Qonunchilik hujjatlarida korrupsiya uchun “fortochka” ko‘p – senator
Jamiyat
−
06 aprel 2022
7869O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga oid qonunchilik hujjatlarining o‘zida korrupsiyaga yo‘l berish holatlari tez-tez uchramoqda. Bu haqda kecha, 5 aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida Kengash raisi Tanzila Norboyeva so‘z ochdi.
Norboyevaga ko‘ra, sohaga oid qonunchilik hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilganda 70 ta hujjatning 13 tasi (19 foizi)da 41 ta korrupsiyaviy omil mavjudligi aniqlangan.
“O‘z hujjatlari korrupsiyaga yo‘l ochib beryapti. Qolaversa, sog‘liqni saqlashni korrupsiyasiz sohaga aylantirish bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ning ijrosida sustkashlikka ham yo‘l qo‘yilgan. Hujjat ijrosini tahlil qilganimizda belgilangan vazifalarning 44 foizi bajarilmagani aniqlandi”, deydi Norboyeva.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov korrupsiyaviy omil aniqlangan normativ hujjatlarga batafsilroq to‘xtalib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunda 3 ta korrupsion element borligi aniqlangan. Prezident qarorida 1 ta, Vazirlar Mahkamasining 8 ta qarorida 31 ta, 3 ta idoraviy hujjatda esa 6 ta korrupsiyaga sharoit yaratib berish bo‘yicha normalar mavjud.
“Vazirlar Mahkamasi bir qarorida ovqatlanishni tibbiyot muassasasining o‘zi qaysidir tashkilot bilan tashkil qilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa, ikkinchi qarorida autsorsing orqali tashkil etilishi ko‘rsatilgan. Natijada ikkala qaror bir-biriga zid kelib, o‘z-o‘zidan korrupsiyaviy holatga yo‘l ochib beryapti. Bu kabi qator zid keluvchi qonunchilik hujjatlari, me’yoriy hujjatlar borligi ham aniqlandi. “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilmay qolingani, ayniqsa, pullik xizmat va bepul xizmatlarning noqonuniy mukofotlar yoki dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha portalning Axborot texnologiyalari [va kommunikatsiyalarini rivojlantirish] vazirligi bilan ishlab chiqilmaganligi turli “mukofotlar ko‘rinishidagi” korrupsion holatlarga yo‘l ochib beryapti”, deydi Iminov.
Avvalroq, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan keskin choralar natijasida sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga hamda sog‘liqni saqlash sohasida 100 foizga ortgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda Kengash raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda olib borilayotgan qator islohotlarga qaramay, ta’lim, sog‘liqni saqlash va bank tizimlari eng korrupsiyalashgan sohalar sifatida bo‘y ko‘rsatayotganini aytgan edi. Unga ko‘ra, sudlarga yuborilgan jinoyat ishlarining har uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan
LiveBarchasi