Pora olayotgan “zamhokimlar”
Tahlil
−
06 noyabr
5128O‘qi, bolam, kam bo‘lma,
Ko‘zing jiqqa nam bo‘lma.
Kim bo‘lsang, bo‘lgin biroq
Hokimlarga “zam” bo‘lma.
Xalqimiz ijodkor. Hazil bilan aytsa ham, yetib boradigan qilib aytadi gaplarini. Bu misralar shu kunlarda pul bilan qo‘lga tushayotgan hokim o‘rinbosarlari haqidagi xabarlar fonida bitilgan.
2024 yil tugashiga ham oz qolyapti. Ammo pora olish, mansab soxtakorligi, moddiy mablag‘ evaziga kimningdir yumushlarini "tepadagi" yoki biron bir tashkilotdagi tanishlari yordamida hal qilib berish kabi ishlar hali beri tugamaydiganga o‘xshaydi. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda hali qarasangiz u, hali qarasangiz bu hokimning o‘rinbosari yoki yordamchisi pora bilan qo‘lga tushganini eshitasiz. Ssenariylar juda o‘xshash. Kimdir yerni falon yilga ijaraga olib bermoqchi, qaysidir vallomat yerni butunlay berib yubormoqchi, yana boshqa biri esa imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida ko‘maklashish ilinjida va hokazo. Solishtirsangiz, bunday o‘xshashliklar talaygina topiladi.
Shu kunlarda hokim o‘rinbosarlarining ketma-ket qo‘lga olinishi ortidan jamoatchilik orasida “nega faqat hokim o‘rinbosarlari ushlanyapti yo “hokimbuva”lar oppoqmi?” degan savol paydo bo‘ldi. Xo‘sh, bu borada sizning fikringiz qanday? Nega doim “zam” hokimlar “vinovat” bo‘lyapti? Hokimlar daxlsizmi yo ular haqiqatdan ham “chesniy” ishlaydimi?
Keling, yaxshisi oxirgi paytlarda qaysi hokim yoki uning o‘rinbosari, yordamchisi pora olganlikda ayblanib, qo‘lga olingani haqida batafsil so‘z yuritamiz.
Davlat xavfsizlik xizmatining iyun oyida Sirdaryoda olib borgan tadbirlari davomida Sayxunobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorga tuman hududidan 6 gektar yer maydonini olib berish evaziga 20 ming dollar hamda viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan va tumanga qarashli 50 sotix yer maydonini yengil konstruksiya ko‘rinishidagi qurilish qilish uchun ijara shartnoma asosida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar, jami 25 ming dollar talab qiladi. U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Iyul oyida Andijon va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hokim o‘rinbosarlari pora bilan qo‘lga tushdi. Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zining mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, hokimlik balansida bo‘lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan va evaziga 35 million so‘m talab qilgan. So‘ralgan pul mablag‘idan 32 million so‘mni o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Andijon viloyatining Bo‘ston tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘zining nomida bo‘lgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga o‘zgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak o‘simligi yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Bo‘ka tumani bo‘limi boshlig‘i 2022 yilda qurilgan ko‘p qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan ob’ektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida davlat qabul qilish dalolatnomasi”ni tasdiqlatib berish evaziga 2500 AQSH dollari talab qilgan. Uning topshirig‘iga ko‘ra, talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida Bo‘ka tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 1200 AQSH dollarini Bo‘ka tumani hokimining qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lgach, tezkor tadbir davom ettirilgan hamda mansabdor shaxs pul mablag‘ini o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Avgustda esa Toshkent va Jizzax viloyatlarida hokim yordamchilari pora bilan ushlandi.
O‘rta Chirchiq tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs mansabdor tanishlari orqali “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fuqaroga 1,8 gektar yer maydonini 10 yil muddatga ijaraga olib berish evaziga 15 ming dollar talab qilgan, oldindan 13 ming dollar olgan vaqtida esa ushlangan. G‘allaorol tumanining hokim yordamchisi esa vakolatli tanishlari ko‘magida fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Har ikkala mansabdorga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yuqorida aytganimizdek, mansabdorlarning pora olishlari hali ham davom etyapti. Gapimning isboti o‘laroq kuni kecha ham Toshkent viloyatida hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln AQSH dollari talab qilib, oldindan uning yarmini o‘zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan ob’ektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ob’ektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 million so‘m olgan vaqtida viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham ushlangan. Hozirda hokim o‘rinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Navoiy viloyatining Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olib berish evaziga 20 million so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z xizmati uchun 10 million so‘m hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 million so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bankdan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida yordam berish evaziga 9 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming dollari talab qilib, oldindan 1000 dollar olgan vaqtida ushlangan Xovos tumani hokimining o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bular bor-yo‘g‘i hali shu paytgacha amaldorlar tomonidan sodir etilgan va ochiqlangan jinoyatlar xolos. Ochiqlanmaganlari qanchadan qancha.
Yodingizda bo‘lsa, Bosh prokuratura mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Unda qanchadan-qancha mansabdorlarning jinoyat sodir etgani, pora olgani-yu mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘ygani aytilgan. Bu haqda tayyorlangan videoni QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Umid qilamizki, mansabdorlarning jinoyatga qo‘l urishi kamayadi. Uzatilgan poralarni rad etishadi. Ularga ishonib topshirilgan mansabni suiiste’mol qilishmaydi. Balki kuch ishlatar tizimlar tomonidan o‘tkaziladigan navbatdagi tadbirlarda hech qachon kursisini bermaydigan amaldorlarni qo‘lga olinishiga guvoh bo‘larmiz. Mayli, hozircha yaxshi niyat qilib turaylik. O‘zingizni ehtiyot qiling. Izohlarda faol bo‘lib QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi