Pokiston afg‘onistonlik talabalarni mamlakatdan haydayapti

Olam

image

Pokiston tibbiyot regulyatori mamlakatdagi tibbiyot va stomatologiya oliygohlarida tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalarni Afg‘onistonga qaytishga majbur qilmoqda. Bu haqda “Arab News” xabar berdi.

Pokiston Tibbiyot va stomatologiya kengashining joriy yilning 1 sentyabrdagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, mamlakatdagi tibbiyot va stomatologiya dasturlariga avvaldan qabul qilingan Afg‘oniston fuqarolari Pokistonni tark etishi kerak. Oliy ta’lim muassasalariga esa ularning ketishi uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish topshirilgan.

Shuningdek, joriy o‘quv yilida yangi afg‘onistonlik fuqarolarni qabul qilish, boshqa ta’lim muassasasiga o‘tkazish yoki ularga boshqa ko‘mak ko‘rsatish ham taqiqlangan.

Qayd etilishicha, Tibbiyot va stomatologiya kengashi Pokistondagi afg‘onistonlik tibbiyot va stomatologiya talabalarining aniq sonini ma’lum qilmagan. Shuningdek, o‘qishini yakunlash arafasidagi talabalar uchun istisno bor-yo‘qligi ham ochiqlanmagan.

Qaror Islomobod va Qobul o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan bir paytda qabul qilindi. Pokiston 2023 yil oxiridan beri afg‘onistonliklarni mamlakatdan chiqarish kampaniyasini olib bormoqda. Xalqaro Migratsiya Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil sentyabridan 2026 yil 31 iyuligacha 2,6 milliondan ortiq afg‘onistonlik Pokistondan Afg‘onistonga qaytgan.

Yangi ko‘rsatma esa cheklovlar endi faqat hujjatsiz migrantlarga emas, balki Pokistonda tibbiyot va stomatologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalarga ham tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston xavfsizlik kuchlari Pokiston – Afg‘oniston chegarasida quruqlik va havodan maxsus amaliyot o‘tkazib, kamida 29 nafar jangarini yo‘q qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing