Tramp Eronning tinchlik taklifini rad etdi – WSJ

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va mintaqadagi janglarni yetti kun ichida to‘xtatishni nazarda tutgan tinchlik taklifini rad etdi. Bu haqda “The Wall Street Journal” AQSH rasmiylariga tayanib, xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp yordamchilariga joriy yil noyabrdagi AQSH Kongressi oraliq saylovlaridan keyin Eronni bombardimon qilishni qayta boshlashini kutayotganini aytgan. Biroq uning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarishi mumkinligi ham qayd etilgan.

Eron o‘z taklifini BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida Nyu-Yorkda ilgari surgan. Tehron rejasiga ko‘ra, AQSH Eron portlariga qo‘ygan blokadasini bekor qilishi evaziga Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochishi va mintaqadagi harbiy harakatlar to‘xtatilishi kerak.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, taklif Qatar vositachiligi orqali AQSHga yetkazilgan. Uning ta’kidlashicha, Vashington kelishuvga jiddiy yondashsa, Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun barcha shartlar tayyor.

Aroqchiga ko‘ra, kelishuv qabul qilingan taqdirda yetti kunlik muddat boshlanadi va shu davr yakunida Hormuz bo‘g‘ozi ochiladi hamda mintaqadagi janglar to‘xtaydi. Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro kelishilgan masalalar, jumladan, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kengroq muzokaralarni boshlashi mumkin.

Eron taklifining bir qismi sifatida AQSHdan Eron portlariga nisbatan blokadani bekor qilish, mamlakatning muzlatilgan mablag‘larini ozod qilish va Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish ham so‘ralgan.

Shu bilan birga, Eron rasmiylari yadroviy dastur bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini bildirgan. Reuters suhbatlashgan yuqori lavozimli Eron rasmiysi Tehron uran boyitish huquqidan voz kechmasligi va yuqori darajada boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqishga rozi bo‘lmasligini aytgan.

AQSH rasmiysi esa avvalroq Vashington va Tehron vositachilar orqali “ijobiy va konstruktiv” muzokaralar olib borayotganini bildirgan edi. Biroq “The Wall Street Journal” manbalariga ko‘ra, Tramp Eron uning talablarini bajarishiga ishonch bilan qaramayapti.

Hormuz bo‘g‘ozi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga urinishlarda asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Urush boshlanishidan oldin mazkur strategik suv yo‘li orqali jahon neft va gaz tashishining qariyb beshdan bir qismi amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, mamlakatni “yo‘q qilishi” mumkinligini aytgan, biroq BMT Bosh assambleyasi doirasida diplomatik muzokaralar davom etayotgani va kelishuv yaqin orada tuzilishi mumkinligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing