Ajal eshik qoqqanda: Ukrainaga bosqinning dastlabki talafotlari kamera ob’ektivida
Olam
−
24 fevral 2022
35708Rossiya Ukrainaga hujumga o‘tganidan keyin ko‘plab ukrainaliklar artilleriya va raketa zarbalariga uchrayotgan shaharlardan evakuatsiya qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan videolarda Kiyev va Xarkov shaharlari aholisi bolalarni xavfsiz joylarga olib ketayotgani, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida kilometrlab navbatlar yuzaga kelgani, sirena sadolari va odamlarning metroga tushib raketa zarbalaridan yashirinayotgani aks etgan.
Ukraina Davlat chegara xizmatining soat 09:00 da bergan ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning bir qancha viloyatlari — Lugansk, Sumi, Chernigov, Xarkov va Jitomir viloyatlari o‘qqa tutilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, Rossiya Ukraina shaharlari va tinch aholiga zarba bermaydi, operatsiyadan maqsad harbiy infratuzilmani ishdan chiqarishdir. Ammo DXR va LXR harbiylari Ukraina hududlarini egallashga urinmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi fonida Ukrainaning mojaro zonasiga tushib qolgan ayrim shaharlari aholisi xavfsiz joy izlab ketmoqda. Shahar chekkasida bir necha kilometr uzunlikdagi tirbandliklar yuzaga kelgan. Ko‘plab fuqarolar sirena ovozi ostida poytaxtdan qochib ketmoqda.
Tasvirlarda Xarkovda ham shunga o‘xshash holatlar yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Masalan, ko‘plab avtomobil egalari yoqilg‘i sotib olishga shoshilmoqda, shu sababli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida bir necha kilometrlik navbatlar paydo bo‘lgan.
Do‘konlar va banklarda ham navbatlar kuzatilmoqda. Kiyevning ko‘plab aholisi zaruriy tovarlarni to‘plash va naqd pul olish uchun harakat qilyapti.
“Qatorlar cho‘zilib boryapti, tovar tugayapti. Bankomatlar uchun navbatlar judayam uzun”, deydi blogerlar.
Xarkov aholisining bir qismi metro ichiga berkinyapti. Telegram kanallarda tarqalgan videolarda yer ostida chamadon ko‘targan odamlar o‘tirgani aks etgan. Taxminlarga ko‘ra, shaharning huquq-tartibot idoralari vakillari ham shu yerdan boshpana topgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaning 40 nafar harbiysi va bir chaqaloq halok bo‘lgan. Rossiya Aerokosmik kuchlari Dnepr yaqinidagi Ukraina Qurolli kuchlarining 25 va 93-brigadalari bazalariga havodan zarbalar bergan. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko hozirda Kiyev, Xarkov, Dneprdagi harbiy qo‘mondonlik markazlari, harbiy omborlar, aerodromlarga raketa zarbalari berilganini aytdi. Chegara artilleriyadan o‘qqa tutilmoqda. Rossiya qo‘shinlari Xarkov chegarasini kesib o‘tgan.
LiveBarchasi