SSSR ichidagi davlatcha emasmiz – Imomali Rahmon Putinni “tuzladi”

Olam

14 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada birinchi marta “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammiti o‘tkazildi.

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

Sammitda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan sobiq Ittifoq ichidagi davlatchadek siyosat olib bormaslikni iltimos qildi. Tojikiston Prezidentining bu chiqishi ijtimoiy tarmoqlarni portlatdi.

Tojikiston rahbari rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladigan, shunchaki gapirib, ma’lumot olib, o‘zini ko‘rsatadigan sammitlarning effekti yo‘qligini aytib, gap boshladi.

“Hurmatli Vladimir Vladimirovich, menimcha, bu (“Markaziy Osiyo – Rossiya” forumini o‘tkazish – tahr.) sizning tashabbusingiz. Biz rasmiyatchilik uchun yig‘ilishimiz kerak emas. Biz ochiqchasiga nimani xohlatganimizni aytishimiz kerak. Butun dunyoga Rossiya + Markaziy Osiyo ekanligini ko‘rsatishimiz kerak. Nima, bizda muammo bormi? Ko‘ryapmizki, haqiqatan bor.

Bu beshliklar allaqachon [jonga teggan]! Shunchaki gapirish, ma’lumot olish, ko‘zbo‘yamachilikning hech qanday samarasi yo‘q. Amerika + Markaziy Osiyo, Janubiy Koreya + Markaziy Osiyo, Yaponiya + Markaziy Osiyo. Yaqinda, ehtimol, Pokiston ham Markaziy Osiyo bilan, Hindiston Markaziy Osiyo bilan [uchrashadi]. Yana kim qoldi?

Biz siz bilan birga Sovet Ittifoqi parchalanganiga guvoh bo‘ldik. Hozirgidek kichik respublikalarga, mayda xalqlarga e’tibor yo‘qligining guvohi bo‘ldik. An’ana va urf-odatlar e’tiborga olinmagan. Ularning rivojlanishi qo‘llab-quvvatlanmagan”, deya hissiyotlarga to‘la nutqini boshladi Tojikiston rahbari.

Vladimir Putin doim Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvda ayni vaqtda Rossiyada qaysi davlatning qancha fuqarosi mehnat migranti sifatida bo‘lib turgani va shuning ortidan non topayotganini eslatadi. Jumladan Putin 13 oktyabr kuni Ostonada Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ham Tojikistonning 2 mln, Qirg‘izistonning 1 mln fuqarosi Rossiyada ishlash va yashash orqali ro‘zg‘or tebratayotganini qistirib o‘tdi. Yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvda miq etmagan Tojikiston Prezidenti 14 oktyabrdagi “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida jim turolmadi. Imomali Rahmonning aytishicha, aslida Rossiyada bo‘lib turgan tojikistonliklar 2 mlndan ko‘p. Lekin, ularning hammasi ham rus xalqi uchun xizmat qilayotgani yo‘q. Unga ko‘ra, Rossiyadagi 2 mlndan ortiq tojikistonliklarning 600 mingi ishlab, ro‘zg‘orini tebratyapti, qolganlari Rossiya orqali boshqa mamlakatga chiqib ketadiganlar. Bularning orasida Rossiyada o‘qib, davolanayotganlar ham bor. Shuningdek, Tojikiston raxbari, Rossiya sanksiyalar sabab ko‘plab davlatlar bilan avialoqadan uzilib qolgani ortidan tojikistonliklarning ham bu mamlakatga borishi 50 foizgacha qisqarishini ta’kidladi.

“Kecha siz ikki million (Rossiyadagi tojikistonlik migrantlar – tahr.) haqida gapirdingiz, sizga shuni aytmoqchi edimki, bu ikki million emas, Rossiyaga ikki milliondan ortiq fuqarolarimiz uchib ketyapti va faqatgina ishlash uchun emas. Ishlash uchun [ketayotganlar] 600 ming kishidan ko‘p emas. Siz (Rossiya – tahr.) orqali boshqa mamlakatlarga uchib ketadi. Kelgusi yil [oqim] 50 foizga kamayadi, chunki yo‘l yopiq, ular ucha olmaydi. Qolaversa (tojikistonliklar – tahr.) o‘qiyapti va davolanyapti”, deydi Tojikiston rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya oziq-ovqat sohasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilyapti va savdoni rivojlantiryapti, lekin buning evaziga teng munosabat ko‘rsatmayapti.

“Nega, Tojikistondagi qandaydir baxtsiz forumda, men Tashqi ishlar vazirligiga ko‘rsatmalar berdim, hatto siz bilan gaplashdim, ular hech bo‘lmaganda vazirlar darajasida bo‘lsin deb yolvorishimiz kerak? Yo‘q, vazir o‘rinbosarlari qatnashadi. Tojikiston shunga loyiqmi, strategik hamkor. Biz shunday qilyapmizmi? Biz 100-200 million kishi emasmiz. Lekin bizda tarix, madaniyat bor. Bizni hurmat qilishlarini xohlaymiz. Biz kambag‘al emasmiz. Biz boy mamlakatmiz, mineral resurslar zahiralari Mendeleyev davriy jadvaldagidan ko‘ra ko‘proq. 


Biz qayerda xato qildik? Biror joyda loyiqicha salomalashmadik? Biz har doim asosiy strategik hamkorimiz (Rossiya Federatsiyasi – tahr.) manfaatlarini hurmat qilganmiz. Biz hurmatga sazovor bo‘lishni xohlaymiz. Biz qandaydir begonamizmi? Bizga ko‘p pul sarflashning hojati yo‘q. Ha, milliardlab sarmoya kiritish kerak, lekin bu barcha sohalarda qisqa vaqt ichida o‘zini oqlaydi. Qolaversa mehnat migrantlarimiz sizga borishadi. Ishlashadi, shunchaki pul olishmaydi ular ishlashadi”, deydi Tojikiston rahbari.


Imomali Rahmon har bir davlatning o‘ziga xos muammolari, masalalari, an’ana va urf-odatlari borligini qayd etdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning qo‘shniligiga e’tibor qaratib, Putinga “bundan hech qayerga uzoqlasha olmaysiz” deb ta’kidladi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan sobiq Ittifoqdek siyosat olib bormaslikni iltimos qildi. 

“Vladimir Vladimirovich, men sizdan Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan sobiq Sovet Ittifoqi kabi siyosat yuritmasligingizni so‘rayman”, dedi Imomali Rahmon hissiyotlarga to‘lib.

Vaziyatni yumshatishga urungan cammit raisi Qosim-Jomart To‘qayev Rahmonga “betakror” nutqi uchun minnatdorlik bildirdi. U har bir uchrashuvda davlat rahbarlari Sovet Ittifoqini eslatishiga to‘xtaldi.

“Bu 30 yildan beri mavjud emas, uning qulashini hech birimiz uyushtirmadik. Ammo, boshqa tomondan, xolisona aytish kerakki, Sovet Ittifoqi avtonom respublikalar va milliy hududlarni rivojlantirishga munosib e’tibor bergan. Bu, ayniqsa, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida namoyon bo‘lgan Buni tan olish kerak”, dedi Qosim-Jomart To‘qayev.

Tojikiston Prezidentining aytganlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqdi. Twitter va Facebook’da uni olqishlab, jasoratini alqayotganlar minglab topiladi. Ammo jamoatchilik orasida boshqa savol ham paydo bo‘lyapti. Bu haqiqatan ham Imomali Rahmonning 28 yillik boshqaruv davrida to‘plagan tajribasi ortidan tug‘ilgan fikrlarmi yoki Markaziy Osiyo – Rossiya birinchi forumi uchun maxsus tayyorlangan, Sovet davrini eslatish va uning qudrati, o‘sha davrdagi yaxshiliklarini yana bir bor ong ostiga singdirishga qaratilgan spektaklmi? 


Maqola muallifi

Teglar

Putin Imomali Rahmon

Baholaganlar

627

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing