‘ng Uitkoff va Kushner 6 sentyabrga o‘tar kechasi Polshaning Jeshuv-Yasenka aeroportiga uchib kelib, urush sababli Ukraina havo hududi yopiqligi bois Kiyevga Polshadan poyezdda keldi. Vokzalda ularni Ukraina tashqi razvedka xizmati rahbari Rustem Umerov, prezident ofisi rahbari Kirill Budanov va “Xalq xizmatkori” fraksiyasi rahbari David Araxamiya kutib oldi. Bu amerikalik vakillarning Ukrainaga ilk rasmiy tashrifi bo‘ldi. Zelenskiy AQSH vakillari bilan uch bosqichli muzokara o‘tkazdi, so‘nggi bosqichda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya milliy xavfsizlik maslahatchilari ham qatnashdi. Amerika delegatsiyasi Kiyevdagi muloqotni “ruhlantiruvchi” deb baholagan bo‘lsa-da, urushni tugatish bo‘yicha keskin burilish yuz bermadi.
Uchrashuv yakunida Zelenskiy harbiy yordam, xususan Patriot raketalari uchun rahmat aytib, urush yana cho‘zilishi mumkinligi haqida pichingli hazil qildi.
“Bugun poytaxtdagi fuqarolarimiz uchun Patriot tizimidan ham yaxshiroq yordam yubordingiz. Rahmat, tez-tez kelib turing. Shunda odamlarimiz biroz xotirjam yashash imkoniga ega bo‘ladi. Agar urush qishgacha cho‘zilsa (shundayga o‘xshamoqda) bizga qishki paket kerak bo‘ladi”, dedi Zelenskiy.
Brifingda Jared Kushner urushni qishgacha tugatish imkoniyati haqidagi savolga ham javob bergan. U jarayon tez yoki sekin kechishidan qat’i nazar, muloqotsiz ilgarilab bo‘lmasligini tan olgan.
“Prezident Trampning vazifasi va bizning Stiv bilan shug‘ullanayotgan ishimiz – tinchlik paketini tayyorlash. Kelishuv tuzilmaguncha hech narsani kafolatlab bo‘lmaydi. Bu juda va juda qiyin muammo, lekin biz harakat qilamiz”, degan Kushner.
Uchrashuv chog‘ida davomli tinchlik unsurlari va ushbu jarayonning Ukraina, Rossiya hamda butun dunyo uchun qanday foydasi borligi muhokama qilingani aytilmoqda. Kushnerning qo‘shimcha qilishicha, uch tomonlama muzokaralar formatiga qaytish barcha uchun eng samarali qadam bo‘ladi
“Biz Stiv bilan yarim yilcha avvalgidek uch tomonlama shaklga qaytish juda foydali bo‘lardi deb hisoblaymiz. Biz ikkala tomon bilan ham muzokara o‘tkazdik va tez orada olg‘a siljish bo‘ladi deb umid qilamiz”, deydi
Bu o‘rinda xalqaro OAV, xususan “Axios” nashrining Kiyevdagi muzokaralarda qatnashgan manbalarga tayanib bergan xabarlari ham e’tiborga loyiq. Nashr manbasiga ko‘ra, Kushner va Uitkoff tomonlar bilan “yangilangan” tinchlik taklifi ustida ishlash niyatida va “Agar barcha manfaatdor tomonlar tegishli qadamni tashlashsa, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin”
Xalqaro manbalar hamda yetakchi tahlil markazlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy tomonidan tayyorlanayotgan bu kabi “tinchlik paketi” va “yangilangan takliflar” zamirida nafaqat harbiy harakatlarni to‘xtatish, balki Vashingtonning mintaqadagi o‘z iqtisodiy va geosiyosiy mavqeini saqlab qolish istagi ham yotibdi. Ikki tomonni bir stol atrofiga o‘tqazishga bo‘lgan bunday shoshilinch urinishlar ortida AQSH ichki siyosiy kun tartibi hamda bo‘lajak saylovlar oldidan keskin tashqi siyosiy g‘alabani ko‘zlash niyati yo‘q emas. Vashington vositachilarining optimist bayonotlari vaziyatni reallikdan ko‘ra, ko‘proq ko‘zbo‘yamachilik tomonga yetaklayotgandek. Kushner aytgan “ulkan salohiyat va manfaat” formulasi amalda qanday ishlaydi – buni vaqt va diplomatik savdolarning keyingi bosqichi ko‘rsatadi.
Xalqaro tahlilchilarning fikricha, Tramp vakillarining ushbu tashrifi ko‘proq geosiyosiy spektaklni eslatadi. Bir tomonda – jang maydonida ustunligini iddao qilib shartlaridan chekinmayotgan Moskva, ikkinchi tomonda – harbiy harakatlarni saqlagan holda diplomatiyada pozitsiyasini boy bermaslikka urinayotgan Kiyev turibdi. Poytaxtlar uchun e’lon qilingan vaqtinchalik “havo sukunati” hamda Uitkoffning maqtovlari fonida Ryazandagi neft zavodining yonishi va Rostovdagi portlashlar ushbu urushni faqatgina balandparvoz bayonotlar yoki diplomatik tashriflar bilan to‘xtatib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Real voqelikni xolis baholasak, tomonlar hozircha tinchlikka emas, balki muzokaralar stolida maksimal bosim o‘tkazishga urinyapti deyishimiz mumkin.
Live
Barchasi