Mudhish halokat: Bolgariyada avtobus yonib ketishi oqibatida 46 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
23 noyabr 2021
6119Bugun, 23 noyabr kuni Bolgariyada yirik avtobus halokati sodir bo‘ldi. Avtobus yonib ketishi oqibatida 46 kishi halok bo‘lgan, ulardan 12 nafari bolalar. Bu haqda Respublika Ichki ishlar vazirligi xabar bergan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Makedoniya Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan avtobus “Struma” shossesining 31-kilometrida halokatga uchragan. Hodisa oqibatida 46 kishi halok bo‘lgan”, deyiladi vazirlik saytida.
Hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan 02:00da (Toshkent vaqti bilan 05:00) mamlakat g‘arbidagi Pernik viloyatidagi Bosnek qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, salonda qancha odam bo‘lgani hozircha noma’lum — 52 yoki 53.
Qayd etilishicha, odamlar Turkiyadan Shimoliy Makedoniyaga ketayotgan bo‘lgan, buni Turkiyaning NTV telekanali qisman tasdiqlagan.
Ta’kidlanishicha, qurbonlarning barchasi Shimoliy Makedoniya fuqarolari. Hozir voqea joyida politsiya xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar borligi aytilgan.
Qayd etilishicha, omon qolganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan, ularning ahvoli barqaror. Bolgariya rasmiylari hodisaning uchta sababini ko‘rib chiqmoqda: uyqusiragan haydovchi, ho‘l yo‘l yoki texnik nosozlik. Bundan tashqari, versiyalardan biriga ko‘ra, yong‘in voqea sodir bo‘lishidan oldin ham boshlangan bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi