“O‘zbekkonsert” haqoratli izohlar mualliflarini jazolashni talab qilyapti
Madaniyat-san’at
−
06 aprel 2020
14836O‘zbekistonda san’atkorlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli bo‘hton va tuhmat tarqatgan, shuningdek, ularni haqorat qilgan sahifa egalariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishi davomida ma’lum qildi.
“San’atkorlar ham inson. O‘zbekistonning boshqa fuqarolari kabi ularning ham huquqlari Konstitutsiya bilan himoyalangan. So‘nggi kunlarda san’atkorlarga nisbatan bo‘layotgan munosabatdan kelib chiqqan holda, huquqni muhofaza qilish organlari bilan bevosita muzokaralar olib boryapmiz. Ularning sha’niga nisban noo‘rin fikr bildirganlarga qonuniy jazo ko‘rish masalasini ko‘rib chiqyapmiz”, deydi Odiljon Abduqahhorov.
Avval xabar berganimizdek, bundan bir necha kun avval “O‘zbekiston 24” telekanali orqali efirga uzatilgan “Xalqaro press-klub” ko‘rsatuvida boshlovchi Sherzod Qudratxo‘jayev ijtimoiy tarmoq orqali yetib kelgan maktubni o‘qib eshittirgandi. Unda san’atkorlarga otarchi tamg‘asi “yopishtirilib”, ular ayni og‘ir kunlarda xayriya qilmayotganlikda ayblangan. Oradan ko‘p o‘tmay ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va efir orqali san’atkorlarning haqorat qilinishi deya baholanib, e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi o‘sha kunlari san’atkorlar 352 milliondan ortiq xayriya qilgani bo‘yicha hisobot berdi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi esa mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, xayriya qilishga majburlash mumkin emasligini eslatdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan bahs-munozaralarda foydalanuvchilarning ko‘p qismi san’atkorlar xalqning daromadi evaziga pul topishi, bir to‘yga falon ming dollarga borishini iddao qilmoqda. Abduqahhorov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida ushbu masalaga ham oydinlik kiritdi.
“To‘g‘ri, san’atkor xalqdan daromad topyapti. Lekin, xalqdan kim daromad topmayapti? Xalqdan dorixonachi daromad topmayaptimi? Yoki novvoy daromad topmayaptimi? Ko‘p soha vakillari xalqdan daromad topadi. Lekin, san’atkor taniqli bo‘lgani uchun u doim e’tibor markazida bo‘ladi. San’atkorlarimiz Vatanimiz chaqirganda labbay deb keladigan soha xodimlari sanaladi. Ular Vatanini, xalqini juda yaxshi ko‘radi. Bu narsani to‘g‘ri baholagan yurtboshimiz, bugungi kunda san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdalar. Bundan xulosa qilib, boshqa soha vakillari ham san’atkorlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishsa, yaxshi bo‘lar edi”, deydi Abduqahhorov.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr