2 tonnaga yaqin narkotik qanday yoqildi?

Jamiyat 4531

Avval xabar berganimizdek, bugun, 27 iyun kuni poytaxt Toshkentda O‘zbekistonga olib kirilgan va Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan 2 tonnaga yaqin giyohvandlik moddalari yo‘q qilindi.

“26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash” kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda jami 1 tonna 933 kg 695 gr giyohvandlik vositalari, shu jumladan 133 kg 713,5 gr geroin, 159 kg 478 gr opiy, 1 tn dan oshiq gashish, 300 kg 786 gr marixuana, 79 kg 842,5 gr ko‘knor, 247 kg 150,4 gr kannabis hamda turli xildagi psixotrop va psixofaol moddalar yoqib yuborildi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimi Mahliyo Valiqulovaning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda giyohvand moddalari Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘izistondan kirib kelmoqda.

“Giyohvandlik vositalariga qarshi kurashish global muammolardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonga asosan Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘izistondan kirib keladi. Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan 2021 yil hisobi bo‘yicha 823,5 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan. Shu bilan birga bugungi kunda tarkibida kuchli moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining notabiiy maqsadlardagi iste’moli ham kuzatilmoqda. Bu borada xizmat idoralari tomonidan 260 297 dona psixofaol dori vositalari musodara qilindi”, deydi DXX xodimi Mahliyo Valiqulova

IIV Matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Nilufar To‘raxonovaning ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Ichki ishlar vazirligi boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 6 801 ta jinoyatni aniqlagan.

“O‘zbekiston Respublikasiga giyohvandlik vositalarini kirib kelish va tarqalish kanallariga to‘siq qo‘yishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari ham jadallashtirilib, bu yo‘nalishda xorijiy huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik rivojlantirildi.

Natijada, 2021 yilda boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 6 801 ta jinoyat aniqlandi, noqonuniy muomaladan 1,5 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari olinib, umumiy ko‘rsatkichlar 20 foizga ko‘paydi.

Shundan 97 kilogramm geroin, 262 kilogramm opiy, 238 kilogramm gashish, 777 kilogramm marixuana, 72 kilogramm ko‘knor, 22 kilogramm nazorat ostidagi dori vositalari va 7 kilogramm sintetik giyohvandlik vositalarini tashkil etdi.

4 ming 200 kvadrat metrdan ortiq yer maydonida o‘sayotgan ko‘knor va kannabis o‘simliklari aniqlanib, yo‘q qilindi. Aholi, ayniqsa yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi profilaktik va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda”, Nilufar To‘raxonova

Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Husan Tangriyevning aytishicha, narkotik vositalarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tishga urinishlar kun sayin ortib bormoqda. Bojxonachilar ko‘zini shamg‘alat qiluvchi yashirin usullar ham murakkablashyapti. 

“Bugun keng jamoatchilik guvohligida yo‘q qilinayotgan 2 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalarining 530 kilogrammdan ortig‘i aynan respublikamiz bojxonachilari hissasiga to‘g‘ri keladi ya’ni bojxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davrida to‘xtatib qolingan. Agar 2022 yilning o‘tgan davriga qaraydigan bo‘lsak, salkam 560 kilogramm giyohvandlik vositalari bojxona xodimlari tomonidan turli tezkor tadbirlarda to‘xtatib qolindi. Lekin ayni shu muddatda o‘tgan yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘tgan yilning shu davrida 130 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolingan.

Narkotik vositalarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tishga urinishlar ortib bormoqda va mana shu urinishlar jarayonida bojxona xodimlarini chalg‘itishga qaratilgan usullar ham murakkablashyapti. Juda katta partiyada olib kirilayotgan giyohvandlik vositalarini kartoshka shaklida olib kirish yoki yuk avtotransport vositasida yashirin bo‘lmalar hosil qilib turli vositalarni yashirgan holda bojxona xodimlarini ko‘zini shamg‘alat qilishga urinishgan”, deydi Tangriyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995 yilning fevral oyida BMTning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash to‘g‘risidagi 1961, 1971 va 1988 yillardagi Konvensiyalariga qo‘shildi. 1999 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Feruza Najmiddinova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 15
Reyting: 3.4
t
×