Diplom bor, ish-chi? Bitiruvchilarning qanchasi ishga joylashyapti?

Tahlil

Reklama
0:00

Diplom bor, lekin ishsiz sang‘ib yurish – bugun ko‘pchilikni qiynaydigan muammo. Har yili O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarini bir necha yuz minglab talabalar bitiradi. Hozir ular nima qilyapti? Nechtasi ishli bo‘lgan-u, oliy ma’lumotli ishsizlar qancha? Shu kabi savollar ko‘pchilikda paydo bo‘lishi tabiiy.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi rahbari esa bu savollarning barchasiga javob berdi. Ular bitiruvchilarning mehnat bozoriga chiqishi uchun qancha vaqt talab etilishi, ularning qaysi qismi barqaror bandligini saqlab qolishi va o‘rtacha oylik daromadlari qanday ekanini o‘rgangan. Va ilk bor yaratilgan “Bitiruvchilar sifat indeksi” bo‘yicha tahlillarni joriy yilning 26 avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillariga taqdim etdi.

Agentlik direktorining so‘zlariga ko‘ra, ushbu indeks 2025–2026 o‘quv yili bitiruvchilarining diplom olganiga bir yil bo‘lmagani uchun 170 ta OTMda tahsil olgan 2024–2025 o‘quv yili bitiruvchilarining 12 oylik ma’lumotlari orqali shakllantirilgan. yetti oy davomida ishlab chiqilgan indeksda 249 ming 432 nafar bitiruvchining natijalari tahlil qilingan. Xo‘sh, ma’lumotlar qanchalik ishonchli?

“Biz bu yerda faqat bitiruvchining band yoki band emasligini baholamaymiz. Jarayon har tomonlama va bir nechta ko‘rsatkichlar asosida amalga oshiriladi. Bir platformadagi ma’lumot to‘liq bo‘lmasa, boshqa platformalar orqali baribir aniqlashtirish imkoniyati mavjud. Chunki biz 10 tadan ortiq platformadagi ma’lumotlardan foydalanamiz.

Band bo‘lgan bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlarni, avvalo, Mehnat.uz – Yagona milliy mehnat tizimidan olamiz. Masalan, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt bitiruvchini ishga olsa, unga O‘zbekiston mehnat qonunchiligiga asosan, eng kamida 1 million 300 ming atrofida oylik tayinlashi kerak. Shu sababli bu jarayon tizimda qayd etilgan bo‘lsa, biz uchun bitiruvchi ish bilan ta’minlangan hisoblanadi.

Eng muhimi, ma’lumotlarni shakllantirish jarayonida inson omili deyarli ishtirok etmaydi. Masalan, soliq to‘lovlari va o‘rtacha oylik daromad haqidagi ma’lumotlar soliq tizimidan, bandlik va ish faoliyatiga oid ma’lumotlar esa Mehnat.uz tizimidan olinadi. Bundan tashqari, xorijga chiqib ketgan bitiruvchilar, o‘qishini davom ettirayotganlar ham alohida hisobga olinadi.

Shu sababli indeksni shakllantirishda foydalanilayotgan ma’lumotlar bir nechta mustaqil manbalardan olinadi va mening fikrimcha bu natijalarning ishonchliligini ta’minlaydi”, deydi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori.

Sifat indeksida oliy ma’lumotli yoshlarning respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik daromadi 4 mln 9 yuz ming so‘mni tashkil qilib, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich poytaxtda 6 mln 6 yuz ming so‘m ekanligi, Navoiy va Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 5 mln so‘mni tashkil qilishi va oliygohni tamomlaganlar ish topish uchun qancha vaqt sarflashi ham aks etgan.

“Eng tez ish topish ko‘rsatkichi Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. Bu hududda bitiruvchilar o‘rtacha bir oy-u yetti yoki sakkiz kun atrofida ish topgan. Oliy ta’lim muassasalari kesimida ham Qashqadaryodagi oliygohlarda bitiruvchilarning ish topish muddati o‘rtacha bir oy atrofida bo‘lgan. Eng uzoq muddat esa huquq sohasida kuzatildi – bu yo‘nalish bitiruvchilarining ish topishi o‘rtacha to‘rt oydan ortiq vaqtni tashkil etgan”, dedi Baxtiyor Yo‘ldoshov.

Ma’lum qilinishicha, diplomsiz ishsizlar bo‘yicha statistika, agentlik tomonidan shakllantirilmagan. Lekin, oliy ma’lumotli bo‘lgach xorijga ketgan bitiruvchilar bo‘yicha raqamlar aniq.

“Bizda bu masalada qiyinchilik bo‘ldi, chunki hamma ketayotgan odam ham hisobga olinmaydi, migrant sifatida alohida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Shuning uchun xorijga chiqqanining o‘zini katta bir yutuq deb bilamiz. Sababi, xorijga chiqdimi, o‘qish uchun ham, ishlash uchun ham u hech bo‘lmaganda o‘zini mustaqil yashab ketish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan bo‘ladi. Shuning uchun bu metodologiyada shunday qo‘llanildiki, o‘n ikki oy davomida uch oydan ko‘p vaqt xorijda bo‘lgan, qaytib kelmagan bitiruvchilar, ular yo o‘qishga ketgan, yo ishga ketgan deb toifalandi”, dedi agentlik rahbari.

“Bu ma’lumotlarni ham Ichki ishlar vazirligidan oldik. Bilasiz, har bir fuqaro pasport bilan xorijga chiqayotganida yoki mamlakatga qaytayotganida chegara nazoratidan o‘tadi va tegishli tartibda qayd etiladi. Bizga aynan bitiruvchilarning xorijga chiqishi va qaytishi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Ushbu ma’lumotlarni universitetlardagi talabalar haqidagi ma’lumotlar bilan solishtirganimizda hozirgi kunda 2 542 nafar bitiruvchining xorijga chiqib, mamlakatga qaytmagani aniqlandi. Ularning xorijga o‘qish yoki ishlash maqsadida ketgani taxmin qilinmoqda. Bu umumiy bitiruvchilar sonining qariyb bir foizini tashkil etadi”, dedi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktor o‘rinbosari.

Matbuot anjumanida bitiruvchi sifat indeksi nafaqat davlat, balki xususiy va xalqaro universitetlar natijalarini ham qamrab olgani ta’kidlandi.

Sardor Rahimboyevning so‘zlariga ko‘ra: “Bitiruvchilarning  211 587 nafari, ya’ni qariyb 85 foizi davlat ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari hisoblanadi. 12,7 foizi nodavlat ta’lim tashkilotlarini, 6 ming 100 nafari esa xorijiy universitetlarni tamomlagan bitiruvchilardir.

Respublika bo‘yicha bitiruvchilar indeksining o‘rtacha ko‘rsatkichi 53,4 ni tashkil etadi. Mulkchilik shakli bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, xorijiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining o‘rtacha ko‘rsatkichi 58,7, nodavlat ta’lim tashkilotlariniki 55,1, davlat ta’lim tashkilotlariniki esa 53,4 ni tashkil qiladi.

Xuddi shuningdek, yosh ko‘rsatkichlari ham mulkchilik shakli bo‘yicha alohida tahlil qilingan.

Respublika bo‘yicha bitiruvchilarning ish topish muddati o‘rtacha ikki oy-u yigirma yetti kunni tashkil etadi. Nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari kesimida bu ko‘rsatkich ikki oy-u o‘n kun, davlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarida uch oy-u sakkiz kun, xorijiy universitetlar bitiruvchilarida esa ikki oy-u yigirma to‘qqiz kunni tashkil etadi.

Shuningdek, indeksning barcha boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham batafsil tahliliy sharhlar tayyorlangan”.

Shu bilan birga, sirtqi ta’lim bitiruvchilarining bandlik darajasi yuqori ekani va o‘zini o‘zi band qilganlarga indeksda Koeffitsiyent berilmagani aytildi. Xo‘sh, bunga sabab nima?

“Biz bu yerda alohida koeffitsiyent qo‘ymadik. Ya’ni kimdir shu yo‘l bilan, masalan, diplom berishni kechiktirish yoki boshqa shunga o‘xshash usullar orqali tizimni chetlab o‘tishi, rektorni esa sun’iy ravishda rag‘batlantirish holatlari bo‘lishini istamaymiz.

Talabani “o‘zingni o‘zing band qil, keyin diplom beraman” degan yondashuvga yo‘naltirmaslik uchun ham aynan shu tizimni joriy qildik. Endi tushunish kerakki, talaba o‘zini o‘zi band qilgani bilan masala hal bo‘lmaydi. Lekin asosiy maqsadimiz – shuni ko‘rsatishki, talaba faqatgina qandaydir rasmiy ko‘rsatkichni bajargani bilan ish bitmaydi. Yakunda real natija baribir ko‘rinadi”, dedi Yo‘ldoshov.

Ushbu indeks har yili yangilanishi rejalashtirilgan bo‘lib, kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq 4 ta toifaga ajratilgan OTMlari kesimida eng yaxshi natija qayd etgan jami 20 ta oliygoh rag‘batlantiriladi.

“Bizda baribir jazodan ko‘ra, rag‘bat mexanizmlarini ishlatish asosiy yo‘nalishlarimizdan biri. Shuning uchun ham davlatimiz rahbaridan universitetlarga rag‘bat bo‘ldiki, eng zo‘r 20 ta oliygohning Karera markaziga 500 million so‘m miqdorida rag‘batlantirish mablag‘i beriladi” deya ta’kidladi agentlik rahbari.

Anjuman davomida, jurnalistlar tomonidan “Biz faqat yuqori reytingdagi oliy ta’lim muassasalari haqida gapiryapmiz, lekin pastki reytingdan joy olgan oliy ta’lim muassasalariga qandaydir chora ko‘rish yoki bo‘lmasa ular bilan alohida ishlash ko‘zda tutilganmi?” deb savol berildi.

Mutaxassislar esa bu savolga quyidagicha javob berdi:

“Bizda risk tahlili degan yo‘nalish ham mavjud. Ya’ni, holat juda kritik darajaga keladigan bo‘lsa, tegishli oliy ta’lim muassasalarini akkreditatsiya jarayoniga jalb qilish orqali mavjud muammolarni aniqlash va jarayonni takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Bugungi kunda bizda kompleks va maxsus akkreditatsiya turlari mavjud. Kompleks akkreditatsiya – bu institutsional, ya’ni oliy ta’lim muassasasining har tomonlama baholanadigan va besh yilda bir marta o‘tkaziladigan akkreditatsiya jarayonidir.

Agar oliy ta’lim muassasasida natijalar kritik darajaga tushib qolsa, uni kompleks akkreditatsiyaga jalb qilamiz. Biroq bugungi kunda natijalar biz kutganimizdan ancha yaxshi. Haqiqatan ham, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi ko‘rinib turibdi.

Shu sababli, hozirgi kunda qandaydir alohida chora ko‘rishni rejalashtirmayapmiz”.

Ilk bor shakllantirilgan bitiruvchilar sifat indeksida bitiruvchilarning nechtasi mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot mavjud emas. Mas’ullarning aytishicha, ma’lumotlar aniq dalillarga asosan shakllanishi kerak. Ta’lim sifatida mulohazaga yo‘l qo‘yish xato. Bugungi kundagi raqamlashtirishimiz esa hali u darajaga yetib bormagan. Shuning uchun, bu ma’lumotlar shakllantirilmagan.

Xulosa qilib aytganda, bu indeks OTMlarini faqat diplom berish bilan cheklanib qolmasdan, bitiruvchining keyingi natijasiga ham e’tibor qaratishga undaydi. Talabalar uchun esa diplomning o‘zi emas, uni olgandan keyingi natija ham muhim ekanini ko‘rsatadi.

Bu qanchalik foyda berishini esa bir necha yildan keyin bilishimiz mumkin.

Jasmina Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing