O‘zbekistondan Turkiyaga 100 nafar FVV xodimi yuborilyapti – Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi

Olam

Turkiyada ayni vaqtda og‘ir vaziyat. Mamlakatni favqulodda holat qurshab olgan. Sodir bo‘lgan zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar 1,5 ming nafardan ortdi. Qariyb 10 ming kishi jarohatlangan. Bu raqamlar har soatda o‘zgarib bormoqda. O‘zbekiston esa ayni vaziyatda Turkiyaga yordam qo‘lini cho‘zgan mamlakatlarning dastlabki qatoridan o‘rin oldi. Bu haqda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakili – elchi o‘rinbosari Alijon Aksoy bugun favqulodda holat bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

“Do‘st og‘ir kunda bilinadi. O‘zbekiston ham buni amalda ko‘rsatgan davlat bo‘ldi. Erta tongdan hozirga qadar O‘zbekiston rasmiylaridan kelayotgan ta’ziya maktublari bizga tasalli bo‘lmoqda”, deydi Alijon Aksoy.

Uning qayd etishicha, hozirgacha elchixonaga Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va boshqa rasmiylar ta’ziya maktublari yetib kelgan.  

“Ikki davlat rahbarlari telefon orqali muloqot qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev buyrug‘i bilan 100 kishilik qidiruv-qutqaruv jamoasi harbiy samolyotda Turkiyaning Adana shahriga boradi. 

45 dan oshiq davlatlardan yordam takliflari keldi. Ularning orasida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini uzatdi. Bu uchun alohida minnatdormiz”, deydi Elchixona rasmiysi. 

Uning qayd etishicha, Turkiya poytaxti Anqaradagi O‘zbekiston elchixonasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqtga qadar sodir bo‘lgan zilzilada O‘zbekiston fuqarosi vayronalar ostida qolmagan va halok bo‘lmagan. 

Shuningdek, elchi o‘rinbosari ayni vaziyatda qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi. 

“Bu falokatni boshdan o‘tkazgan o‘zbek xalqi yonimizda ekani uchun minnatdorlik bildiramiz. Turk millati sabrli va chidamli va tez kunlarda bu falokatni yengib o‘tamiz. Hammaga rahmat aytaman”, deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida mamlakatda 1541 nafar, qo‘shni Suriyada 800 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Jabrlanganlar soni minglab kishi. Dastlab, magnituda 7,4 deb baholangan, keyin Turkiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ko‘rsatkichga oydinlik kiritdi: u 7,7 ni tashkil qildi. Keyinroq Turkiyada 7,7 magnitudali yangi zilzila qayd etildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiyadagi zilzila Alijon Aksoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing