Zo‘ravonlikka qarshi kurashganimiz bilan, arzigulik o‘zgarish bo‘lgani yo‘q – Saida Mirziyoyeva (video)
Jamiyat
−
06 dekabr 2022
11536Jamiyatimizning aksariyat qismi – an’analarni qonunlardan ustun qo‘yadi. Bizning zaif tomonimiz aynan shunda. Bu haqda bugun, 6 dekabr kuni “Zo‘ravonlikka qarshi kurashish” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada, Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva aytib o‘tdi.
U o‘tgan yetti yilda eng ko‘p ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusi muhokama qilinganini aytarkan, har qancha harakat qilinmasin, xorijiy hamkorlar bilan ishlar, o‘rganishlar olib borilmasin, bu borada hali biron-bir arzigulik o‘zgarish bo‘lmaganini ham yashirmadi.
“Agar mendan, so‘nggi yetti yil ichida jamoangiz bilan qaysi muammoni eng ko‘p muhokama qilgansiz, deb so‘ralsa, hech ikkilanmasdan, tengsizlik va zo‘ravonlik masalalari, degan bo‘lar edim. Muammolarning sababini o‘rganyapmiz. Lekin barcha harakatlarga qaramay, bu borada hali biron-bir arzigulik o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, nazarimda.
Gender tenglik va resurslardan barobar foydalanish har qanday farovon jamiyatning asosidir. Afsuski, jamiyatimizning aksariyat qismi an’analarni qonunlardan ustun qo‘yadi. Bizning zaif tomonimiz aynan shundadir”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Joriy yilning 14 noyabr kuni Prezident Administratsiyasida ish boshlagan Mirziyoyevaga ko‘ra, lavozimga kirishganining ilk kunlaridan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikni o‘rganishni boshlagan. Uning aytishicha, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga faqat ayollar emas, birinchi navbatda davlatning o‘zi qarshi ekaniga urg‘u berish lozim. Shuningdek, Saida Mirziyoyeva voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Yangi lavozimga kelishim bilanoq, avvalo, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikni o‘rgana boshladim. Barcha qonunlarimiz tenglikka asoslangan, lekin biz zo‘ravonlikka nisbatan juda sabrlimiz. Menimcha, endilikda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning o‘zi qarshi ekaniga urg‘u berishimiz lozim.
Oiladagi zo‘ravonlik faqat bir oilaning ichki ishi emas, bu muammo, mas’uliyat butun jamiyatga tegishlidir. Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak.
Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Bu borada bolalar va o‘smirlarni himoya qilishning aniq va qat’iy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim.
Oiladagi zo‘ravonlikni rosmana “jinoyat” deb baholash vaqti keldi. Zo‘ravonlikka qarshi kurashning barcha bosqichlarida to‘laqonli ishlaydigan mexanizmni yaratish zarur. Bu esa hamma tegishli idora va vazirliklar, shuningdek, nodavlat sektorlar hamda ommaviy axborot vositalarining birgalikdagi faoliyatini talab etadi”, deydi Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri.
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusini yoritish masalasiga to‘xtalgan Mirziyoyeva Ommaviy axborot vositalari ayollarning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida eskirgan, odamlar ongini zaharlaydigan dasturlarini qayta-qayta taqdim etishi, ayolni zulm qurboni, baxtsiz, omi yoki ezilgan shaxs sifatida ko‘rsatishi ortidan yaxshi natijaga erishib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.
“Ommaviy axborot vositalari ayollarning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida eskirgan, odamlar ongini zaharlaydigan dasturlarni qayta-qayta taqdim qilaverar ekan, ayollar haqida so‘z ketganda, ularni doimiy ravishda zulm qurboni, baxtsiz, omi va hayotda ezilgan shaxs sifatida ko‘rsatar ekan, biz jamiyatning o‘zgarishiga ham, g‘oyalarimizni qo‘llab-quvvatlanishiga ham umid qila olmaymiz.
Ayollar va bolalarning manfaatlari e’tibordan chetda qolib, ular vaziyatning zaif va nochor qurboni tarzida namoyon qilinar ekan, rivojlangan, madaniyatli va sog‘lom jamiyatni barpo etish haqida orzu qilmasak ham bo‘ladi.
Biz shu kungacha xotin-qizlarning ta’lim olishiga, ayollarni psixologik hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirdik. Lekin bu uzoq va murakkab yo‘ldir. Hammamiz ham rivojlangan jamiyatda yashashni xohlaymiz. Shunday ekan, bu jarayonga har bir yurtdoshimizni jalb etish vaqti keldi. Rivojlangan jamiyat rivojlangan ong va o‘zaro tenglikdan boshlanadi. Aynan bizning avlod bu uzundan-uzoq yo‘lning eng og‘ir qismini bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Barchamiz kuchlarimizni birlashtirish vaqti yetdi!”, deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyeva.
LiveBarchasi