O‘layotgan sobiq Prezident, taqdiri mavhum 7 amaldor, soqqa qilayotgan Erdo‘g‘an, Serdarni ko‘ndirgan Sardor

Tahlil

Xalqda “kavushimni olgan bir kishi, gumondorim ming kishi” degan naql bor. Qish kelib, etimiz junjikib, qishloqlarni qo‘ying, poytaxti azim Toshkentda ham gaz va “svet” muammosi boshlanganidan keyin hamma birdan aybni bo‘ynidan soqit qilib, nobop ob-havo-yu ogohlantirmay kelgan qishga butun yukni ag‘dardi qo‘ydi. Tashkilotlarning rasmiy xabarlarida “kutilmaganda kelgan qish”, “ogohlantirmay kelgan sovuq kunlar” degan kulguli va ensa qotar darajada mantiqsiz gaplarni o‘qiy boshladik. Sizlarni bilmadim-u qish menga hech qachon SMS yuborib, “men kelyapman” demagan. Yoki yozda qor yog‘ib, ko‘chalar loyga botmagan, agar uni “kutilmaganda keldi” desak. Yo siz qishdan “men ertaga kelaman, kutib tur” degan xabar olganmisiz? 

Prezident aybdorlarni yashirmadi, ayamadi

Bekorga gapni qishning yonini olishdan boshlaganim yo‘q. Bechora qishning tili bo‘lsa-yu gapirsa: “Ha nomard o‘zing-ku yozi bo‘yi harakatingni qilmagan, gazni g‘amlamagan, “svet”ni qachon o‘chirib-yoqishning to‘g‘ri-tuzuk rejasini qilmagan. Endi yana meni yoqamga yopishasanmi? O‘ttiz yildan beri yopishib charchamadingmi”. Qish tilga kirmagani bor gap, ammo bugungi energetika inqirozlarida kimlar aybdorligini qish aytmasa ham aytadigan topildi. Yana kim kim, Prezident! 

15 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilish haftaning eng muhim voqeasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu yig‘ilishdan ko‘rindiki, har qaysi o‘zini o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, daxlsiz deb bilganlar Prezidentning nazaridan qochib kutulolmaydi. 

Yig‘ilishda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, “O‘zbekneftgaz” AJ raisi Mehriddin Abdullayev, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Farhod Abdurahmonov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ raisi Dadajon Isaqulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyev, “O‘ztransgaz” AJ raisi Bekzod Normatov, “Hududgazta’minot” AJ raisi Bahodir Eshmurodovga “hayfsan” berildi.

Prezident hayfsan bilan cheklanib qolgani yo‘q. Ularga ikki oylik qattiq ish rejmini tayinladi. Ha nima, hayfsanni olib, hech narsa bo‘lmagandek yuraverishadimi? Ishlab, xatolar va kamchiliklarni tuzatishsin, ana undan keyin ko‘ramiz ular o‘z lavozimiga loyiqmi yo noloyiq? To‘g‘rirog‘i, davlat rahbarining o‘zi ularning ishiga baho berishni va’da qildi. 

Haydovchilar bag‘riga urilgan shamol

“Dunyoda neftning narxi tushsa ham O‘zbekistonda benzin narxi oshaveradi”, derdi chorsulik taksist tanishim Abdusattor aka doim nolib. Abdusattor akaning o‘lganiga ikki to‘ldi. Bechora bu kunlarni ko‘rmay ketdi. Lekin ortidan farzandlari, nabiralari benzin narxi tushganini ko‘rib qoldi. Haydovchilarning kuygan bayriga shamoldek urilgan AI-80 markali benzindan aksiz solig‘i olib tashlashni nazarda tutuvchi qaror ham shu haftada imzolandi

Prezident tomonidan imzolangan “Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari  bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining  oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, joriy yilning 10 dekabridan 2023 yil 1 martiga qadar sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘i olib tashlanib, natijada AI-80 rusumli avtobenzin mahsulotining chakana narxi amaldagi narxlarga nisbatan o‘rtacha 8,7 foizga kamayishi, narx 5700 so‘mga tushishi kuzatildi. 

Putinning arazidan ham soqqa qilayotgan Erdo‘g‘an

Gaz bilan bog‘liq muammolar faqat O‘zbekistonda emas. Dunyoning manaman degan davlatlari ham gazsizlik va qimmat tariflardan aziyat chekmoqda. Jumladan Yevropa mamlakatlari ham. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa ayni vaziyatdan ham foydalanib, gaz orqali Turkiya g‘aznasini to‘ldirmoqchi. U Turkmaniston gazini yaqin inisi Ilhom Aliyev boshqarayotgan Ozarbayjon yordami bilan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaga olib kelib, keyin uni Yevropa bozoriga olib borib pullamoqchi. Ishni puxta qilganini qarang. Turkmanistonni boshqarayotgan ota-bola Berdimuhamedovlarga ham bu taklif moydek yoqib tushdi. 

14 noyabr kuni Turkmanboshida uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tdi. Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston birinchi uch tomonlama sammiti doirasida beshta kelishuv imzolandi. Bular savdo, fan, ta’lim, madaniyat, bojxona, energetika va transport sohalarida bo‘lib, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining aytishicha, Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston turkman tabiiy gazini yetkazib berish sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh tuzadi.

Turkiya Kaspiy dengizidagi “Do‘stlug‘” neft-gaz konini o‘zlashtirishda Turkmaniston va Ozarbayjon bilan ham hamkorlik qilishga, qolaversa, Anqara Turkmaniston va Ozarbayjon bilan Turkiyaga elektr energiyasi importi mavzusini muhokama qilishga tayyor.

Prezident Serdar Berdimuhamedovga ko‘ra, Turkmaniston va Ozarbayjondan Turkiyaga va undan keyin jahon bozorlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik ishonchlilik va xavfsizlik kafolatlariga asoslanishi kerak.

Erdo‘g‘an Turkmanistondan kayfiyati chog‘ bo‘lib qaytdi va samolyotda jurnalistlarga Energetika vazirligi rahbariga bir oy muddatda turkman tabiiy gazini Yevropaga eksport qilish masalasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi. Shuningdek, kelasi yil boshida Serdar Berdimuhamedov Turkiyaga davlat tashrifi bilan kelishini bildirdi. 

Shuningdek, Erdo‘g‘an nega aynan turkman gaziga qiziqib qolganini ham ochiqladi. Uning aytishicha, buning bosh “aybdor”i Putin. Rossiya Prezidenti Yevropaga gaz sotmaslik bilan tahdid qila boshlagach, Erdo‘g‘an Putin sotmasa “o‘zim sizlarga gaz yetkazib beraman, soqqasini kelishsak bo‘ldi”, degan yo‘lni tanlagan

O‘zbekiston uchun ham aslida turkman gazi begona emas. Bunga birozdan keyin qaytamiz. 

Istanbul hokimi Erdo‘g‘an kabi qamali mumkin

Turkiyadan uzoqlashmasak, mamlakat bu hafta ham siyosiy tebranishlar sabab diqqat markazida turibdi.  

Erdo‘g‘an Turkmanboshiga ketganida Istanbul sudi 14 dekabr kuni muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasidan bo‘lgan shahar meri Ekrem Imomo‘g‘li ishi bo‘yicha hukm chiqardi va uni Markaziy saylov komissiyasi vakillarini haqorat qilgani uchun ikki yilu yetti oyga ozodlikdan mahrum qildi. Hukm yuqori organ tomonidan tasdiqlansa, Imomo‘g‘li siyosiy faoliyatga 5 yillik taqiq qo‘yilgani sababli o‘z lavozimidan ayrilishi mumkin. 

Unga qarshi ish 2019 yilgi Istanbul hokimligi uchun o‘tkazilgan saylovlardan keyin qo‘zg‘atilgan. U o‘sha yili 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan nomzod va sobiq Bosh vazir Binali Yildirimga raqib bo‘ldi. Biroq, Yildirim va uning partiyasi shahar hokimligi uchun o‘tkazilgan saylov natijalarini rad etdi, MSK tomonidan bekor qilingan birinchi saylovda ham, 23 iyun kuni o‘tkazilgan ikkinchi tur saylovlarda ham Ekrem Imomo‘g‘li g‘alaba qozondi. Ayniqsa, ikkinchi turda yuqori ustunlik bilan muvaffaqiyatga erishdi.

Imomo‘g‘li saylovda g‘alaba qozongach, 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovni bekor qilganlarni "ahmoqlar" deb atadi.  

Sud hukmi e’lon qilingan kunning o‘zida 16 millionlik Istanbul aholisi vakillari shahar hokimligi binosi oldiga Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashga to‘plandi. Aksiya yirik mitingga aylanib, ertasi kuni ham davom davom etdi. 

Shuni alohida aytib o‘tish o‘rinliki, Turkiyani 2014 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Istanbul meri lavozimida faoliyat yuritgan vaqtida 10 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. 1997 yil 6 dekabrda u katta mitingda o‘qigan she’ri va nutqi ortidan ayblanib, aslida she’r bir bahona, 1999 yil 26 martda merlik lavozimidan bo‘shatilib, 10 oylik qamoqqa tashlangan. Biroq u 4 oy 10 kundan so‘ng, 1999 yilning 24 iyul kuni ozodlikka chiqqan. “Tak chto” Turkiyada merning qamalishi birinchisi emas.  

Dunyoda ro‘y berayotgan hech bir voqeaga aralashmay qolmaydigan AQSH Davlat departamenti Ekram Imomo‘g‘liga nisbatan sud qarori yuzasidan xavotir bildirib, sudning siyosiy faoliyatni taqiqlagan hukmidan hafsalasi pir bo‘lganini ma’lum qildi. Bayonotda qayd etilishicha, sud hukmi inson huquqlari, asosiy erkinliklari va qonun ustuvorligiga rioya qilishga zid. Davlat departamenti ushbu sud hukmini baholarkan, mamlakatda jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va siyosatchilarga ta’qiblar davom etayotganini urg‘uladi.

AQSH O‘zbekiston mustaqilligini tan oladi va yordam berishga tayyor

AQSH Davlat departamentining O‘zbekistondagi vaziyat bo‘yicha munosabati ham aynan tugayotgan haftada ma’lum bo‘ldi. Gap shundaki, shu hafta 12-14 dekabr kunlari Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHda bo‘lib qaytdi. Norovga o‘tmishdoshlari – sobiq Tashqi ishlar vazirlari Sodiq Safoyev va Abdulaziz Komilov hamrohlik qildi. 

Norov Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashib, OAVga qo‘shma bayonot berdi. Unga qayd etilishicha, AQSH O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiq.

Uchrashuvda Blinken Norovni AQSHda ko‘rib turganidan mamnunligini bildirar ekan, strategik hamkorlik bo‘yicha o‘tkaziladigan muloqot ikki tomon uchun birgalikda duch kelayotgan ko‘plab muammolar haqida eslatmalarni solishtirish uchun juda yaxshi va muhim imkoniyat bo‘lishini ta’kidlagan. U, shuningdek, O‘zbekistonni Qirg‘iziston bilan chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani uchun olqishlagan.

“O‘ylaymanki, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi ko‘pchilik uchun ushbu muammolarni hal qilishda diplomatiya imkoniyatlari muhimligi haqida kuchli signal beradi. Shuningdek,  islohotlar, jumladan, diniy erkinlik, majburiy mehnat bo‘yicha olib borilayotgan ishni ham qadrlayman”, degan Blinken.

Strategik sheriklik muloqoti yig‘ilishida delegatsiyalar ikki mamlakatda savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhitni saqlab qolishga qat’iyatli ekanliklarini bildirgan. Shuningdek, matbuot erkinligi, jurnalistlarni himoya qilish, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan. Bundan tashqari, Afg‘oniston bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni muhokama qilib, AQSH O‘zbekistonga gumanitar yordam ko‘rsatishdagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildirgan.

Berdimuhamedovni ko‘ndirgan Umurzoqov

Boyaroq O‘zbekistonda ham turkman gaziga bog‘liq yangilik borligini aytdim. Gapning sirasi endi keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov shu haftaning 12 dekabr kuni Ashxobodga borib, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga qo‘shimcha 20 mln kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha ko‘ndirib qaytdi. Faqatgina ko‘ndirish bilan cheklanmadi, kelishuvni qog‘ozga tushirib, imzo ham chektirib oldi. 

Umurzoqov va Berdimuhamedov imzolagan hujjaatga ko‘ra, Turkmaniston O‘zbekistonga qo‘shimcha ravishda kuniga 20 mln kub metr gaz (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) gaz berish vazifasini olgan. 

Prezident Administratsiyasidan aytishlaricha, agar bu loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda qish kunlarida yuzaga kelgan gaz muammosi to‘liq hal qilinishi mumkin.

O‘z yog‘iga qovurilayotgan Qirg‘iziston

Dunyo bo‘ylab gaz va “svet” muammosi og‘irlashib borayotgan bir paytda Qirg‘iziston o‘z yog‘iga o‘zi qovurilyapti. Mamlakatdagi barcha maktablar va bolalar bog‘chalari o‘tkir respirator virusli infeksiya sabab yopildi. Ta’lim va fan vazirligining ma’lum qilishicha, barcha maktablarda darslar 24 dekabrgacha onlayn rejimda o‘tkaziladi

“Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir yuqumli kasalliklar tarqalishining eng yuqori cho‘qqisi. Kasallikning kuchayishi munosabati bilan biz respublikadagi barcha maktablarni onlayn ta’limga o‘tkazyapmiz”, degan Ta’lim va fan vaziri o‘rinbosarni Nodira Jusupbekova.

Xo‘sh, maktablar yopilishigacha olib boradigan jiddiy sabab bormi, deysizmi? Bor, albatta. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, oktyabr oyidan buyon mamlakatda 118 ta holatda cho‘chqa grippi aniqlangan.

Bishkek, O‘sh va To‘qmoq shaharlarida og‘ir o‘tkir respirator infeksiyalar va grippga o‘xshash kasalliklarni epidemiologik nazorat qilish davom etmoqda.

Aripovdan “hayfsan” olgan Toshqulov

O‘zimizda esa ta’lim vazirlari “hayfsan” olish bilan band. Gap shundaki, tugayotgan haftaning 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi rayosat majlisida Oliy va kasb-hunar ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va 2023 yilgi asosiy vazifalar ham muhokama qilingan. Unda Bosh vazir Abdulla Aripov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovga bir qator tizimli kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etmagani uchun “hayfsan” bergan.

Toshqulov aynan qanday kamchilikka yo‘l qo‘ygani ma’lum emas. 

Shuningdek, ushbu yig‘ilishda byudjet tashkilotlarida Yangi yil bayrami korporativ tadbirlarini o‘tkazish va ziyofat tashkil etish taqiqlandi.
Bosh vazir Abdulla Aripov barcha turdagi davlat tashkilotlari va hokimliklarga byudjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan korporativ yig‘ilishlarni tashkil etish, bayram dasturxonini yozish va mushakbozlik uyushtirishga “zapret” qo‘ygan. 

Lochin yo‘lagi to‘sib qo‘yildi

12 dekabr kuni Xonkendini Armaniston bilan bog‘lovchi Lochin yo‘lagida, Shusha-Xonkendi avtomagistralining Rossiya harbiylari vaqtincha nazorati ostidagi qismida ozarbayjonlik ekologik faollar va nohukumat tashkilotlar vakillari tashabbusi bilan norozilik aksiyasi boshlandi. Aksiya bir haftadirki, davom etmoqda. 

Faollar Armanistonni ekologik terrorda ayblab, konlardan noqonuniy foydalanishga qarshi shiorlar aytmoqda, shuningdek, Qorabog‘dagi Rossiya harbiy kontingenti qo‘mondoni Andrey Volkov bilan uchrashishni talab qilmoqda. Aksiya ishtirokchilari soni ortib bormoqda. Ular avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan va talablari bajarilmaguncha hududni tark etmoqchi emas. 

Namoyishlar 11 dekabr kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga Ozarbayjon hududida vaqtincha joylashgan Rossiya harbiy kontingenti faoliyati munosabati bilan norozilik notasini topshirganidan keyin boshlandi. Nota ozarbayjonlik ekspertlar guruhi rossiyalik harbiylar vaqtincha joylashtirilgan hududlardagi ekologik vaziyatni kuzata olmagani, to‘g‘rirog‘i hududga kiritilmagani ortidan topshirilgan.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon Lochin yo‘lagini to‘sib, gaz ta’minotini to‘xtatib qo‘ygani, bu esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘da gumanitar inqirozga sabab bo‘lganini aytib chiqdi. U, shuningdek, Bakuni Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ymaslikka chaqirgan barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirdi, ayrim do‘st davlatlar sukut saqlayotganidan hayratda ekanini tilga oldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antunio Guterrish esa Lochin yo‘lagidagi vaziyatdan xavotir bildirdi va tomonlarni harakat erkinligini ta’minlashga chaqirdi.

Minada portlagan harbiylar 

Ozar-arman masalasi va Qorabog‘ mojarosidan uzoqlashmaymiz. Chunki shu haftaning 14 dekabr kuni Ozarbayjonning Armaniston bilan chegaradosh Kalbajar viloyatida piyodalarga qarshi o‘rnatilgan mina portlab, sakkiz kishi, jumladan, to‘rt nafar harbiy xizmatchi jarohatlandi. Ulardan biri vafot etdi.

Jarohatlanganlarning to‘rt nafari Qalbajar tumani Chirag‘ qishlog‘ida ta’mirlash-qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya xodimlaridir. Bundan tashqari, voqea joyiga jo‘natilgan to‘rt nafar harbiy xizmatchi minada portlagan, ulardan biri halok bo‘lgan.

Ozarbayjon Qorabog‘da davom etgan qariyb 30 yillik arman istilosi davrida Yerevan hududlarni to‘liq minalashtirgani va hamon portlovchi moddalar joylashtirilgan yerlar xaritasini bermay kelayotganini da’vo qiladi. Rasmiy Baku joriy yilning avgust oyidan buyon Armaniston-Ozarbayjon chegarasining Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida 1119 ta, Qorabog‘ iqtisodiy rayoni hududida 1609 ta mina topilgani va zararsizlantirilganini ma’lum qilgan.

Erdo‘g‘anning kuyovi urush maydoniga yangi qiruvchini kiritdi

Aynan 2020 yildagi Qorabog‘ urushida Ozarbayjonning qo‘li baland kelishida katta hissa qo‘shgan Bayraktar dronlari muallifi – Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor dunyo urush maydoniga yangi qiruvchi samolyotni kiritdi. Turk tilida “Kızılelma” – Qizil olma nomini olgan ushbu uchoq sinovi shu haftada muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 

“Bayraktar Kızılelma”ning 18 daqiqa davom etgan ilk parvozi turk aviatsiya tarixida yangi davrni ochgani aytilmoqda.  

“Bayraktar Kızılelma” loyihasiga 2021 yilda start berilgan edi. Og‘irligi 6 tonna bo‘lgan samolyot 1,5 tonna foydali yukni ko‘tara oladi. U Turkiyada ishlab chiqarilgan AESA  radar tizimi bilan jihozlangan.  

Samolyotning ilk ko‘rgazmali parvozi 2023 yilga mo‘ljallangan, o‘shanda Turkiya respublikaning 100 yilligini keng nishonlaydi.  

Rossiya terrorizm homiysi 

Polsha parlamentining quyi palatasi (Seym) 14 dekabr kuni Rossiyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat sifatida tan olish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Unga 231 deputat ovoz berdi, 226 deputat ovoz berishda qatnashmadi.

Rezolyutsiya matnida 2014 yil iyulida Malayziya havo yo‘llari samolyotining halokatga uchrashi va 2010 yil aprelida Smolensk yaqinida Polsha hukumati laynerining halokatga uchrashi uchun Rossiya bevosita javobgar ekani qayd etilgan. 

Seym rezolyutsiyasi joriy ichki yoki tashqi voqealar bo‘yicha parlament o‘z fikrini bildirishning ramziy, majburiy bo‘lmagan shaklidir. Bu normativ akt emas. Qoidaga ko‘ra, bunday qarorlar hukumatning harakatlarini qo‘llab-quvvatlash yoki hokimiyat e’tiborini biron bir muammoga jalb qilish uchun ishlab chiqiladi.

“O‘layotgan” Saakashvilining so‘nggi ilinji

Olti yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga maktub yo‘lladi. Unda Saakashvili Fransiya rahbaridan yordam so‘raydi va o‘layotganini, vaqti kamligini qayd etadi. 

“Men butun umrim davomida Gruziya va Ukrainada erkinlik va islohotlar uchun kurashdim, Rossiyaning imperialistik siyosatiga qarshi chiqdim. Putin meni o‘zining ashaddiy dushmanlaridan biri deb biladi. U omma oldida meni o‘ldirishga va’da berdi. Hozir men uning shaxsiy mahbuslaridan biri sifatida qamoqdaman. Toksikologlar meni qamoqxonada zaharlangan, degan xulosaga kelishdi”, deyiladi maktubda. 

U Makron va Fransiya xalqining yordamiga umid qilishini yozgan.

Saakashvili 2004-2013 yillarda ketma-ket ikki muddat Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Keyinchalik u Ukrainada ham turli lavozimlarda ishlagan. Ammo Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko bilan munosabatlari buzulishi natijasida unga berilgan ukrain pasporti bekor qilingan. Vladimir Zelenskiy Prezidentlikka saylangach, Saakashviliga Ukraina fuqaroligi qaytarib berildi.  2021 yilning sentyabr oyida u Gruziyaga qaytib keldi va hibsga olindi.

Rossiya va rossiyaliklar yana qora ro‘yxatda

16 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi o‘zining qora ro‘yxatiga Rossiyaning 141 jismoniy va 49 yuridik shaxsini, jumladan, Rossiya vazirlari, gubernatorlari, sudyalari, Davlat Dumasi deputatlari, san’atkorlar va boshlovchilarni, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining beshta siyosiy partiyasini, jumladan, Birlashgan Rossiya, Rossiya Liberal-demokratik partiyasi, Adolatli Rossiyani kiritdi.

Ro‘yxatda qo‘shiqchi Grigoriy Leps, bloger Dmitriy Puchkov, rejissyor Nikita Mixalkov, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qizlari – Ayshat va Karina, shuningdek, uning amakivachchasiham bor.

Yangi sanksiyalar paketi doirasida Yevropa Ittifoqi Yevropa bizneslariga yangi korxonalarni sotib olishni yoki Rossiya Federatsiyasining energetika sektorida ishtirok etuvchi kompaniyalarning mavjud aksiyalarini oshirishni taqiqladi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

216

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing