Ruslanbek Davletov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
14 iyul 15310 2 daqiqa
Ruslanbek Quroltoyevich Davletov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Yangi tayinlov munosabati bilan Ruslanbek Davletov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, Ruslanbek Davletov 1980 yil 1 iyunda O‘zbekistonning Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Buyuk Britaniyaning Uorvik universitetida bakalavr, 2003 yilda esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida magistrlik darajasini olgan. 2007 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2010 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 2001 yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida yetakchi mutaxassis sifatida boshlagan. Keyinroq mazkur qo‘mitada bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan. 2004-2012 yillarda Vazirlar Mahkamasi Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi bosh mutaxassisi, 2012-2014 yillarda Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari va direktor vazifasini bajaruvchi, 2014-2016 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi tuzilmalari bilan faoliyatni muvofiqlashtirish sho‘’basining mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2016 yil sentyabridan 2017 yil yanvarigacha Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 yanvardagi farmoni bilan Ruslanbek Davletov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Davletov 2017 yil 14 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri bo‘ldi. U 2022 yil 15 noyabrdan ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalar bo‘yicha Prezident maslahatchisi etib tayinlandi va shu munosabat bilan Adliya vaziri lavozimidan ozod etildi.
2024 yil dekabrda Ruslanbek Davletov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
Live
Barchasi