Bu ijtimoiy xavfga ega – Adliya vaziri gap otishga javobgarlik haqida

Jamiyat

image

Avvalroq, Adliya vazirligi tashabbusi bilan qonunchilikda ayollarga gap otish yoki ularning qaddi-qomatini baland ovozda tasvirlash ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik. Ushbu mavzu bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tgan matbuot anjumanida yana muhokama qilindi.

“Gap otganlik bo‘yicha javobgarlikni dispozitsiya dedik. Bu borada aniq xatti-harakat va qaysi holatda javobgarlik keltirib chiqarishiga ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki, u yerda tuhmat ham bo‘lib ketishi mumkin. Shuning uchun dispozitsiyasini, ya’ni javobgarlikni biz endi ishlab chiqdik. Vazirlik ishchi guruhi ishlab chiqdi. Endi vazirliklarga beramiz. Shuning uchun bu masalani aniq qilib, albatta, jamoatchilikning muhokamasiga beramiz. Lekin bu bizga, albatta, kerak. Chunki, bu jamiyatimizda xavfga ega bo‘lgan xatti-harakatdir. Bunga davlat sifatida javob qilishimiz kerak”, deydi Adliya vaziri.

Ma’lum qilinishicha, Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSH kabi davlatlarda bunday harakatlar mayda huquqbuzarlik sifatida baholanib, 750 yevrogacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘z joniga, farzandlari hayotiga qasd qilish holatlari kuzatilmoqda. Ayollarning nafaqat turmush o‘rtoqlari tomonidan, balki qaynota va boshqa qarindoshlari tomonidan, eng achinarlisi, bog‘cha, maktab yoshidagi qizlarga zo‘ravonlik qilish holatlari kuzatilmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka “ta’qib etish” (stalking) va intim hayot daxlsizligini buzish tushunchasini kiritishni taklif qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ruslanbek Davletov Gap otganlik bo'yicha javobgarlik

Baholaganlar

158

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing