Toshkentda qonga belangan “bemor” Tez yordam shifokori va haydovchisini do‘pposladi

Tahlil

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanida Tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetib bordi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Neyroxirurgiya bo‘limi mudiri Doniyor Isroilovning aytishicha, 16 oktyabr kuni ish vaqtida tan jarohati olgan "Tez yordam" haydovchisi shifoxonaga olib kelingan.

“1958 yilda tug‘ilgan bemor Hasan Ishmuhammedov 16 oktyabr kuni 21:25 da ish vaqtida tan jarohati olishi oqibatida shifoxonaga olib kelingan. Gap shundaki, bemor tez tibbiy yordam xizmati haydovchisi bo‘lib faoliyat olib boradi. Tez yordam xodimlari chaqiruv buyicha manzilga borgan. “103” ko‘chma brigadasi bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganda, fuqaro, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan shaxs, shifokorlarga kuch ishlatib, Tez yordam avtomashinasiga ham jiddiy zarar yetkazgan.

Bemor shifoxonaga olib kelinib, to‘liq tekshiruvdan o‘tkazildi. U “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. Hozirgi vaqtda bemorning ahvoli yaxshi va umumiy simptomlari kamaygan”, deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Neyroxirurgiya bo‘limi mudiri Doniyor Isroilov.

8 yildan buyon Tez yordam haydovchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Hasan Ishmuhammedovning aytishicha, bu holat birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Bundan bir necha yil avval ham bemorlar tomonidan kaltaklanishiga bir baxya qolib, qochishga ulgurgan. Unga ko‘ra, "103" xodimlari bemorlar yoki ularning qarindoshlari tomonidan kaltaklangan taqdirda ham, o‘zlarini himoya qilib, ularni urishga vakolati yo‘q.

“Tez tibbiy yordamga murojaat qilinganidan 12-13 daqiqa o‘tib, yetib bordik. Borganimizda 20-22 yoshlar atrofidagi yigitni qonga belangan ahvolda ko‘rdik. Bemorning ahvolini bilish uchun uning badaniga kerakli uskunalarni o‘rnatish kerak. Shifokor birinchi bo‘lib uning qo‘llarini yuvishni boshladi. Bemor o‘zidan-o‘zi “menga qaramaysanlarmi” deb baqirib, shifokor ayolni qorin sohasiga tepdi va shifokor o‘tirgan joyidan uzoqroqqa uchib tushdi.  Yana, “menga qaraysanlarmi", deb baqirib, tez tibbiy yordam mashinasining eshigini ochib-yopib, mashinani silkitishni boshladi. O‘sha vaqtda eshik uzilib ketdi, men ushlab qoldim. Eshikni daraxtga suyab qo‘yaman deganimda, tirsagi bilan boshimga urdi. Orqaga o‘girilganimda yo kalla qo‘ydi, yo musht tushirdi, xullas aniq anglolmadim. Yana bosh va og‘iz qisimlarimga ham shikast yetkazdi.

Feldsher yigitimiz "103" va ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qildi, ikki guruh ichki ishlar xodimlari bemorni IIBga olib ketishdi. Biz ham bordik, yozuv-chizuv qilgandan keyin shifoxnaga keldik”, deydi Hasan Ishmuhammedov

Oxirgi vaqtlarda tibbiyot xodimlari kaltaklangani haqidagi xabarlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Kimnidir otasi, kimnidir boshqa bir yaqiniga yordam berishni istagan shifokorlar ayrim mushtumzo‘rlar qurboni bo‘lyapti. Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov xalqqa murojaat qilib, “Tez yordam” xodimlariga tajovuz qilmaslikni iltimos qildi.

“Voqea joyiga borib yordam berish niyatida bo‘lgan xodimlarimiz tajovuzga uchradi. Shifokorimiz ayol kishi edi, u yengil tan jarohati oldi ambulator yordam ko‘rsatildi va o‘z faoliyatiga qaytdi. Feldsherning ham ahvoli yaxshi. Afsuski, Tez yordam haydovchisi og‘irroq jarohat olgani sababli shifoxonada qolmoqda.

Tez tibbiy yordam xodimlari chaqiruv bo‘yicha borgan vaqtda tajovuzga uchramoqda. So‘ngi bir haftada bu ikkinchi holat. Xodimlarimiz chaqiruvlarga borishda o‘zining hayoti va sog‘ligidan xavfsirab qolishgan. Men xalqimizdan qarata Tez yordam xodimlari borganda ularga tajovuz qilmasliglari, o‘zlarini qo‘lga olishlarini iltimos qilaman. Xalqimiz tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganda bizni chaqiradi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari ham borgan joylarida ishlarini sidqidildan bajarishga harakat qilishadi. Men Tez yordam xodimlari mehnatining qadriga yetishlarini iltimos qilaman”, deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov


Maqola muallifi

Teglar

103 Tezyordam

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing