Turkiy kengash sammiti Prezident va Bosh vazir sud qilingan orolda o‘tkaziladi
Olam
−
12 noyabr 2021
10390Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti Istanbul shahri yaqinida, Marmara dengizining o‘rtasida joylashgan sobiq Yassi orol, hozirgi Demokratiya va mustaqillik orolida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ham qatnashadi.
Gap shundaki, ushbu orol Turkiya tarixida muhim ahamiyatga ega. Orolda 1950 yillan 1960 yilgacha mamlakatni boshqargan Prezident Jalol Bayar, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu, Moliya vaziri Hasan Po‘latkan sud qilingan. Ular 1960 yilning 27 may kuni harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng, ushbu orolga olib kelingan va to 1961 yilning sentyabr oyigacha shu yerda saqlangan.
Bosh vazir Adnan Menderesga hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish, davlat mablag‘ini o‘zlashtirish kabi moddalar bilan ayblov e’lon qilingan. Biroq, ushbu ayblovlarning birortasi o‘z isbotini topmagan.
Sud 1961 yilning sentyabr oyida sobiq Prezident Jalol Bayarni bir umrlik qamoq jazosiga, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu va Moliya vaziri Hasan Po‘latkanni o‘lim jazosiga hukm etadi.
Bosh vazir va uning tarafdorlari sudlangan Yassi oroldagi qonli va qorong‘u tarix 2019 yil Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an tarafidan tiklandi va o‘sha vaqtda ayblanganlar nomi oqlandi. Orolga Demokratiya va mustaqillik nomi berildi. Uning har bir burchagi 1960 yilda ro‘y bergan to‘ntarish va Adnan Menderes faoliyatini yodga soladi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlari sammiti ham aynan ushbu orolda o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Sammitda a’zo davlatlar rahbarlari – Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.
Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi, “Turkiy kengashning bir umrlik faxriy raisi” Nursulton Nazarboyev sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llaydi.
Shuningdek, sammitda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashishi va Turkmaniston rasman Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida kuzatuvchi maqomini olishi kutilmoqda.
Davlat rahbarlari uchrashuvida xavfsizlik, siyosat, iqtisod, tovar ayirboshlash, madaniy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Sammitda Kengash nomini Tashkilotga o‘zgartirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
LiveBarchasi