Toshkentdagi milliardlik festival qanday o‘tmoqda?
Jamiyat
−
21 may 2021
13864Bugun, 21 may kuni Toshkent shahrida 5 tashabbus harakati start oldi. Festivalning ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.
21 – 25 may kunlari o‘tkaziladigan festival doirasida madaniy va intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, mediatreninglar, vazirlar, deputatlar, tadbirkorlar, dizayner va yulduzlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Tadbir ochilishida ishtirok etgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent 5 tashabbus harakati yoshlar festivaliga ajratilgan pullar haqida ma’lumot berib, tadbirga 1 mlrd so‘m ajratilganini urg‘uladi.
“Bu tadbir 5 kun deyilgani bilan, agar yoshlarga ma’qul keladigan bo‘lsa, muddat uzayishi mumkin. Shu boisdan ajratilgan mablag‘lar miqdori ham o‘sish ehtimoli bor. Hozircha dastlabki xarajatlar bo‘yicha 1 mlrd so‘m o‘tkazib beryapmiz. Bu summa festival qo‘shimcha tanlovlar va tadbirlari evaziga oshishi mumkin”, dedi Ortiqxo‘jayev.
Hokim tadbir haqida gapirar ekan, ish bor joyda kamchilik bo‘lishi, OAV xodimlari bu vaziyatda tashkilotchilarni qo‘llab-quvvatlab, kamchiliklar haqida xodimlarga qo‘ng‘iroq qilib aytishini iltimos qildi. Bu yilgi kamchiliklardan xulosa chiqarib keyin yil xatosiz tadbir tashkillashtirish mumkinligini ta’kidladi.
“Hurmatli OAV vakillari va blogerlar! Bu bayramga biz juda katta tayyorgarchilik qildik. Ayrim xodimlarimiz 24 soatlab mehnat qilishdi. Yoshlarimizga shunday bir to‘yona, yoshlarimiz uchun katta bayram, to‘ydek qilib o‘tkazishimiz kerak. Iltimos qilaman, qayerdadir qandaydir kamchiliklarimiz bo‘lsa, to‘yimiz to‘ydek o‘tcin, bayram bayramdek o‘tcin.
“Toshkent 21” botimiz bor, kamchiliklarni o‘zimizga aytsangiz, muammolarni to‘g‘rilab qo‘yamiz. Agar, OAV vakillari va blogerlar, yoshlarni bizchalik sevsangiz, kamchiliklarimizni saytingiz orqali aylantirishingiz shart emas. Telefon qilib, yoki botimizga aytib qo‘ysangiz, to‘g‘rilab qo‘yamiz. To‘yimizni buzmanglar. 24 soat to‘y to‘ydek bo‘lsin! Bizda keyingi gal ham bayram o‘tkazishga ishtiyoqimiz bo‘lsin. Bayramni shuncha qilib, tanqidlar bo‘laversa, keyin o‘tkazmaymiz, deb qo‘limizni yerga tushirishni xohlamaymiz”, dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Festivalda “Zakovat” intellektual o‘yini turniri, faol, zamonaviy va maqsad sari intiladigan qizlar uchun Ayollar netvorkingi haftaligi o‘tkaziladi. Unda jamoalar 4 yo‘nalish: ilm-fan va texnologiyalar (STEM), biznes, ijtimoiy soha va art bo‘yicha loyihalarni taqdim etishadi. Bir vaqtning o‘zida o‘quv treninglari, spikerlar chiqishlari va boshqalar ham bo‘lib o‘tadi.
Festivalda Tashkent Dance Fest va Tashkent Voice Fest raqs hamda vokal tanlovlari ham bo‘lib o‘tadi. Tashrif buyurgan yoshlar, iste’dodli yigit-qizlar sovrinli o‘rinlar uchun musobaqalashadi. Festivalga bevosita bosh qo‘shgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov iste’dodli yoshlarga imkoniyat va sharoit yaratib berilishi haqida aytib o‘tdi.
“Madaniyat vazirligi bosh qo‘shmaydigan madaniy tadbir bo‘lmaydi. Respublikamizning qaysi burchagida madaniy tadbir bo‘ladigan bo‘lsa, u yerda Madaniyat vazirligining ishtiroki bor. Bu tadbirni ham katta madaniy tadbir deb, ayta olamiz. Festivalning musiqiy qismining hammasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Juda ko‘p san’atkorlar jalb etilgan. Tadbir necha kun davom etadigan bo‘lsa, xalqimizning eng sevgan san’atkorlari kelib xizmat qilishadi.
Ushbu tadbir doirasida Toshkent viloyati hokimligi tomonidan birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan yoshlar hamda boshqa ishtirokchilar uchun sovg‘alar ajratilgan. Har bir iste’dodli yosh uchun rag‘bat degani bu e’tirof degani. Har qanday iste’dod egasi e’tirofni istaydi. Bu esa uning ertangi kuni uchun qaysidir ma’noda ishonch bag‘ishlaydi. O‘ziga ishonchini orttiradi. Rag‘batsiz manfaatga erishish mumkin emas”, deydi vazir Nazarbekov.
LiveBarchasi