Sud qarorini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan blogerga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Jamiyat

image

Namanganda sudga ta’sir o‘tkazishga uringan, o‘zini bloger sifatida tanishtirgan Sh.Yu.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Aniqlanishicha, Sh.Yu. jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va boshqa moddalari bilan ayblanayotgan K.T.ga oid jinoyat ishi bo‘yicha yengilroq jazo tayinlanishiga erishish maqsadida sudya qabuliga kirib, hali mazmunan ko‘rib chiqilmagan ish bo‘yicha intervyu berish talabini qo‘ygan. 

Bunga javoban sudya qachon va qay tartibda intervyu berishiga oid qonun normalarini tushuntirib, yozma murojaat etishini so‘raganda Sh.Yu. hech qanday izohsiz chiqib ketgan.

Qayd etilishicha, shundan so‘ng Sh.Yu. sudlanuvchining onasi bilan telefon orqali bog‘lanib, go‘yoki sudyani “duxi”ga o‘tqazgani”, o‘g‘lini jarima jazosi bilan sud zalidan olib chiqib ketishi mumkinligini, buning uchun birgalikda ikkita videorolik tayyorlash kerakligini aytgan.

“Videorolikning biri “sudyaga rahmat, adolatli ekan”, ikkinchisi “sud o‘g‘limni qamab yuboryapti, aybsiz edi, o‘zimni yoqib yuboraman” mazmunida bo‘lishi kerakligi, agar sudya jarima jazo tayinlashga rozi bo‘lmasa, ikkinchi videorolikni internet tarmog‘ida tarqatib yuborishini bildiradi”, deyilgan Sudyalar oliy kengashi xabarida.

Sh.Yu. xizmati evaziga sudlanuvchining onasidan 500 AQSH dollari talab qiladi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshirish natijasida Sh.Yu.ga nisbatan tuhmat (JK 139-modda) va firibgarlikka (JK 168-modda) qasd qilish, shuningdek, sud ishlariga aralashish, ya’ni adolatsiz hukm chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish (JK 236-modda) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sud

Baholaganlar

245

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing