Fitna, tuhmat va ig‘volarga javob. Sardor Rahimxon bilan eksklyuziv intervyu

Intervyu

“... kimki yaxshilik qilgan holida yuzini Allohga topshirsa, unga Robbi huzurda ajr bordur. Ularga xavf yo‘q va ular xafa ham bo‘lmaslar.”  Baqara surasi 112-oyat.

Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani. Ichimlik suvi yetib bormagan, gaz-ku anqoning urug‘i bo‘lgan 1,5 gektarlik sayhonlikda mo‘’jaz mahalla bunyod bo‘ladiki, u yerdagi uylarda yetim bolalar yashaydi, uylar esa poytaxtdagi badavlat oilalarnikidan kam bo‘lmaydi deb bundan 9 oy oldin aytishganda, ishonib bo‘lmasdi. Ushbu savob me’mori Sardor Rahimxonga ham ishonmaganlar talay edi. Udddasidan chiqmasligini kutganlar ham, albatta. Uylar bitdi. 30 oila uyli bo‘ldi. 105 bola ko‘chada qolmadi. 

“Yurak amri” xayriya jamoat fondining “Jannatdagi qasrlar” 25+ loyihasi  asosida 9 oy oldin hashar yo‘li bilan qurilishi boshlangan va ko‘pchilikni savobli amal qilishga undagan 30 ta xonadan qurib bitkazildi. 30 oila uyli bo‘ldi. 105 bola ko‘chada qolmadi.

O‘zbekistonda ayni pandemiya davri boshlangan, xalqning boshiga sinovli kunlar tushgan bir paytda Sardor Rahimxon Prezident Shavkat Mirziyoyevning chaqirig‘idan ruhlanib, “Yurak amri” loyihasiga asos solgandi. Bugun ushbu fond ko‘pchilikning dardiga malham topuvchi maskanga aylandi. 

Biz Bo‘ka tumaniga borib, “25+” loyihasi asosida qurilgan uylar bilan tanishdik. Loyiha muallifi Sardor Rahimxon bilan eksklyuziv suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldik. 

Ushbu videointervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sardor Rahimxon, "Yurak amri" xayriya jamoat fondi asoschisi: 

Oziq-ovqat tarqatishdan boshlaganmiz. Asl sababi, vijdon yo‘l qo‘ymagan edi. Keyin sekin-sekin pandemiya cho‘zildi. Viloyatlarga, qishloqlarga chiqqanimizda, o‘rgansak, muammoning ko‘lami katta. Uning yechimini faqat oziq-ovqat tarqatish bilan izlab bo‘lmas ekan. Ularning muammosini tubdan hal qilib, yordam berib, hayotini, turmush tarzini  yaxshi tarafga o‘zgartirib, haqiqatan jo‘yali, amalda natija qilish kerak ekan, degan xulosaga keldik. Undan keyin, sekin- sekin loyihamiz katta bir fondga aylandi. Faoliyat yuritayotganimizga ikki yildan oshdi. Alhamdulillah, niyat va maqsadlarimizga yetyapmiz.

Loyiha muallifining so‘zlariga ko‘ra, turmush tarzimiz va atrofimizdagi muammolar va biz duch keladigan to‘siqlarning yechimi birdamlik va insonlarning ahilligidadir. 

S.R.: — Biz hokimiyatdan, davlatdan, yurtboshidan talab qilishga o‘rganib qolganmiz. Noliganimiz noligan. Lekin aslida, mana shu “25+”, “60 kabutar”, “Yurak amri” loyihalari bo‘ladimi, bularning hammasi muammoni odamlarning o‘zi ham yechishi mumkinligini isbotlab berdi. Agar ozgina xohlasa, muammoni odamlarning o‘zlari yechsa ham bo‘lar ekan-ku. Bir-biriga e’tiborli, oqibatli bo‘lsa, ozgina nafsini tiysa, Alloh berganidan ozgina bo‘lishsa... Bo‘lar ekan-ku. Chunki, yashashdan maqsad ham yaxshilik qilish-ku axir. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lganidan, bir-birini unutganidan, bir-biriga befarq bo‘lganidan keyin, muammo bo‘lmasa, nima bo‘lishi kerak? U joyda barokat bo‘lmaydi-da.

9 oyda bir farzand dunyoga  kelib yorug‘ olamni ko‘radi. Qurilishda mehnat qilgan ko‘ngilli va chin dildan ehsonini ayamagan insonlarning ko‘magi bilan 9 oy ichida muhtoj insonlar uchun 30 ta xonadon qurib bitkazildi. “Jannatdagi qasrlar” loyihasi minglab insonlarni bir joyga jamladi. 

S.R.: — Shunchaki, Toshkentdan bir soat uzoqlikdagi masofada joylashgan Bo‘kaning oddiy, yassi bir joyi – dalada na “svet”, na gaz, na kanalizatsiya, na suv bor edi. Shu joyda to‘qqiz oylik mehnatning samarasi, xolis niyatda kelgan insonlarning mehnati, hashari, ehsoni, mehr-oqibati bilan bir shaharcha bunyod bo‘ldi. Alhamdulillah, qilsa bo‘lar ekan-ku. Nazarimda, bu xamir uchidan patir. Bu hali qilishimiz mumkin bo‘lgan ishlarning shunchaki debochasi, xolos. Bu 30 ta uy. Hali zavodlar, fabrikalar, maktablar, universitetlar qursa, shaharlarni obod qilsa bo‘ladi. Insonlar mana shunday hamjihat, ahil, bir-biriga mehrli bo‘lib, hamma muammolardan chiqib ketishini bu loyiha isbotlab berdi. 

Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanida qurib bitkazilgan xonadonlarning yer maydoni tuman hokimligi tomonidan bepul ajratilgan. Xo‘sh, nima uchun “Jannatdagi qasrlar” loyihasini amalga oshirish uchun aynan  Bo‘ka tumani tanlangan edi? Suhbat davomida bu savolimizga ham javob topdik.

S.R.: — Birinchi kunimizdan to oxirigacha Bo‘ka tuman hokimiyati yonimizda “Nima yordam, nima qilaylik?”, deb kamarbasta bo‘lib turishdi. Baraka topishsin, juda yaxshi insonlar. Bo‘ka tumanini tanlaganimiz ham bejizga emas. Chunki, ikki yil davomida respublikamizda biz bormagan chekka qishloqlar qolmadi. O‘rganishimiz natijasida, o‘zimiz belgilab qo‘ygan og‘ir-og‘ir hududlar bor edi. Shulardan biri Toshkent viloyatidagi Bo‘ka tumani. Bu yerda kambag‘allar, miskinlar ko‘pligi uchun shu joyni tanlaganmiz. Bu yerdagi insonlarni bitta bitta Toshkentga olib borib ko‘chirgandan ko‘ra, yaxshisi shu joyning o‘zida bir katta loyiha qilaylikki, hammalarini shu yerga ko‘chirib olib kelaylik, degan niyatda loyiha paydo bo‘ldi. Har bitta uyimiz 2,5 sotixdan iborat. Boshida 3 sotix qilmoqchi edik. Uylarni ko‘paytirish uchun qisqartirdik. Boshida 25 ta uy qurilishi kerak edi. Keyin, “25+” nomi bilan 30 ta uy qurildi.

Qurib bitkazilgan xonadonlarga turli sabablarga ko‘ra turmush o‘rtog‘idan ayrilgan 30 nafar beva ayollar va ularning 105 nafar ota mehridan ayro, bolaligidan qiyinchilik ta’mini totib kelgan farzandlari joylashtirilgan.

S.R.: — “Muhtojga baliqni emas, baliq tutishni o‘rgatib, qarmoqni ber”, deyishadi-ku. Nazarimda bu loyiha shuning isboti bo‘lsa kerak. Maqsadimiz muammoni tag-tomiri bilan hal qilish. Masalan, ularga hozir oziq-ovqat olib kelib bersak, bir hafta, 10 kun qorni to‘q bo‘ladi. Lekin, muammosi yo‘q bo‘lmaydi. InshaAlloh bu farzandlarimizga o‘tib ketgan otalari o‘rnida ota bo‘laylik. Bular ham o‘zimizning bolalarimiz. Ertaga bularning orasida mana shu yurtning yonida kamarbasta bo‘lib turadigan katta olimlarimiz, sportchilarimiz, chempionlarimiz chiqsa, ajab emas. Qolaversa, shunday inson bo‘lmagan taqdirda ham, bu bizning insoniy burchimiz-ku. Hammamizdan qolib ketadigan dunyoda “Men o‘zi nima uchun  yashadim?”, degan savolga agar har bitta odam javob beradigan bo‘lsa, yaxshilik, saxovat qilsa, yetimning boshini silasa, kimningdir mushkulini oson qilsa, shu savolga javob topgan bo‘ladi.

Loyiha bir necha bosqichdan iborat  o‘lib, uning birinchi bosqichida 30 ta xonadon egalariga topshirildi. Endi navbat 100 o‘rinli zamonaviy bolalar bog‘chasi va 50 dan ziyod ayol ishlashi mumkin bo‘lgan tikuv sexiga. Shuningdek, sartaroshxona, novvoyxona, savdo do‘koni va boshqa ob’ektlar qurilishi ham rejalashtirilmoqda.

S.R.: — Ular faqatgina uy muammosidan xalos bo‘lishmaydi, balki hayotdagi boshqa muammolardan ham asta-asta chiqishadi. Maqsadimiz, bularni ishli qilish, bolalar bog‘chasida ilm-ma’rifat o‘rgatish. Kerak bo‘lsa, kasb hunarga o‘rgatish. Sport bilan hamohang bo‘lsin, degan ma’noda sport maydonchalarimiz qurilyapti. Bu katta loyiha. Xudo xohlasa, tez kunlarda ikkinchi bosqichda ham qolgan ob’ektlilarimizni topshirib, o‘ylagan maqsadlarimizga yetamiz, degan umiddamiz. 

Suhbat davomida “Yurak amri” xayriya jamoat fondining asoschisi Sardor Rahimxondan xonadon egalari qanday tanlov asosida saralanganini so‘radik.

S.R.: — Eng avvalo, ular yetim, voyaga yetmagan. Haqiqatan ijtimoiy himoyaga, yordamga muhtoj. Chunki, turmush o‘rtog‘i vafot etgandan keyin, baribir ayol kishi farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak. Agar u ro‘zg‘or tashvishi bilan yursa, bolalarning tarbiyasi oqsab qoladi. Shu ma’noda u xohlasangiz, xohlamasangiz, insonlarning ko‘magiga muhtoj. Mana shu ma’noda uysiz kambag‘allarni, shukr, sabr qilib o‘tirganlarni va mahallada yaxshi tarbiyaga ega bo‘lgan oilalarni tanladik. O‘ylaymanki, tanlovda adashganimiz yo‘q.

Biz ularga, qo‘ldan kelgancha, oziq-ovqatdan yordam berib turar edik. Lekin, uy haqida birortalarining xabari yo‘q edi. Video chiqqanida ham tomoshabinlarimiz ularni qanaqangi sharoitda yashab turishgani, qanaqangi holatdan bularni olib kelganimizni ko‘rishadi. Hattoki, ularning holatini ko‘rib, “Nahotki, shunaqangi sharoitda ham yashasa bo‘lar ekanmi?”, deb vijdonimiz, qalbimiz yig‘lagan paytlar bo‘ldi. Ko‘p hollarda atrofdagi insonlardan xafa bo‘ldim. Nahotki, shu yetim farzandni, o‘zimizning qora ko‘zlarimizni shunaqangi ahvolga tashlab qo‘yishgan bo‘lsa?! Insof, odamgarchilik qayerda qoldi? Bularning xursand bo‘lishi uchun ko‘p narsa kerak emas. Hatto, borgan joylarimizda, shu bolalar hech narsa yo‘qligidan, suvga piyoz to‘g‘rab, sho‘rva qilib ichayotganlarini ham ko‘rdik. Ayrim xonadonlarimiz, borganimizda hech narsa yo‘qligidan, ko‘chadan o‘t yulib kelib, o‘tni to‘g‘rab, undan chuchvara qilayotganlarni ko‘rdik. Bu har qaysi insoniylik chegaralaridan tashqari bo‘lgan ishlar. Biz eng avvalo insonmiz. O‘zbekiston fuqarosimiz, mo‘min-musulmonmiz. Bu har taraflama bizning burchimiz edi. 

Qolaversa, bu besh kunlik dunyoda bizdan qoladigani shu yaxshilik-ku. Biz yaxshilik qilib, o‘zimizning ongimizni, qalbimizni, o‘zimizning hayotdagi mazmun-mohiyatimizni topamiz. Shuning uchun ko‘p holatlarda men “Bularning ko‘zidan yoshini oqizmang, chunki, bir joyda bir yetim nohaqlikdan, qiynalganidan, qorni ochligidan yig‘lasa, u joyga barokat yog‘ilmaydi”, deb aytaman. U joyda barokat bo‘lmaydi. InshaAlloh hozir mana 105 ta yetim farzandimiz kuldi. Yugurib, xursand bo‘lib yurishibdi, qorni to‘q. Endi bular el-yurtdan minnatdor, shukronalik hissi bilan, elga muhabbat bilan katta bo‘ladi. Buning aksi ham bo‘layotgan vaziyatlar ko‘p-da. Atrofdagi insonlar bemehr bo‘lganidan keyin, hech kim yordam bermaganidan keyin, u atrofdagi insonlarga nisbatan nafrat ko‘zi bilan katta bo‘ladi. U ertaga yo jinoyatchi, yoki immigrant bo‘lib, boshqa davlatlarga ko‘chib ketadi. Buning tagida boshqa-boshqa muammolar ham bor. InshaAlloh bularni mana shu yerda yaxshi ma’rifatli qilsak, Rossiyaga borib qora ishchi bo‘lmaydi. Bu ayollarimiz mana shu yerda, tikuv sexida qo‘lidan kelganicha halol mehnat qilib, pul topishsa, boqimanda bo‘lishmaydi.

Har bitta xonadon 5 ta xonadan iborat. Uyning ichki qismida qishki, hovlisida esa yozgi oshxona mavjud. Xonalar eng so‘nggi va zamonaviy uy jihozlari bilan ta’minlangan. Bolalarning mustaqil o‘qishi, bilim olishi uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan.

S.R.: — “Shunaqangi sharoitlar qilish shartmidi?”, deya ko‘p e’tirozlar ham bo‘ldi. Menimcha, shart edi. Chunki, biz o‘zimizga xohlaganimizda, o‘z uyimizga, bollarimizga, onajonimizga biron narsa olayotganimizda, eng yaxshisini ravo ko‘ramiz-ku. Bu farzandlarga ham eng yaxshini bersangiz, uning ajri ham savobi ham, natijasi ham yaxshi bo‘ladi. Qolaversa, bizdan unaqa katta harakat ham ketmadi. Arzoni bilan qimmatining orasida katta harakat yo‘q. Faqatgina xohish bo‘lsa bas. Biz “Yaxshisi bo‘lsin”, deb niyat qildik, o‘z-o‘zidan yaxshisi kelaverdi. 

Loyiha davomida eng tan bergan taraflarim juda ko‘p bo‘ldi. Bir-ikkita mahsulotlarimizda, misol uchun, mebel yoki gilamda ozgina qiynaldik. Sevara ismli bir buyragi qurigan jizzaxlik qizimiz to‘satdan, vaqtida insonlar yordam bermagani sababli vafot etdi. Shu qizni men ibrat qilib ko‘rsatdim. Albatta, bir natija bo‘lishi uchun, bir yetim kulishi uchun farzandlarimiz nobud bo‘lishi kerakmi, nobud bo‘lishini kutishimiz shartmi? Shu qiz bir yarim yil yordam kutib yotdi. Vaqtida yordam berilganida shu qiz yashar edi. 80 mln pul bilan operatsiya qilinar ekan. Nahotki, 80 million inson qadridan ustun bo‘lsa, deb yig‘lab murojaat qilgan edim. Odamlarning qalbiga yetib borib, katta-katta mebel fabrikalarining rahbarlari o‘zlari kelib, bu yerda xizmat qilishdi. Hatto, do‘konlariga olib kelib, “Sardor aka, mana shu qavatdagi hamma mebelni olib keting. Shu yetimlar uchun men ehson qildim. Hammasini olib keting”, dedi.

Ular arzonini, ozginasini yoki sanab bergani yo‘q. Eng yaxshisi va eng qimmatlarini berishdi. Biz qiynalganlarga  mana shunaqangi munosabatda bo‘lsak, o‘zimizni ham hayotimizda barokat topamiz, o‘zimizning hayotimizdagi muammolarimizga yechim topamiz. Chunki, Alloh bizga ne’matlarini sanab, oxirgi o‘rindagisini, kam-ko‘sti borini berayotgani yo‘q. Husn, tani-sog‘lik, farzand, ota-ona, tinchlik farovonlik, uy-joy, yaqinlaringiz deysizmi, mukammalini, eng yaxshilarini sizga Alloh berganidan keyin, siz ham unga shukronangiz qiynalganlarga eng yaxshisini berishingiz bo‘ladi-da.

“Jannatdagi qasrlar” asosan hashar yo‘li bilan qurildi. Katta Farg‘ona kanalining qurilishi haqidagi ma’lumotlar yodingizda bo‘lsa kerak. Aynan 25+ loyihasi ham ko‘plab mamlakatlardagi insonlarning dilida mehr-muruvvat kabi tuyg‘ularni uyg‘ota oldi. Bu savobli ishga ko‘plab insonlar bosh qo‘shdi.

S.R.: — Eng rekord ko‘rsatkich – bir kunning o‘zida 7 mingdan ortiq hasharchi shu yerda xizmat qildi. Ishni yetkazib bera olmay qoldik. Buncha odamga ish yetkazib berish ham qiyin. Odam ko‘payib ketganidan, “oxirgi hashar” deya biroz yolg‘on ishlatdik. Bir hafta hashar qilmadik. Odamlarning ozgina e’tibori susayganidan keyin, yana sekin hasharni boshladik. Hasharga 9 oy davomida 100 minglab odamlar kelgan bo‘lsa kerak. Chunki, bizning hasharimiz payshanba va yakshanba kuni, qishin-yozin bo‘ldi. 9 oy davomida kelgan insonlarga ming rahmat. Sovuqni sovuq, yakshanbani dam olish kuni deyishmadi. Hamma mashaqqatga tayyor bo‘lib, xolis niyatda “Meni ham shu vatanga nafim tegsin, yetimlarning xursandchiligiga mening ham ozgina hissam qo‘shilsin”, deb erinmasdan kelishdi. Shu yerda mehnat qilishdi. Bu hasharchilardan tashqari, sahna ortida yordam qilganlar, ehson qilganlar milliondan ortiq. Rossiyadan, Koreyadan, Amerikadan, Respublikamizning turli chekkalaridan, qo‘shni Respublikalardan ming so‘mmi, o‘n mingmi, yuz mingmi, millionmi, ehson qildilar. Mana shunaqangi millionlab insonlarning sa’y-harakati, xolis niyati bilan bu shaharcha bunyod bo‘ldi.

Qurilish jarayonida qo‘shnilar ham jim qarab turishmadi. Tunni tun demay, norasida go‘daklar ko‘nglini shod etish uchun mehnat qilishdi.

S.R.: — Oxirgi kuni uylarimizda yig‘ishtirish, tozalashga biroz ulgurmayotgan edik. Kechasi soat 20:30. Yana 12 soatdan keyin, ertalab soat 8:30 da ochilish bo‘lishi kerak. Yigitlarimiz ulgurishmayapti. Xodimlarimizga “Ko‘chaga chiqinglar-da, baland ovozda gapiradigan moslamadan foydalanib, “Opa-singillar, kelinglar, yordam beringlar, ramazon oyida bir imkoniyat kelib qoldi. Shu yetimlarga g‘amxo‘rlik qilinglar. Ulgurmayotgan joyimiz bor. Ozgina qarashib yuboringlar”, deb baqiring, odamlarni chaqiringlar, jar solinglar dedim. Tavakkalimiz ish berib, arzimagan 10-15 daqiqada mana shu mahalladagi 200 dan ortiq opa-singillarimiz chiqib, bizga yordamlashishdi. Alhamdulillah, ikki soatda ishlarimiz yakuniga yetdi. Baraka topishsin, mahalladagilar juda ham ahil. 

Xalqimizda “Besh qo‘l barobar emas”, degan naql bor. Gohida “Yurak amri” xayriya jamoat fondi faoliyatining shaffofligiga shubha ko‘zi bilan qaraydigan, gumonda bo‘ladigan insonlar ham uchrab turibdi. Suhbatimiz davomida loyiha asoschisidan bunday qarashlar va o‘rinsiz tanqidlarga munosabati qanday ekanini so‘radik.

S.R.: — Alloh insof bersin… Yaxshilik yo‘li mashaqqatli bo‘lar ekan. Biz birinchi kundanoq shu mashaqqatlarga tayyor bo‘lib chiqqan edik. Shu kungacha Alloh yuzimizni yorug‘ qildi. Hech sharmanda qilgan joyi yo‘q. Ozgina sabr qilish, chidash kerak. Chunki, o‘zimga-o‘zim aytadigan gapim shuki, “Odamlarni o‘zgartirish uchun jasorat kerak. Bu shunaqangi yo‘l. Odamlarning ongi, fikri o‘zgarishini xohlayapsanmi? Jasoratli bo‘lish kerak. Mashaqqatga tayyor turgin. Hayot yaxshi tarafga o‘zgarishini xohlayotgan bo‘lsang, atrofdagi insonlarni isloh qilging kelsa, nur taratish, yaxshilik qilish, saodat taratish niyating bo‘lsa, mashaqqatga tayyor turgin”, deyman. Munosabatimiz, faqatgina ularning haqqiga duo qilamiz. “Alloh insof bersin”, deymiz.

Gohida xo‘rligimiz kelib, o‘zimizga rahmimiz keladigan, “Nahotki, shu ishdan ham bir yomonlik ko‘radigan odamlar bor, insof qayerda qoldi?”, deydigan paytlarimiz bo‘ladi. Ertasi kuni yana o‘zimizga kelib olamiz. Hozir mana shu yugurib, chopib yurgan qizaloqlarimiz, bolajonlarimiz qora ko‘zlarimiz duolari, yurakdan yig‘lab aytadigan samimiy tilaklari bilan yana kuchga qaytamiz. Bularning gaplari har qanaqangi tosh yuraklarni sindirib, parcha-parcha qilib tashlaydi. Bularning duolari har qanday mashaqqatlarni yengil qiladi. Har qanday ig‘volarni yo‘qqa chiqaradi. Chunki, ular begunoh. Qolaversa, ular yetim, qiynalgan, mazlum. Otasizlikda mehr istab, qiynalib katta bo‘layotgan farzandlarni duosi yerda qolarmidi?! Ularning boshini silab, nimadir koriga yarab, qalbiga bir shodlik olib kirganingizdan keyin, siz o‘ylab yurgan muammolar o‘z-o‘zidan umuman boshqa narsaga aylanib, ertasi kuni yo‘qqa chiqishi tabiiy holat. Buning ko‘p guvohi bo‘lganmiz. Munosabatimiz faqatgina mana shu. Lekin yana takror aytaman: men bunday insonlarga insof tilayman. Alloh sizlarga insof bersin. Hammamizdan qolib ketadigan dunyo… Men loyihani ochganimda ham Sebzorda bittagina uyim bor edi, hozir ham shu bittagina uyda yashayman. Loyiha boshlanganda ham o‘sha mashinada edim. Loyiha ikki yildan buyon davom etayotgan bo‘lsa, hali ham o‘sha-o‘sha mashinadaman. Bizning ichimizdan kir qidirmang. 

Xabaringiz bor, oldingi sohamda ham hech kam bo‘lmaganman. Mashhurlik cho‘qqisida yurgan inson bo‘lganman. Buni ochiq-oydin aytadigan payt kelib qoldi. Kuniga 3-4 ming dollar topgan san’atkor bo‘lganman. Shu narsadan voz kechib, ketgan insonman. Men u pulga qaramayman. Menga u pul qiziq emas. Men hayotning asl mohiyatini, maqsadini aniq topgan inson sifatida, bu ishga kirishyapman. Agar menga bu narsa qiziq bo‘lganida, men oldingi ishimdan ketmagan bo‘lar edim. Qolaversa, bu ishning asosiy barokati – halollikda. Halollik bor joyda barokat bo‘ladi. 

Hisob raqamimizga tushadigan pullar haqida ko‘pchilik shubha bilan qaraydi. Nimadirlar deydi. Fitnachilar, kimlarningdir foydasiga ishlaydigan trollar, internetda soxta profillar bilan izoh yozadiganlar, har xil fitna maqolalar chiqaradiganlar bor. Ularning hammasini, kimga, kimning manfaati uchun ishlashini bilamiz. Lekin har qanaqangi holatda Robbimizning oldida ham, xalqning oldida ham, ehson beruvchilarning oldida ham bizning yuzimiz yorug‘. Qilingan ishlarning hammasini sarhisob qiladigan bo‘lsak, hisob raqamlarimizga tushadigan pullarning asosan 40-30 foizigina mana shu uylardir, qolgan hammasi dalolatdir. Qolgan 70-60 foizi dalolat bilan. “Yurak amri”dagi hamma faol yigitlarning ishbilarmon, tadbirkor, boy yaqinlarimiz, tanishlarimiz bor. Erinmasdan, betimizni sidirib bo‘lsa ham shu yaxshilik bo‘lsin, bita qolsin deb, qo‘ng‘iroq qilamiz. “Aka, mana bunaqa kamchiligimiz bor. Yordam bering. Mana bunga pul yetmayapti, ozgina mana bunga yordam bering”, deymiz. Shunday qilib bu ishlar bunyod bo‘ldi. 

Shubha qilishdan oldin, keling, bir kun mehnat qiling. Ichiga kirib ko‘ring. Keyin qalbingiz xotirjam bo‘ladi.“Bekor qilibman”, deya afsus-nadomat bilan tavba qilasiz. Yana bir bor ta’kidlab aytamanki, sizlar ehson qilayotgan pullar bu bo‘layotgan ishlarning 30-40 foizini tashkil etadi. Qolgan hammasi dalolat bilan. Xotirjamligimning sababi shundaki, bizning yeb qo‘ygan, o‘g‘irlik qilgan, harom yurgan joyimiz yo‘q. Shuning uchun xotirjammiz. Inson qachon sarosimaga tushadi? Qachonki, aybi bo‘lsa. Shuning uchun biz qanaqadir negativlar, fitnalarga javob qaytarmaymiz. Bizning javobimiz – sukut. Indamaslik bilan, ishimizda davom etib, ularni yengamiz.

Loyihamiz yakuniga yetdi. Yorug‘ yuz bilan uylarni topshirib oldik. Shubhalanib yurgan insonlarning ham shubhalari yo‘qqa chiqdi. O‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. O‘zlari kelib, mana shu yerdagi haqdorlarning duolarini  eshitsinlar, duolarini olsinlar. Qalblari xotirjamlikka tushib olganidan keyin, bizning yonimizga qo‘shilsinlar. “Jannatdagi qasrlar” loyihasi davom etadi. Niyatimiz shu yurtni obod qilish, yurtboshimiz yonlarida kamarbasta bo‘lish.

Kirayotganingizda ko‘rgan bo‘lsangiz, Prezidentimizning gaplari yozib qo‘yilgan. U kishi “Men sizning yoningizda kamarbasta bo‘laman deb hech narsadan qo‘rqmaydigan yoshlar borligiga ishonaman”, deganlar. Mana shunday yoshlardan biri bo‘laylik degan niyatimiz bor. Chunki, u kishining har bir chiqishida aytayotgan gaplari, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, xalqning ichiga kirib, muammolarni hal qilayotgani g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi. Bitta inson harakat qilgani bilan butun xalq harakat qilganining farqi bor. U insonni bizga Alloh berdi. Endi ularning yonlarida turib, yordam berib, qilayotgan sa’y-harakatlarini jonlantirish bizning vazifamiz. Haligi gapimga yana qaytaman: muammolarning yechimi odamlarning o‘zida. Odamlar o‘zida xatoni tushunib yetib, harakat, qalbida xohish topsa, hayoti o‘zgarishi uchun niyat qilib, qadam tashlasa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Maqsadimiz odamlarning qalbiga qo‘l solib, unutilib qolgan, uxlab yotgan yaxshi tuyg‘ularni uyg‘otish edi. 

9 oy oldin xuddi shu joyda o‘tirib gapirgan video murojaatim bor edi. Quruq dala edi. Ozgina harakat bilan 9 oy – bitta farzand dunyoga keladigan muhlatda nimalar qilsak bo‘lar ekan. Natijasini ko‘rib turibsiz. Mana shunday yaxshi niyatlarimiz bor. Shu niyatlar qalblarga yetib borishini xohlayman. Shubha, to‘sqinlik qilayotganlarga, dushmanlik qilmoqchi bo‘lgan yomon niyatda yurganlarning qalbiga yetib borsin, deymiz. Bizning yomon niyatimiz yo‘q. Agar yomon niyatimiz bo‘lganda, allaqachon Xudo bizni urib qo‘ygan bo‘lardi. Chunki, biz yetimning haqqi ustida turibmiz. Bunday ishlarning davomiy bo‘lishi, rivojlanishi uchun xalq birlashishi kerak emasmi? Qancha fidoyilik bo‘lsa, qancha balandparvoz gaplar bo‘lsa, gapirishga tayyormiz. Lekin bu bilan hayot o‘zgarib qolmaydi. Amalda ko‘rsatish kerak emasmi? Mening gapiradigan gaplarim mana shu. Hammamizga Alloh insof bersin. Qiladigan yaxshi ishlarimizga O‘zi ko‘mak bersin. Biz yurtimizni, xalqimizni, yurtboshimizni yaxshi ko‘rganimizdan shu ishlarni boshlaganmiz.


Maqola muallifi

Teglar

“25+” loyihasi Sardor Rahimxon “Yurak amri” “Jannatdagi qasrlar”

Baholaganlar

146

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing