Namanganda pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
3-sahifa
−
05 dekabr 2025 5185 2 daqiqa
Namangan shahri va Yangi Namangan tumanlarida hokimning tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchilari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan shaxar hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi mazkur mahalladagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, bir yil davomida noturar sifatida foydalanib turish va bir yildan so‘ng yer toifasi karorini turarjoy toifasiga o‘zgartirib berishni va’da qilib, buning evaziga fuqarodan 6 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimlik vakili kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday holat Yangi Namangan tumani mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida ham kuzatilgan. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali ushbu mahalladagi 12 sotix davlat zaxirasida bo‘lgan yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 16 ming dollar talab qilib, oldindan 6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida hokim o‘rinbosari 8 ming dollar bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi