Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni belgilandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

2021/2022 o‘quv yiliga ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki mingta etib belgilandi. 

Vazirlar Mahkamasining kecha, 3 iyundagi qarori bilan 2020 yil 23 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 402-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qarorga ko‘ra:

•    ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari sonini ikki baravarga oshirish orqali ikki mingtaga yetkazildi;

•    tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlish bo‘limiga elektron shaklda murojaat qilishlari imkoniyati yaratildi;

•    tavsiyanoma belgilangan mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga bir yil muddatga berilishi belgilandi.

Shuningdek, oilaning ehtiyojmandlik darajasini "Temir daftar" va "Ayollar daftari"ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda "Yoshlar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar orqali aniqlash tartibi joriy etildi.

Ma’lumot uchun, o‘qish istagini bildirgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning murojaatlari har yili 30 maydan 8 iyungacha elektron shaklda ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM imtihon

Baholaganlar

83

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing