Baxtni “svet” va gaz bilan o‘lchaydiganlardan qarzdormiz (fotoreportaj)

Bu qiziq

image

Hali quyosh chiqib ulgurmay suv sepilgan hovlilar, endigina tandirdan uzilgan issiq non, yangi sog‘ilgan sut ifori... Bir qarashda bu hovlida 5-6 ta ayol birvarakayiga mehnat qilgan, deb o‘ylaysiz, ammo yanglishasiz. Har bir qishloq ayolining tongi mana shunday “shirin” tashvishlar bilan otadi. Nozik qo‘llar ketmon, o‘roqlar zarbidan qabarib ketgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, u o‘z ishidan mamnun, yuz-ko‘zida hayotga muhabbati yaqqol ko‘rinib turadi. Bu o‘sha samimiy va soddagina qishloq ayoli.

Tobora o‘sib borayotgan aholining qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan taminlanishida qishloq ayollarining o‘rni beqiyosdir. Jamiyatning qishloq ayollaridan qanchalik qarzdorligi va ularning mehnati qay darajada qadrli ekanini eslatish maqsadida 15 oktyabr – “Xalqaro qishloq ayollari kuni” deb e’lon qilingan.

Butunjahon qishloq xotin-qizlar kunini o‘tkazish g‘oyasi 1995 yilda Pekindagi BMT Xotin-qizlar konferensiyasida taklif qilingan. Bu kun qishloq ayollarining ko‘p qirrali rolini jamoatchilik tomonidan e’tirof etish va qo‘llab-quvvatlashning amaliy usuli sifatida ko‘rildi. Natijada, Butunjahon qishloq ayollari kuni har yili 15 oktyabrda nishonlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabridagi yig‘ilishida 15 oktyabr “Xalqaro qishloq ayollari kuni” deb rasman e’lon qilingan. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida mazkur sana “Xalqaro qishloq ayollari kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2021 yilning 1 oktyabr holatiga respublikaning doimiy aholisi soni 35 079 190 kishini tashkil etmoqda. O‘zbekiston aholisining 17 432 730 nafarini ayollar va 17 646 460 nafarini erkaklar tashkil qiladi. Jami ayollarning 8 439 358 nafari qishloqda yashaydi.

QALAMPIR.UZ “Qishloq ayollari kuni” arafasida Toshkent viloyatining Piskent tumani Do‘stlik mahallasi O‘smat qishlog‘ida bo‘ldi. Bu qishloqdagilarning nafaqat dundagi talato‘plar, Rossiyadagi migrantlar bilan bog‘liq o‘zgarishlaru Afg‘onistondagi voqealardan, balki O‘zbekistonda kutilayotgan saylov bilan bog‘liq jarayonlardan ham bexabarligi hayratimizni oshirdi. Ularning o‘z tashvishlari, o‘y-xayollari, kundalik yumushlari bor. Ostonada qish turibdi. Paxtani yog‘ingarchilikka qoldirmay terib olish, uyning kamini to‘ldirish, tugallanmay qolgan imoratning tomini yopish, bolalarga issiq kiyimlar olish odamlarning asosiy kun tartibidan o‘rin olgan. Yana kunlik osh-ovqat g‘ami alohida masala. 

Mahalla ahlining aytishicha, bu hududdagi deyarli hamma dehqonchilikdan kun ko‘radi. 1972 yilda tug‘ilgan Fariza Rahmatova 20 yil oldin Piskent tumani “Do‘stlik” mahallasiga kelin bo‘lib kelgan. U ham mana 20 yildirki dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

“Ayollar uchun erta tongdan ish boshlanadi. Sigir sog‘ish non yopish, uylarni tozaligi bizning gardanimizda. Uy ishlarini soat 8:00 gacha qilib bo‘lib dalaga otlanamiz. Bilasizmi, aslida qishloq ayoliga ko‘p narsa kerak emas. Biz yo‘limiz tekis bo‘lishi, uyimizda chiroq o‘chmasligi va gaz doim yonib turishidan ham baxtli bo‘la olamiz. Har bir odamni orzusi bo‘lganidek, mening ham orzularim juda ko‘p. Birinchi navbatda bolalarimni o‘qitsam, uyli-joyli qilsam, deyman. Yana bir orzum – shahar ayollaridek chiroyli bo‘lib konsertlarga borish. To‘g‘risini aytish kerak, fermerlar qo‘lida ishlaymiz, kuniga 100-120 ming so‘m pul topamiz, lekin topganimiz yeb ichish, va qishga g‘amlashdan ortmaydi. Bu yerdagi deyarli hamma ayollar dehqonchilik bilan shug‘ullanadi, o‘zimizga oro berish va boshqa ishlarga vaqt ham, sharoit ham yo‘q. Mahallamizda kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bor qo‘shnilarimiz ham ko‘p. Ishonasizmi, mahallada tibbiyot punkti u yoqda tursin, yaqin oradan dorixona ham topolmaysiz”, deydi Farida Rahmatova.

Qishloqdagi ayollar bilan suhbatlashar ekanmiz, ulardan 24 oktyabrda o‘tkazilishi kutilayotgan muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi haqida so‘radik. Lekin, ularning birortasi prezidentlikka nomzodlarni tanimaydi. Qishloqda nomzodlar, ularning saylovoldi dasturi haqida ma’lumot beruvchi tarqatma materiallar va plakatlar ham ko‘rinmaydi. Televizordan bilay desa, vaqt yo‘q, vaqt topilganda, “svet” bo‘lmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq ayollari dunyo aholisining to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi. Ular oziq-ovqat ishlab chiqarishda, qishloqlar barqarorligini rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynaydi. Agar dunyodagi eng kambag‘al odamlarning 76 foizi qishloqda yashayotganligini hisobga olsak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun dalada ishlovchi dehqon ayollarning butun dunyoda ochlik va qashshoqlikni kamaytirish yo‘lidagi xizmati beqiyos ekanini anglaymiz.

Shunga qaramay, ular ko‘pincha sifatli tibbiy xizmat, ta’lim va boshqa kundalik imkoniyatlardan mosuvo bo‘lib qolmoqda. Ularning jamoat hayotiga qo‘shgan hissalari ko‘plab mamlakatlarda yetarlicha qadrlanmayapti.

Shu sababli, qishloq ayollarining imkoniyatlarini kengaytirish, butun dunyoda qishloq xo‘jaligi ishchilari orasida ayollarning borligini hisobga olgan holda, nafaqat shaxslar, oilalar va qishloq jamoalari farovonligi uchun, balki iqtisodiyotning umumiy samaradorligi uchun ham juda muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 15 oktyabr – “Xalqaro qishloq ayollari kuni”ni keng nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Afsuski, qaror yetarlicha ijro etilmaganidan bu kun borligi haqida qishloq ayollarining xabari ham yo‘q. Hech yo‘q bir yilda bir marotaba ularga bu haqda aytilmaydi va rag‘batlantirilmaydi. Ular bugun ham qo‘llarida ketmon bilan dalada javlon urib ishlamoqda.

Qishloq ayollari bilan suhbatlasharkansiz ularning samimiyligi e’tiboringizni tortmay qolmaydi.

Kimdir hashamatli uyi yo‘qligi, mashinasi “inomarka” emasligi, yoinki uyida wi-fi ishlamayotganidan noliyotgan bir vaqtda qishloq ayollari internet nimaligini bilmay yashamoqda. Ulardan ayol uchun baxt nima deb so‘rasangiz “uyimiz tomidan suv o‘tmasa, qishin-yozin gaz yonib tursa, sovuq kunlarda loy kechmay tekis yo‘llarda yursak, ana shu – baxt”, deb javob beradi. 

Ayollarga, qishloq ayollariga BAXT bering! 
 

 

 

 


Maqola muallifi

Teglar

qishloq ayollar Qishloq ayollari Xalqaro qishloq ayollari kuni

Baholaganlar

219

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing