Qobul aeroportida Italiyaning harbiy samolyoti o‘qqa tutildi
Olam
−
26 avgust 2021
15883Italiya Harbiy havo kuchlarining samolyoti Qobul aeroportida o‘qqa tutildi. Havo transporti Afg‘onistonda evakuatsiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan. Bu haqda “The Wall Street Journal” gazetasi yozmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Samolyot esa allaqachon, Kuvaytdagi aviabazaga qo‘ngan.
Ma’lum qilinishicha, o‘qqa tutilgan C-130J harbiy-transport samolyoti bortida jurnalistlar va 98 fuqaro bo‘lgan.
Taxminlarga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilgach, og‘ir avtomatlar bilan aeroport tashqarisidagi qo‘shni tepalikdan o‘qqa tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” Qobul aeroportiga ISHID hujum qilishi mumkinligi haqida NATOga ma’lumot yuborgan edi.
“Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid tahdid “kichik va noaniq” ekanligini aytgandi. Lekin, u toliblarning nomini qoraga chiqarishga urinish bilan bog‘liq fitna uyushtirilishi haqida xabar bergan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi. Biroq, ular ayni vaqtda uy qamog‘iga olingan.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi