"Ko‘p bolali oila”larda nechta farzand bo‘ladi?

Jamiyat

image

 COVID-19 pandemiyasi vaqtida davlat tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish dolzarb masaladir. Bu, ayniqsa, pandemiya ortidan kelayotgan inqiroz paytida o‘zining salmog‘ini yanada oshirmoqda. Ijtimoiy yordam berilishi zarur bo‘lgan oilalardan biri ko‘p bolali oilalar masalasida qonunchilik tahlil qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.   

Birinchidan, qonun hujjatlarida “ko‘p bolali oila” tushunchasiga turlicha mezonlar belgilangan, xususan: 
– yosh mezoni – bolani maksimal yosh chegarasi 16 yoshgacha va 18 yoshgacha; 
– bola soni – uch nafardan yetti nafargacha. 
 

Ikkinchidan, huquq normalarining o‘zaro nomuvofiqligi amaliyotda ularni qo‘llashda ijtimoiy adolat prinsipining buzilishiga shart-sharoit yaratib bermoqda. 
 

Uchinchidan, qonunchilikda “ko‘p bolali oila” mezonlari turli xil belgilanganligi bois, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan haqiqatda muhtoj bo‘lgan oilalarning teng huquqli ravishda foydalanish imkoniyati mavjud emas. 
 

Masalan: 
 

– Coliq kodeksining 436-moddasiga ko‘ra, ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada o‘n olti yoshga to‘lmagan besh va undan ortiq bolalari bo‘lgan ko‘p bolali oilalar jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etilishi ko‘rsatilgan; 
 

– Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar-joylarni taqsimlash  
va taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda esa o‘n olti yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari bo‘lgan ko‘p bolali oilalar aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar-joy beriladigan fuqarolar toifasiga kiritilgan.  
 

To‘rtinchidan, ko‘plab xorijiy davlatlarda ularning ijtimoiy-iqtisodiy, demografik xususiyatlaridan kelib chiqib qonun hujjatlarida “ko‘p bolali oila” tushunchasining yagona ta’rifi aniq belgilangan. 
 

Beshinchidan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya hamda  
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, bola deganda  
o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs tushuniladi. 
 

Yuqoridagilarga asoslanib, Adliya vazirligi tomonidan “ko‘p bolali oila” tushunchasining aniq mezonini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan. Bunga ko‘ra, Oila kodeksiga “ko‘p bolali oila” tushunchasini kiritish, ya’ni ota-ona yoki ulardan biri bilan birga yashayotgan 18 yoshga to‘lmagan to‘rt va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar ko‘p bolali oilalar deb belgilash hamda boshqa qonun hujjatlaridagi “ko‘p bolali oila” tushunchasini ushbu yagona mezonga muvofiqlashtirish taklif etilmoqda. 
 

“Ta’kidlash joizki, “ko‘p bolali oila” tushunchasining aniq mezoni belgilanishi davlat himoyasiga muhtoj ko‘p bolali oilalarga ijtimoiy adolat prinsipi asosida imtiyozlar berilishiga, xususan turar joy,  
yer ajratish, soliq to‘lovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan keng foydalanishga huquqiy asos yaratadi hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

farzand COVID-19

Baholaganlar

2

Reyting

3.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing