Tramp kelishuv bo‘lmasa, Eronni yo‘q qilish bilan tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, mamlakatni “yo‘q qilishi” mumkinligini aytdi, biroq BMT Bosh assambleyasi doirasida diplomatik muzokaralar davom etayotgani va kelishuv yaqin orada tuzilishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda Tramp kecha, 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasidagi nutqida so‘z ochdi.

Tramp nutq so‘zlar ekan, Eron bo‘yicha katta qaror qabul qilishi kerakligini aytgan.

“Eron bilan unga tiklanish va avvalgidan ancha kuchli mamlakatga aylanish imkonini beradigan kelishuv tuziladimi?.. Yoki men Islom Respublikasini yo‘q qilib, buni tezda amalga oshiramanmi, ularga yana odamlar va mamlakatlarni o‘ldirish hamda vayron qilish imkonini bermaymanmi?”, degan Tramp.

Eron Qurolli kuchlari Trampning BMTdagi bayonotlarini propaganda deb atagan. Harbiylar Eronning javobi “tajovuzkorlarga yanada og‘ir, vayron qiluvchi va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan zarbalar berishga to‘liq tayyor” ekanini bildirgan.

AQSHning maxsus vakili Stiv Vitkoff X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishicha, AQSH va Eron vakillari BMT Bosh assambleyasi doirasida vositachilar orqali uzoq muzokaralar olib borgan. Uning aytishicha, vositachilar kun davomida ikki tomon o‘rtasida qatnab turgan va ular o‘z ishini davom ettiradi. Vitkoff muzokaralar “konstruktiv va umidbaxsh” bo‘lishini kutayotganini bildirgan.

Tramp, shuningdek, Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu davlatlarning aksariyatida AQSHning yirik harbiy bazalari joylashgan bo‘lib, ular urush davomida Eron hujumlariga bir necha bor duch kelgan.

“Biz Eron bilan bog‘liq vaziyat 3 noyabrdagi oraliq saylovlardan keyin, balki undan ham oldin tugashi mumkin, deb o‘ylaymiz. Bilmayman. Bunday narsalarni hech qachon bilmaysiz”, degan Tramp mintaqaviy davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvda.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mojaroni yumshatishga bir necha oydan beri urinib kelayotgan Qatar Bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan uchrashgan. Eronning yuqori martabali rasmiysi “Reuters” agentligiga Tehron AQSH harbiy bosimni yumshatsa va Eron portlariga qo‘yilgan blokadani bekor qilsa, Hormuz bo‘g‘ozini bir necha kun ichida qayta ochishi mumkinligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSH tomonidan hujumlar qayta boshlangan taqdirda, yangi qurollarni qo‘llagan holda ilgari zarba berilmagan Amerika ob’ektlariga hujum qilishini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing