“Yangi O‘zbekiston”dagi 30 yillik eski quvurlar yoxud O‘rikzorni nega suv bosdi?
Jamiyat
−
13 iyun 2022
6319Bugun, 13 iyun kuni Toshkentning “O‘rikzor” bozori ostidan o‘tgan issiq suv quvuri yorilishi oqibatida savdo majmuasining 800 m. kv. savdo pavilonlarini suv bosdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga voqea joyiga chiqqan mutasaddilar ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha suv quvuri yorilgan vaqtda fuqarolarga hech qanday zarar yetmagan. Hozirgi vaqtda hududda ishlayotgan “Toshissiqquvvati” DUK Uchtepa tumani bo‘limi bosh muhandisi Umid Sultonmurodovning tahririyat jurnalistiga ma’lum qilishicha, tekshiruv vaqtida bosim 7,8 darajaga chiqqanda qaytish quvuri yorilib ketgan.
“Bir yilda ikki marta yuqori bosimda quvurlarni tekshiramiz. 7,8 bosimga chiqqanida, qaytish quvuri yorilib ketdi. Soat 12:00 da “avariyniy” guruh texnikalar bilan yetib kelib, bartaraf etish choralari ko‘ryapmiz. Quvurlar oxirgi marta may oyida tekshirilgan edi. "Truba"larning eskirgani, korroziya holatlari sababli yorilib ketgan desa xam bo‘ladi.
"Truba"lar har 15 yilda almashtiriladi. Bu "truba" almashtirilganiga 30 yil bo‘lgan. Bosqichma-bosqich dastur bo‘yicha qo‘shilib, almashtirilib kelinmoqda.
“Yuqori bosimda tekshirishdan oldin “ma’lum vaqtda yuqori bosimda tekshiruv qilinadi”, deb bozorlarni ogohlantirib chiqamiz”, deydi “Toshissiqquvvati” DUK muhandisi.
Mutasaddining aytishicha, suv toshishi sabab zarar ko‘rgan asfalt qoplamasi “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan ta’mirlab beriladi. Bozorga ogohlantirish berilgani uchun ichki hududga yetkazilgan zarar bozor ma’muriyati tomonidan qoplanishi kerak. Uning qo‘shimcha qilishicha, tekshiruv shahar hokimiyati tomonidan tasdiqlangan jadval bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Muhandis Umid Sultonmurodov aytganidek, bozorqo‘mlar suv quvuri sinovidan ogohlantirilgan bo‘lsa, ular bu haqda tadbirkorlarga xabar berganmikan. Shu savolga javob topish uchun bozordagi bir nechta tadbirkorlar bilan muloqot qilganimizda ularning ko‘plari intervyu berishni istamadi. Kimlardir “xabarimiz bor” desa, ko‘plari “bilmasak” deb javob berib qutuldi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Azizbek Azimovning aytishicha, tadbirkorlar zarar ko‘rmagan. Biroq kamera ob’ektivi ivigan karton qutilar-u suv bosgan do‘konlarni ham xotirasiga muhrladi.
“O‘rikzor bozori hududida issiq suv ta’minoti korxonasi tomonidan profilaktika ishlari olib borilgan. Texnik nosozlik sababli suv yorilib ketdi. 800 m. kv maydonda suv toshgan va buni bartaraf qildik. Hozir bitta mashinaga zarar yetib, ichiga suv to‘planib qolgan. Buning zarari qoplab berildi. Ko‘rib turganingizdek, hokimiyat, FVV, issiq suv ta’minot korxonalarining hammasi shu yerda, qolaversa, bozorda faoliyat olib boradigan tadbirkorlar zarar ko‘rmagan”, deydi Uchtepa tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Azizbek Azimov.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15