“Gentra’si bor odamning Captiva mingisi keladi" yoxud sudyalar o‘ziga necha baho beradi?
Intervyu
−
16 fevral 2022
12649Hech sudga ishingiz tushganmi? Sudyalar chiqargan qaror yoki hukmga o‘z bahoiyingizni berganmisiz? Jamiyatda korrupsiya aralashsa, aziyatini butun millat chekishi mumkin bo‘lgan uch soha bor. Bular – sud, tibbiyot va ta’limdir. Agar fuqaro sudda pora berib, g‘alaba qozonsa, odamlar ongida jamiyatda adolat borligiga shubha uyg‘onadi. Adolat bo‘lmagan davlatda na rivojlanish, na taraqqiyot bo‘ladi.
Xo‘sh, bugun O‘zbekistonda Oliy sud raisi o‘rinbosarlari o‘z ish faoliyatini necha ball bilan baholay oladi? QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ushbu savol bilan sudyalarga yuzlandi. Javoblar esa quyidagicha bo‘ldi.
“Marrani katta qilyapmiz”
Robaxon Mahmudova, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari:
— Men faoliyatimga 10 ball bera olmayman. Lekin shunga harakat qilyapmiz. Hammamiz marrani katta olganmiz. Baholash esa sizdan.
“Gentra’si bor odamning Captiva mingisi keladi"
Ikrom Muslimov, Oliy sud raisi o‘rinbosari:
— Agar men o‘z faoliyatimni 10 ball bilan baholasam, ishim to‘xtaydi. Shuning uchun men o‘zimning faoliyatimni pastroq baholashga, ya’ni doim faoliyatim bahosini 10 ballga chiqarishga harakat qilaman.
Oddiy bir misol, bugun Nexia mashinasiga ega odam baxtli. Keyinroq u Gentra olishni xohlaydi va 10 ballik shkala 7 ballga tushib qoladi. Niyatiga yetib, o‘sha Gentra’ga erishsa, o‘sha kuni uning bahosi 10 ballga chiqadi va unda Captiva olish niyati paydo bo‘ladi. Yana o‘sha shkala 5 yoki 7 ballga tushib qoladi. Men doim o‘z faoliyatimni 10 ballik tizimda 5 yoki 7 ball atrofida baholayman. Sababi, 10 ballga erishish uchun menda intilish va harakat bo‘ladi.
“Hech kim faoliyatini 10 ball bilan baholamaydi”
Baxtiyor Isoqov, Oliy sud raisi o‘rinbosari:
— Hech kim o‘zining ish faoliyatiga to‘liq 10 ball bermaydi. Sababi, yana qilinishi kerak bo‘lgan ishlar va maqsadlar ko‘p. Shuni inobatga olgan holda, ish faoliyatimni 7 ball bilan baholayman.
“Juda “samokritichniy” odamman”
Halilillo To‘raxo‘jayev, Oliy sud raisi o‘rinbosari:
— O‘zimga o‘zim baho berishimni noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Men "samokritichniy" odamman. Agar hozir sizga o‘z ishimning bahosini aytadigan bo‘lsam, “Nega unda bu lavozimda o‘tiribsan?”, deyishingiz mumkin. Menga bahoni sizlar bering. Men sizga bir yo‘nalish aytaman: Sudyalar Oliy kengashi tomonidan sudyalarning faoliyatini baholash mexanizmi, ya’ni reytingi bor. O‘sha joyga kirsangiz, menga xalq necha baho berganini ko‘rishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil sudlar tomonidan 1 mln 185 231 ta ish ko‘rilgan. 47 659 ta jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga, 428 869 tasi ma’muriy sudlarga, 518 112 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va 175 445 ta iqtisodiy sudlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, respublika sudlarida 15 146 ta ommaviy nizolardan kelib chiquvchi ishlar ko‘rilgan.
O‘tgan yilning mos davriga taqqoslaganda fuqarolik ishlari hajmi 78 foizga, iqtisodiy ishlar 68 foizga, jinoyat ishlari 57 foizga ortganini ko‘rish mumkin.
LiveBarchasi