Farg‘onadagi dahshat. O‘lganlar soni yashirilmoqda
3-sahifa
−
18 dekabr
3995Hukumat Farg‘onada sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘lgan va jarohatlanganlarning sonini yashiryapti. Bu QALAMPIR.UZ’ga qo‘ng‘iroq qilgan farg‘onaliklardan birining gaplari. Xabaringiz bor, 17 dekabr kuni soat 13:43 da Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli portlash sodir bo‘ldi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi taqdim etgan dastlabki ma’lumotda portlash shaharning “Yangi yo‘l” MFY Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan ko‘p yoqilg‘ili AYOQSH va AGQSH shoxobchasida suyultirilgan gaz to‘kish vaqtida texnologik jarayonlarning buzilishi hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligi oqibatida ro‘y bergan. Shu tufayli chaqnash sodir bo‘lgan va undan so‘ng yong‘in yuzaga kelgan. Dastlab yong‘in oqibatida 1 fuqaro vafot etgani, 4 ta kishi jarohat olib, 8 nafar fuqaro tibbiyot xodimlari nazoratida ekani aytildi.
18 dekabr kuni ma’lumotlar yangilanib, qurbonlar soni ortib 3 taga yetgani ma’lum qilindi. Yuqorida aytganimizdek, QALAMPIR.UZ’ga qo‘ng‘iroq qilgan farg‘onalik fuqaro qurbonlar soni 20 ga yaqin ekani va bu ma’lumotlar sir saqlanayotganini aytmoqda. Uning ma’lum qilishicha, portlashda halok bo‘lganlar orasida uning uzoqroq qarindoshi va o‘sha ayolning farzandlari ham bo‘lgan. Ammo u haqda hozirgacha ma’lumot berilmagan.
“Qarindoshim 33 yoshlar atrofida edi. Benzin quyish uchun shoxobchasiga borgan. U bilan 2 ta farzandi va 1 ta 18 yashar jiyani bor edi. Opam fuqarolar kutishi uchun belgilangan joyda turgan. Portlash sodir bo‘lganida 18 yashar jiyani voqea joyida vafot etgan. 3 va 4 yashar 2 ta o‘g‘il farzandlari va o‘zining joni shifoxonaga kelganda uzildi”, deydi farg‘onaliklardan biri.
QALAMPIR.UZ’ga qo‘ng‘iroq qilib bu ma’lumotlarni bergan shaxsning ma’lum qilishicha, u voqea sodir bo‘lgan shoxobcha yaqinida ishlaydi. O‘z ko‘zi bilan zapravkaning ichida bo‘lgan 8 ta mashina yonib ketgani va avtomobillarining ichida odam bo‘lganini aytmoqda.
“Men yonilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida ishlayman. O‘z ko‘zim bilan ichkarida 8 ta avtomobil yonib kul bo‘lgani, portlash vaqtida shu ko‘chadan o‘tib ketayotgan 1 ta avtomobil ichidagi odamlari bilan yonib ketganini ko‘rdim. Men ishlagan joyga kelgan Ichki ishlar xodimi bexosdan gap orasida 20 ga yaqin odam halok bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, propan saqlanadigan idishning shlanki yaxlab qolgan. Ana shu shlankni eritishdagi ehtiyotsizlik oqibatida propan chiqib ketgan”, deydi fuqaro.
Uning aytishicha, jarohatlanganlarning ko‘pi voqea sodir bo‘lgan joydan bir chorraha yuqorida joylashgan viloyat Tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. QALAMPIR.UZ shifoxonadagi manbalari bilan bog‘landi. U yerdagilarning aytishicha, jarohatlangan va halok bo‘lganlar soni shifoxonaning xodimlaridan ham berkitilyapti. Olib borilganlarga qarash uchun ajratilgan shifokorlarning og‘zi "mahkamlangan".
“Bizning shifoxonamizda bir nechta shifokor, hamshira va "sanitarka"lar ishlaydi. Lekin portlashdan keyin olib kelinganlarga hamma ham qaray olmaydi. Ular haqidagi ma’lumotni oshkor qilish ham taqiqlangan. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir 8 ta odam 80-90 foiz kuyish tashxisi bilan ozot apparatida yotibdi. 1 ta voyaga yetmagan bola va 4 ta voyaga yetgan shaxs reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Jarohatlanganlarning aniq soni yo‘q, lekin ular juda ko‘p”, deydi shifoxona xodimi.
Tahririyat bilan suhbatda bo‘lganlardan birining aytishicha, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida "Ansor" nomli tamaddixona bor. Portlash vaqtida kafeda bo‘lgan yoshi kattalardan biri cho‘chib ketib, shok holatiga tushgan va shifoxonaga olib borilgan.
Shoxobcha yaqinidagi “malinkaya strana”, nomli bog‘chadagi bolalarga zarar yetmagan. Ular darhol evakuatsiya qilingan. Mazkur holat yuzasidan hukumat komissiyasi tuzilgani haqida ma’lumotlar mavjud emas. Lekin Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan. Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan va tergov harakatlari ketmoqda.
Farg‘ona IIB tomonidan vafot etganlar soni haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinganidan so‘ng O‘zbekistondagi rasmiy va norasmiy OAVlar bu ma’lumotlarni e’lon qildi. Ana o‘sha xabardagi izohlar esa ko‘pchilikning e’tiborini tortishi aniq. Izohlar keltiriladi. Ko‘rib turganingizdek, OAVlar yolg‘on axborot tarqatishda ayblanmoqda. Vaholanki, barcha OAVlar davlat organlariga tayangan holda raqamlarni e’lon qilgan. Bunday holatda ma’lumotni tarqatgan birlamchi manbalar emas, ommaviy axborot vositalari o‘quvchilar oldida butun javobgarlikni o‘z gardaniga olishiga to‘g‘ri keladi. Eng achinarlisi, bilasizmi, nima? O‘zbekistonda qurilish qoidalariga tupurib qo‘yilgani.
Masalan, aynan shu holatda ham AYOQSH odamlar yashaydigan uyga juda yaqin joylashgan. Buni viloyatning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari ko‘rmagan deb aytolmaymiz. QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan farg‘onaliklarning aytishicha, odamlar bu shoxobchaning odamlar uyiga yaqin joyda joylashgani va bu xavfli ekanini aytib bir necha bor norozilik bildirishgan.
Ko‘rib turganingizdek, “malinkaya strana” deb nomlangan bolalar bog‘chasi "zapravka"ga juda yaqin qurilgan. Nahotki bu xavfli ekanini bog‘cha rahbari yoki vazirlik bilmaydi. AYOQSH va AGQSHlar turarjoy binolari orasidagi masofa xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, aholi salomatligini himoya qilish maqsadida belgilanadi. Ammo ming afsuski, bu qoidalarga hech kim e’tibor bermaydi. Eng dahshati, hokimlar yoki boshqa tashkilotlar ko‘r-ko‘rona turli tadbirkorlarga qurish uchun ruxsat beradi. Odamlarning uyiga gaz hidi kirishi, bu ularning salomatligi uchun zarar ekani yoki doim xavf ostida qolishi hech kimni qiziqtirmaydi. Bo‘ladigan ish bo‘lganidan keyin ham halok bo‘lgan yoki jarohatlanganlar soni yashiriladi. Bu odamlarni tinchlantirishmi yoki boshqa narsami, unisi bizga qorong‘i.
LiveBarchasi