Le Moci: “O‘zbekiston – fransuz kompaniyalari uchun yangi Eldorado”

Olam

image

Dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biri Fransiya kompaniyalari kelgusi yillard O‘zbekistonda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi savdosi, energetika, suv xo‘jaligi, mineral resurslar razvedkasi kabi muhim sohalarga kirib boradi. Fransiyaning “Le Moci” nashri O‘zbekiston triklor (Fransiyaning norasmiy nomi) kompaniyalari Markaziy Osiyo mamlakati iqtisodining qaysi sohalariga kirib borishi haqida maqola e’lon qildi.

Maqolada yozilishicha, 2019 yildan beri triklor kompaniyalarining katta guruhlari 2017 yildan buyon O‘zbekiston iqtisodiyoti xorijiy investitsiyalar uchun ochiqligidan foydalanib, davlat tashkilotlari va kompaniyalari bilan maslahatlashuv va ekspertiza shartnomalarini tuzmoqdalar.

Xususan, o‘tgan yili Toshkentda ilk do‘konini ochgan Carrefour yanvar oyida yana ikkita supermarketini ishga tushiryapti. Bu O‘zbekistonga va umuman Markaziy Osiyoga yirik xalqaro do‘konlar tarmog‘ining kirishi demakdir.

Fransuz brendi 2022 yilgacha Toshkentda beshta supermarket va ikkita gipermarket ochishni rejalashtirgan. Natijada 2500 to‘g‘ridan to‘g‘ri ish o‘rni ochiladi. Yana 600 ga yaqin yetkazib beruvchi ishga tushiriladi.

Fransiyaning Rungis Semmaris kompaniyasi esa O‘zbekistonda agrologistika infratuzilmasini rivojlantiradi. Kompaniya o‘tgan yilning 9 dekabrida O‘zbekiston va Fransiya Qishloq xo‘jaligi vazirlari bilan masofaviy tarzda Toshkent, Samarqand va Andijonda ulgurji qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorini tashkil qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan.

“Biz 2-3 yil ichida 15 million yevrolik shartnoma asosida mamlakat bo‘ylab 8 ta agrotexnika markazini, shu jumladan uchta ulgurji bozorni rivojlantirish uchun eksklyuziv va strategik yordam va tajribani taqdim etamiz. Qaysidir ma’noda biz ushbu loyihani boshqarishda O‘zbekiston hukumatiga maslahat va yordam beramiz”, degan Semmaris prezidenti Stefan Layani.

Ushbu agrologistika infratuzilmalari tarmog‘i yiliga 3 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan. Bu hanuz norasmiy bozorlar tomonidan band bo‘lgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorini tuzishda yordam berishi kerak.

Maqolada 2016 yil oxirida Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan Markaziy Osiyoning aholisi eng mamlakat iqtisodiyotida proteksionistik va sovetcha sarqitlardan qutilishga harakat boshlangani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, Prezident Mirziyoyev milliy iqtisodiyotning butun sohalarini xususiylashtirish orqali uni xorijiy investitsiya va kapital uchun ochdi hamda qayta jonlantirdi. Shu orqali kutilmaganda barcha e’tibor O‘zbekistonga qaratildi.

“Rivojlanayotgan mamlakatdagi barcha xorijiy kompaniyalar, xitoy, rus, turk, nemis, italyan va boshqalarga nisbatan fransuz kompaniyalari uzoq muddatli loyihalarda maslahat va ekspertiza o‘tkazishda ustunlikka ega”, deydi Fransiya-O‘zbekiston biznes klubi kotibiyati maslahatchisi Per Dirrig.

Shuningdek, 2020 yilda Suez fransuz kompaniyasi Toshkent shahrining suv ta’minoti va drenaj tizimini yangilash bo‘yicha poytaxt hokimligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan 7 yil muddatga 142 mln yevrolik bitim tuzgan.

Mazkur kompaniya suv resurslari bo‘yicha yangi avlod menejerlari va mutaxassilarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida “Uzbekistan Water Academy”ni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, 2019 yilning sentyabrida Total Eren kompaniyasi elektr energiyasi xaridi va ilk quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha O‘zbekiston bilan 25 yillik shartnoma tuzgan. 100 MVt quvvatga ega stansiya Samarqand viloyatida qurilib, 150 ming aholini energiya bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, Fransiyaning Assystem kompaniyasi va O‘zbekiston Energetika vazirligi mamlakatdagi energiya tizimi boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma korxona ochilishini e’lon qildi.

Assystem kompaniyasi mamlakatda yangi energiya balansni joriy qilishga imkon beradigan loyihalarni ishlab chiqishda muvofiqlashtirishda va boshqarishda yordam berishi kerak.

Bundan tashqari, 2019 yilda Orano kompaniyasi O‘zbekistonda tog‘-kon qidiruv ishlari va uran qazib olishni rivojlantirish maqsadida Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlik bitimi imzolagan. Unga muvofiq, 51 foizi Orano kompaniyasiga, 49 foizi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan qo‘shma korxona tuzildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Orex Loisirs, Campagnie des Alpes, Geode va Egis fransuz kompaniyalari konsorsiumi “Bildirsoy–Chimyon–Nanay” loyihasini amalga oshirmoqda.

“Kelajakda fransuz kompaniyalariga qishloq xo‘jaligi, energetika, foydali qazilmalar, chakana savdo va butun turistik infratuzilma kabi istiqbolli sohalarda o‘z bilim va malakasini berishda kamchiliklar bo‘lmaydi”, deyiladi maqola so‘ngida.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Frantsiya

Baholaganlar

54

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing