“Kelasizmi yo boraymi?” Erdo‘g‘an Putindan javob kutayotganini aytdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya, Rossiya va Ukraina Prezidentlari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish g‘oyasi bo‘yicha pozitsiyani bilish maqsadida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishini aytdi. 

Turkiya davlati rahbari BAAdan Anqaraga ketayotgan yo‘lda jurnalistlar bilan suhbatda Qora dengiz mintaqasidagi keskinlik darajasini tezroq pasaytirish tarafdori ekanini ma’lum qilgan. 

Uning qayd etishicha, Ukraina Prezidenti uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

“Agar Putin taklifni qo‘llab-quvvatlasa, uchrashuv Istanbul yoki Anqarada bo‘lib o‘tishi mumkin”, deydi Turkiya rahbari. 

Turkiya Arezidentining so‘zlariga ko‘ra, Anqara o‘zining keyingi qadamlarini [uch tomonlama uchrashuv g‘oyasi bo‘yicha] Vladimir Putin bilan suhbat natijalaridan keyin tashlaydi. 

Turkiya rahbari Kiyev va Moskva o‘rtasidagi munosabatlardagi inqiroz tinch va diplomatik yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini va Turkiya bu yo‘nalishda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishlarga hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidlamoqda.  

“Biz Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin bilan yaqindan hamkorlik qilamiz va muloqotni davom ettiramiz. Men bu aloqalarni keskinlikni kamaytirish uchun muhim imkoniyat deb bilaman. Urush mintaqaga foyda keltirmaydi”, degan Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 fevral kuni Erdo‘g‘an Kiyevga borib, Zelenskiy bilan yopiq eshiklar ortida muloqot o‘tkazib qaytdi. Ushbu uchrashuvda Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda “Bayraktar” uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish kengaytirilishiga kelishildi

Uchrashuvlar yakunida OAVga bayonot bergan Erdo‘g‘an Turkiyaning Ukraina, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan

Ukrainadan qaytishda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Erdo‘g‘an, Agar Rossiya Kiyev bilan keskinlikni kamaytirishda Turkiyaning vositachiligini ma’qullasa va Vladimir Putin Ukraina Prezidenti bilan uchrashuv taklifini qabul qilsa, Zelenskiy o‘sha zahoti Turkiya rahbari aytgan joyga yetib kelishga tayyorligini bildirdi

Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar sabab Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi ortidan Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni, u yerda bo‘lib turganlardan mamlakatni tark etishni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.  

15 fevralga kelib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova G‘arbning taxminlari puch bo‘lib chiqqanini aytib, 15 fevral G‘arbning urush targ‘iboti barbod bo‘lgan kun sifatida tarix kirishini ma’lum qildi. Blinkenga esa hamon Rossiya shu haftada Ukrainaga qarshi “harbiy tajovuz” qilishi ehtimoldan yiroq emasligini aytmoqda.

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini bildirmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

107

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing