“Tolibon” va bo‘ysunmas Panjsher o‘rtasida kim “dallol” bo‘lishi mumkinligi aytildi

Olam

image

Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi “Tolibon”ga qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’ud Rossiya ularga “Tolibon” harakati bilan muzokara o‘tkazishga yordam berishi mumkin va shu orqali mamlakatda zo‘ravonlikning avj olmasligiga erishish mumkin, deb hisoblamoqda. Mas’ud RBK nashrida e’lon qilingan intervyuda shunday fikr bildirgan.

Qarshilik yetakchisining fikricha, Moskva “Tolibon” va Panjsher o‘rtasida favqulodda tinchlik muzokarasi o‘tkazishga yordam bera oladi.

Mas’ud yangi hukumatning faqat “Tolibon” tomonidan tuzilishi Afg‘onistonning izolyatsiya qilinishiga olib kelishini va odamlar na mamlakatda, na chet elda bir-birlari bilan tinch-totuv yashay olmasligini aytdi

“Afsuski, “Tolibon”ning harakatlari ular inklyuzivlik, tolerantlik, inson va ayol huquqlari tarafida emasligini, ular demokratik qadriyatlarni hurmat qilmaydi. Xalqaro hamjamiyat hukumatni tan olishi uchun kerak bo‘lgan barcha narsalar. Bu biz uchun muammo, buni qabul qila olmaymiz”, degan Mas’ud.

Avvalroq, Ahmad Mas’ud Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Ashraf G‘ani hukumati AQSH qo‘shinlari chiqqanidan ko‘p o‘tmay qulaganini mamlakatdagi korrupsiya, o‘zboshimchalik siyosati, ular bilan xalq o‘rtasidagi ulkan, vayronkor jarlik hamda afg‘on askarlarining AQSHga ishonib qolgani bilan bog‘lagandi.

Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat

Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.

"Tolibon" harakati Panjsher rahbarlariga taslim bo‘lishni taklif qildi. Ammo bu taklif tezda rad etildi. 

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing