“Otchyot” uchun sovg‘a

Jamiyat

Kuchimiz kimlarga yetyapti, to‘g‘rirog‘i, kuchingiz kimlarga yetyapti? Afsuski, arzimagan oylikka ishlab, bola-chaqasini halol boqishga intilayotgan, sovuqda ham, issiqda ham tinim bilmaydigan, qo‘llari qavarib, yoshi onangizning yoshiga teng bo‘lganlargami?

Ajoyib odamlarmiz, hamma narsani kimnidir ko‘zi uchun qilishni yaxshi ko‘ramiz. Qayerga bormay, kimni kuzatmay hamma foto “otchet” bilan ovora. Ana shunday ish 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ham bo‘ldi.

Toshkentda obodonlashtirish xodimasini bayramga chaqirib izza qilishdi. Gap shundaki, Yashnobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimalarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayram tadbiriga chaqirib, berilgan sovg‘ani qaytarib olishgan. Ayol o‘ziga berilgan sovg‘ani olib ketayotganida uni o‘g‘riga chiqarishgan.

“Qaytib chaqirmanglar, iltimos, ikki yildan beri shunday qilishadi, birovning sadaqasi kerak emas menga”, deydi ayol.

Bu video tarmoqlarda tarqalib, mutasaddilar tanqid qilina boshlagandan keyin Yashnobod tuman hokimligi tomonidan holatga aloqador xizmat tekshiruvi tayinlanib, ayolning qo‘lidan sovg‘alarni olib qolgan shaxs bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shahnoza Sultonova, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov hamda tuman mas’ullari obodonlashtirish xodimasining xonadoniga borib, uni bayram bilan tabriklagan hamda esdalik sovg‘alarini topshirgani aks etgan video tarmoqlarda e’lon qilindi.

“Yaxshi niyat bilan obodonlashtirishda ishlaydigan 320 nafar ayollarni bir joyga to‘plab, bayram oldidan chiroyli tadbir uyushtirgan edik. Oxirida sizni kimdir xafa qilibdi. Shu sababli sizning ko‘nglingizni ko‘targani o‘zim keldim. Sizga nisbatan kim shunday qilgan bo‘lsa, biz uni topamiz”, degan tuman hokimi.

Albatta, shaxsan tuman hokimi borib ayolning ko‘nglini ko‘targani yaxshi, lekin bu ayol gapira olgani uchungina uni ko‘rgani borishdi. Yuqorida u aytgan gaplarga e’tibor bergan bo‘lsangiz, ayol ikki yildan beri shunaqa holat bo‘lishini aytgan. Tasavvur qilyapsizmi, demak, qancha obodonlashtirish xodimlari sovg‘a bilan rasmga olinib, sovg‘asi qo‘lidan olingan bo‘lishi mumkin.

Tasvirga olish jarayonlarida ko‘pincha obodonlashtirish xodimlarini uchratamiz. Ulardan muammolari, ishlarining og‘ir-yengilini aytib berishlarini so‘raganimizda rad javobini olamiz. Kamerani o‘chirib, nega gapirmaymiz deganimizda esa “o‘zi shu ish orqasidan arzimagan pul bo‘lsa ham qozonim qaynayapti, hozir gapirsam ishdan olishadi” deb aytishgandi.

QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrining o‘zida 10 mingga yaqin obodonlashtirish xodimi faoliyat olib boradi. Ulardan taxminan yarmi ayollar. Yomg‘irmi, qormi, farqi yo‘q, ko‘chani supurayotgan, qor kurayotgan, daraxtlarni oqlayotgan obodonlashtirish xodimlarining mehnati og‘ir bo‘lsa ham maoshi juda va juda kam. Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, obodonlashtirish xodimlarining ish haqi 1 800 000 dan boshlanadi, ma’lumot uchun 2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 155 000 so‘mni tashkil etadi. Demak, 1 800 000 oylik oladigan obodonlashtirish xodimi O‘zbekistondagi eng kam oylik ish haqidan 645 ming so‘m ko‘p pul oladi. Agar obodonlashtirish xodimi bu sohada 10 yildan ortiq vaqtdan buyon ishlayotgan bo‘lsa, aynan shu xodim 3 mln dan yuqori maosh olish baxtiga muyassar bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent obodonlashtirish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing