Belgilangan muddatda “prava”sini yangilamagan haydovchiga qanday chora ko‘riladi?
Jamiyat
−
15 mart 2022
35006O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanishiga, ya’ni 31 martga qadar sanoqli kunlar qoldi. O‘z haydovchilik guvohnomasini belgilangan muddatgacha almashtirishga ulgurmagan haydovchilarga qanday huquqiy chora ko‘riladi? Bugun, 15 mart kuni “Haydovchilik guvohnomasini almashtirish bilan bog‘liq navbatlar, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan masalalar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV yo‘l harakati xavfsizligi axborot xizmati rahbari Azizxon Murodov ushbu savolga javob berdi.
“Fuqaro 2010 yilgacha berilgan haydovchilik guvohnomasini 2022 yil 31 martga qadar almashtirishga ulgurmasa, hukumat qaroriga asosan 1 apreldan uning haydovchilik guvohnomasi haqiqiy emas hisoblanadi. Agar haydovchi eski guvohnoma bilan transportni boshqarsa, haydovchilik guvohnomasisiz transportni boshqargan hisoblanadi. Avtomobil YHX xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilsa, haydovchiga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘riladi.
Haydovchilik guvohnomasini almashtirishga ulgurmagan fuqaro imtihonlarsiz guvohnomani yangisiga almashtirishi mumkin. Lekin, fuqaro 12 oy davomida transport vositasini boshqarmagan, keyingi yilning 31 mart sanasiga qadar guvohnomani yangisiga almashtirmagan bo‘lsa, qayta imtihon topshirib haydovchilik guvohnomasini oladi”, deydi Murodov.
Shuningdek, u 12 oy davomida eski haydovchilik guvohnomasini alishtirmagan haydovchilar qay tarzda yangi guvohnomani qo‘lga kiritishi mumkinligini ochiqladi.
“Qayta imtihon topshiradi”, deganimizning sababi kundan kunga qaror, qonun, yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilyapti. Haydovchi 1 yil mobaynida transport vositasini boshqarmaganidan keyin, yo‘l belgilari uning yodidan ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun uning bilimlarini mustahkamlash maqsadida ham qayta imtihondan keyin guvohnoma almashtiriladi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, eski “prava”ni yangisiga almashtirish masalasida nafaqat DXMlarga, balki bevosita vakolatli idora IIBB YHXB bo‘limlariga ham murojaat qilish mumkin.
LiveBarchasi