Si Szinpin va Putinsiz sammit. Dunyo yetakchilari “Tolibon” bilan hamkorlik qiladimi?

Olam

image

Kecha, 12 oktyabr kuni Italiya tomonining tashabbusi bilan Katta yigirma (G20) mamlakatlari rahbarlarining navbatdan tashqari virtual sammiti ochildi, unda Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Ushbu mamlakatdagi holat gumanitar falokatga yaqinlashishi fonida ko‘plab jahon siyosatchilari “Tolibon”ning yangi hukumati bilan hamkorlik muqarrar ekanini qayd etdi. Bu haqda BBC yozmoqda

Germaniya kansleri Angela Merkel xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonning tartibsizliklar ichida qolishidan ogohlantirdi. U sammit ishtirokchilariga “Tolibon” hukumati davrida bu mamlakat iqtisodiyoti qulasa, dunyo hech narsaga erishmasligini aytgan.

O‘z lavozimidan ketish arafasidagi Merkel Germaniya Afg‘onistonga insonparvarlik yordami uchun 600 million yevro ajratishga tayyorligini tasdiqlagan.

Dunyo rahbarlari, jumladan AQSH Prezidenti Jo Bayden, Afg‘oniston uchun ajratiladigan moliyaviy yordam to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Tolibon”ga emas, balki mustaqil xalqaro tashkilotlar orqali ko‘rsatilishi kerakligini ta’kidlagan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa Afg‘onistonga bir milliard dollarlik yordam paketini ajratishni taklif qilgan va shundan 300 millioni gumanitar halokatni oldini olish uchun yo‘naltirilishini aytgan. Biroq, u qolgan summa nimaga sarflanishiga aniqlik kiritmagan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti boshlig‘i Antoniu Guterrish ham Afg‘onistonning yangi hukumatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ o‘tkazilishiga qarshi chiqqan va mamlakat iqtisodiyotiga yordam berishni taklif qilgan.

Sammit ishtirokchilarining bir qismi Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish “Tolibon”ning inson huquqlariga rioya qilishiga bog‘liq bo‘lishini taklif qilgan.

“Men, ayniqsa, toliblarning qizlar va ayollarga bergan va’dalari bajarilmayotganidan qo‘rqyapman”, deydi Guterrish.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, G‘arb oldida deyarli imkonsiz vazifa turibdi: ko‘plab mamlakatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan “Tolibon” bilan bevosita aloqani chetlab o‘tib, oddiy afg‘onlarga yordam berish.

“Bizda o‘ylashga vaqt yo‘q. Harakat qilishimiz va buni tez amalga oshirishimiz kerak”, deydi Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Qayd etish kerakki, Katta yigirmatalikka Rossiya ham a’zo bo‘lsa-da, unda Vladimir Putin ishtirok etmadi. Peskovning ta’kidlashicha, tezkorlik bilan boshlangan ushbu sammit Rossiya Prezidentining ish grafigiga to‘g‘ri kelmagan. Bundan tashqari, Xitoy rahbari Si Szinpin ham ushbu sammitda ishtirok etmayapti. Biroq, sammit tashkilotchilari har ikki tomonga ham taklifnoma berilganini qayd etgan. O‘z navbatida, Italiya Bosh vaziri Mario Dragi Rossiya va Xitoy yetakchilarining sammitda ishtirok etmayotganiga hech qanday siyosiy asos yo‘qligini hamda ushbu davlatlardan boshqa vakillar sammitda qatnashayotganini ta’kidlagan

Eslatib o‘tamiz, Putin bilan Si Szinpin Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga bormagan, biroq onlayn ishtirok etgandi

Ma’lumot uchun, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

186

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing