Germaniya va Italiya kompaniyalariga Putinning yo‘rig‘iga yurishga ruxsat berildi
Olam
−
21 may 2022
16410Germaniya va Italiya Rossiya gazini Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda sotib olishni davom ettirish uchun o‘z kompaniyalariga rublda hisob raqam ochishga ruxsat berdi. Mamlakatlar Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralardan so‘ng, shunday bayonot bergan. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
“Rossiyaning xorijlik xaridorlarning gaz uchun to‘lovni rublda to‘lashi haqidagi talabi yuzasidan olib borilgan bahslar Yevropa hukumatlarining Ukrainadagi urush yuzasidan Moskvaga nisbatan qattiq pozitsiyani egallash qat’iyatini sinovdan o‘tkazdi”, deya yozadi nashr.
Finlyandiya, Bolgariya va Polsha gaz uchun to‘lovni rublda amalga oshirishdan bosh tortdi, shu sababli bu mamlakatlarga Rossiya gazini yetkazib berish to‘xtatildi. Biroq, hozirda hamma davlatlar ham Rossiya Federatsiyasidan gazni rad etishga tayyor emas.
Germaniya hukumati Yevropa komissiyasi bilan muloqotdan so‘ng, nemis importchilariga, sanksiyalarni buzmagan holda Rossiya gaziga to‘lov qilish uchun rublda hisob raqamlar ochishi mumkinligini ma’lum qilgan.
“Manbalarning aytishicha, mintaqada Rossiya gazining eng yirik importchisi bo‘lgan Germaniya bu masala bo‘yicha YeI bilan yaqin hamkorlikda izchil harakat qilgan”, deya qo‘shimcha qiladi “Reuters”.
Nashrning yozishicha, Italiya hukumati ham Yevropa komissiyasi bilan gaplashgan hamda Rossiya gazini qonuniy ravishda qanday sotib olish bo‘yicha tushuntirishlar olgan.
“Bu 17may kuni Italiyaning “Eni” energetika kompaniyasi ikkita hisob ochish tartibini (biri yevroda, ikkinchisi rublda) boshlaganini aytishdan avval sodir bo‘ldi”, deb yozadi “Reuters”.
O‘tgan hafta Italiya Bosh vaziri Mario Dragi o‘z mamlakati hali ham rus valyutasida hisob ochishi mumkinligi haqidagi ma’lumotga izoh berishdan bosh tortgandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 21 may kuni Rossiya talabi bajarilmagani sababli Finlyandiyaga rus gazi yetkazib berish to‘xtatildi.
Bundan oldin gaz uchun to‘lovni rublda amalga oshirmagani sababli Rossiyaning “Gazprom” energetika transmilliy kompaniyasi “Bulgargaz” (Bolgariya) va PGNiG (Polsha) kompaniyalariga gaz yetkazib berishni to‘xtatgandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi.
Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.
Joriy yilning 27 aprel kuni Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi Polsha va Bolgariyaga to‘lovni rublda amalga oshirmagani uchun gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi