Saudiyani quvg‘indiga chiqargan Bayden bin Salmon bilan sovuq qarshilashadimi?

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoniga safari chog‘ida podshohlik valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon al-Saud bilan qo‘l berib salomlashmasligi mumkin. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining mujmal javobidan shunday xulosaga kelish mumkin.

Kirbi Bayden Saudiya shahzodasi bilan qo‘l berib so‘rashadimi, degan savolga aniq javob berishdan qochib, u davlatlar rahbarlari bilan turlicha salomlashayotganini aytgan.

“Bugun ko‘rdingizki, u [AQSH Prezidenti] samolyotdan tushganida, rahbarlar bilan turlicha salomlashdi. Ishonchim komilki, u rahbarlar bilan munosib salomlashadi”, degan Kirbi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Saudiya Arabistoni bilan “munosabatlarini qayta yo‘lga qo‘yishi” zarur va mazkur Yaqin Sharq davlati Vashingtonning “asosiy hamkori” hamda mintaqadagi yetakchi davlat hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, saylov kampaniyasi davomida Bayden Prezident bo‘lsa, 2018 yilda jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi munosabati bilan Saudiya Arabistonini “quvg‘indi davlat”ga aylantirishga va’da bergan edi.

“The New York Times” gazetasi Bayden Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida jurnalistning o‘ldirilishidan keyin keskinlashgan Vashington va Ar-Riyod o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash niyatida ekanini xabar qilgan edi.

Qoshiqchi ishi

Rasmiy Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchi 2018 yilda Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida o‘ldirib, jasadi bo‘laklab yo‘q qilingandi. Qoshiqchi 2 oktyabr kuni o‘z Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini tan olgan.

2021 yil fevral oyida AQSH Milliy razvedka boshqarmasi 2018 yilda tayyorlangan, ammo sobiq Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan jamoatchilikka e’lon qilinmagan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qatli bo‘yicha hisobotni e’lon qildi

Ushbu hisobotda Qoshiqchining o‘ldirilishini ma’qullagan shaxs Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ekani ko‘rsatilgan.

Qirollik Bosh prokuraturasining rasmiy vakili qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangani, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalganini ma’lum qildi. 

Rasmiy Anqara mazkur qotillik bo‘yicha sudni Saudiya Arabistonida emas, balki Qoshiqchi o‘ldirilgan Istanbulda tashkil etilishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ar-Riyodni jurnalistning qotilligiga aloqadorlarni ekstraditsiya qilishga chaqirdi.

2019 yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida ushbu ish bo‘yicha besh sudlanuvchi o‘limga hukm qilingan, yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan. Ushbu ishda jami 11 kishi jalb etilgan. 25 mart kuni Istanbul prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.

Joriy yilning aprel oyida Turkiya Adliya vazirligi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ishni Saudiya Arabistoniga o‘tkazishga qaror qildi.

Aytilishicha, Saudiya Arabistoni diplomatik missiyasidagi shov-shuvli qotillikka aloqador ishda 26 kishi ishtirok etmoqda. Tergov doirasida Saudiya Arabistonidan Qoshiqchini o‘ldirish uchun kelgan 15 kishidan sakkiz nafarining shaxsi aniqlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Jo Bayden

Baholaganlar

178

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing