O‘zbekiston afg‘onistonlik qochqinlarga eshik ochadimi?

Olam

image

Avvalroq, Tojikistonning Jayxun tumanida afg‘onistonlik qochqinlar uchun vaqtinchalik markaz qurilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik. Afg‘onistondagi vaziyat kun sayin xavotirli tus olib bormoqda va bu qo‘shni mamlakatlarga ham tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Xo‘sh, agar mamlakatda “Tolibon” kuchayib boraversa, O‘zbekiston ham afg‘onistonlik qochqinlarga eshiklarini ochish majburiyatida qolmaydimi? QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov yuqoridagi savol bilan Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chiga yuzlandi. 

“Ajoyib savol. Chegaralarni bir tomonlama nazorat qilish imkonsiz. Ikki tomonlama nazorat qilinishi lozim. Masalan, O‘zbekiston qochqinlarni qabul qilishni istamasa, chorasini ko‘radi. Xuddi biz Turkiyada Suriyali qochqinlarni qabul qilishni istamaganimiz kabi. Boshqa tomondan esa, hokimiyatga kelishni istagan “Tolibon” o‘z aholisini himoya qilishi kerak. Agar “Tolibon” o‘z aholisining boshqa yerlarga ketishiga izn bersa, u holda hokimiyat zaiflashadi. Insonlar o‘z yerlarida qolishlari va Hukumat bilan birga ishlashlari kerak. 

Hozir jarayon davom etmoqda. Qocha olganlar qochib ketishyapti. Bu esa “Tolibon”lar rejimining fuqarolar tomonidan qabul qilinmaganini anglatadi. Biz buning namunasini Yevropadagi hukumat to‘ntarishlarida ko‘rdik. Sovet Ittifoqi repressiyalariga guvohmiz. Odamlar o‘z zaminlarida qoldilar. Boshqa yurtlarga ketmadilar. Ammo Afg‘oniston masalasi umuman boshqa bir masala”, deydi siyosatshunos.  

2011 yilda Suriya va Iroqda ISHID terroristik tashkilotining harakatlari avj olgani sari mamlakat aholisi boshqa yerlarga qochishni boshladi. Bunda eng yaqin manzil Turkiya bo‘ldi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Turkiyada 6 millionga yaqin qochqin bor va ularga 80 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan. Agar afg‘onistonda ham vaziyat og‘irlashsa, Turkiya afg‘on qochqinlariga ham peshvoz chiqadimi? 

“Ayni vaqtda Turkiya xuddi Xitoy devori kabi Iroq va Suriya chegarlarida devor qurib, chegarani himoya qilish harakatida. Eron bilan ham 146 kmga yaqin maydonda chegara qurilishi boshlandi. An’anaga ko‘ra, afg‘onlar Turkiyaga Eron tomonidan kirib keladilar. Eron ularning mamlakat hududida qolishlarini istamaydi va Turkiya tomonga yo‘naltiradi. 

Qochqinlarning asosiy qismi yosh yigitlar va bu Turkiya uchun ancha katta muammo. Umuman olganda, Afg‘onistondan kelgan qochqinlar, Turkiya sharoitiga darhol moslashadilar, ularning mamlakat ichidagi integratsiyasi bilan bog‘liq muammo yo‘q. Masalan, Suriyadan kelgan qochqinlarning mamlakat ichidagi moslashuvi va integratsiyasi biroz muammoli. Chunki madaniyatlar juda farqli. 

Afg‘onlar mehnatkash, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida, chorvachilikda juda yaxshi va ishonchli ish kuchi hisoblanadi. Eng muhimi, ular yosh. Turkiya 2012 yildan buyon xorijiy qochqinlarga 80 milliard dollar sarfladi. Turkiya qochqinlarga eshigini ochish bilan xato qilganini ko‘rdi, ammo juda kech qoldi. Suriyadagi vaziyat bir necha oy ichida barqarorlashadi, deb o‘ylashgan edi. Ammo 11 yil o‘tsa hamki, notinchliklar davom etadiganga o‘xshab ko‘rinmoqda. Bu demografik jihatdan muammo. Iqtisodiy jihatdan esa muammo bo‘lmasligi mumkin. Chunki Turkiyada oldimizdagi davr uchun arzon ish kuchi paydo bo‘ldi va bu bir ustunlik. Bu to‘g‘rimi, deb so‘rasangiz, yo‘q deb javob qilaman. Ammo, Turkiyaning ham boshqa yo‘li yo‘q”.

Husayin Bag‘chiga ko‘ra, Turkiya hukumati afg‘onistonlik qochoqlar uchun chegaralarni yopishni o‘ylamayapti. U o‘z so‘zlarida Suriya va Afg‘onistondan kelayotgan qochoqlar farqiga to‘xtaldi. 

“Suriyadan kelganlar bilan Afg‘onistondan kelayotganlar orasida katta farq bor. Afg‘onistondan kelayotgan radikal islomiy rejimdan qochib kelishmoqda. Turkiya bunday islomiy harakatlarning katta yo‘qotishga uchrayotganini ko‘rmoqda. Odamlar qochyapti. Xo‘sh, ular Turkiyaga nega kelyapti? Chunki Turkiya – dunyoviy davlat. Turk xalqi ISHID kabi “Tolibon”ning ham xato yo‘ldan borayotganini ko‘rib turibdi. 

Qolaversa, Turkiyada Afg‘onistonliklarga nisbatan iliqlik bor. Bu tarix bilan bog‘liq. Suriyaliklarga bu iliqlik ko‘rsatilolmaydi”.

Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chi bilan geosiyosiy jihatdan muhim suhbatni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

198

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing