Yangi vazirlik va Fermerlar kengashi dehqonlar va tomorqa yer egalariga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Bugun, 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga  murojaat bilan chiqdi.

“Ayni paytda butun jahonni koronavirus pandemiyasi qattiq xavotir va tashvishga solib turibdi. Keyingi yillarda dunyo hamjamiyati bilan chuqur integratsiyaga kirishib, jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan O‘zbekistonimiz ham bu ofatdan chetda qolishi mumkin emasdi.

Barchamizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish, butun dunyo xalqlari qatorida yurtimiz aholisini ham tashvishga solayotgan bu ofatdan o‘zimizni, oilamiz va mahallamizni saqlash uchun qat’iy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu masala yuzasidan davlatimiz rahbarining keyingi yigirma kun mobaynida xalqimizga uch marta murojaat bilan chiqqanlari ham shundan dalolat beradi.

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shu yil 3 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhtaram Prezidentimiz el-yurtimizga yana bir marta murojaat etdi. Chin yurakdan izhor etilgan ushbu samimiy va ta’sirchan murojaat barcha xalqimiz qatori fermer, dehqon va tomorqa yer egalarimizga ham juda katta ruhiy dalda bo‘ldi.

Muhtaram Prezidentimiz hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo‘lish bilan birga, yuksak tafakkur, qat’iy intizom va ulkan mas’uliyat ko‘rsatishimiz lozimligini ta’kidladi.

Videoselektor yig‘ilishida dehqonchilik yumushlari qizg‘in pallaga kirgan shu g‘animat kunlarda fermer va tomorqachilarimizga ham tetik va bardam bo‘lib, tushkunlikka tushmasdan, ayniqsa, kerakli tibbiy qoidalarga qat’iy amal qilgan holda qishloq xo‘jaligi ishlarini izchil davom ettirish bo‘yicha zarur maslahat va yo‘l-yo‘riqlar berildi. Zotan, karantindan keyin ham hayot davom etishini albatta hammamiz yaxshi tushunamiz.

Xalqimizning birlamchi turmush ehtiyojlarini ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda agrar sohaning g‘oyat muhimligi kundek ravshan. Yuzaga kelgan inqiroz chuqurlashib ketmasligi uchun ham bobodehqonlarimiz ayni kunlarda har bir lahzani g‘animat bilishlari joiz.

Siz, aziz dehqonlar yetishtiradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqimiz dasturxoniga yetkazib, bozorlarimizda narx-navoning o‘rinsiz oshib ketishining oldini olishni ta’minlash eng asosiy vazifamiz ekanini unutmasligimiz zarur. Bu borada mirishkor dehqonlarimiz tomonidan bugungi kunga qadar bajarilgan ishlar tahsinga sazovordir.

Mavjud noqulayliklarga qaramasdan mahsulotlaringizni xalqimizga yetkazib berish uchun aholi yashash punktlarida ko‘chma savdo do‘konlari, kichik savdo yarmarkalari tashkil qilinmoqda.

Aziz yurtdoshlar, mamlakatimizga chetdan kirib kelgan koronavirus pandemiyasi misli ko‘rilmagan tashvishlarni keltirib chiqarayotgan bir paytda, tomorqalarimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari bilan xalqimiz farovonligini, dasturxoni to‘kinligini, bozorlarimizdagi arzonchilikni ta’minlash har birimizning insoniy burchimizdir. Barchani bu muqaddas burchimizni vijdonan ado etishga chaqiramiz!

Yurtimizning barcha hududida mehnatidan baraka topayotgan tajribali dehqonlar ko‘p. Tomorqa har bir oilaning bamisoli xazina manbai. Ayni vaqtda mamlakatimizda sizlar – 4,5 milliondan ortiq dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egasi 435 ming gektar unumdor ekin maydonida mehnat qilmoqdasiz.

Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanish, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni munosib holatga keltirish uchun harakat qilaylik. Bunday amaliy ibrat asosida ulg‘aygan farzandlarimiz ham yaxshi yashashga intilib, o‘z kelajagi uchun astoydil mehnat qiladi.

Ma’lumki, dehqonchilikda bahorning bir kuni bir yilga tatiydi. Ko‘pni ko‘rgan, omilkor dehqonlarimiz mana shunday hal qiluvchi pallada qanday yumushlarni bajarish zarurligini juda yaxshi biladi. Tabiat injiqliklari bilan kurashlarda toblangan tajribali dehqonlarimiz vujudga kelgan vaziyatni to‘g‘ri qabul qilgan holda, har bir daqiqani g‘animat bilib, undan unumli foydalanadilar, deb ishonamiz”, deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. 

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi lozimligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident O'zbekiston Fermerlar

Baholaganlar

67

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing