O‘zbekistonda shakar narxining oshishi ehtimoli mavjud. Sabab nimada?
Jamiyat
−
28 yanvar 2020
7829Shakar mahsuloti davlat nazoratidan chiqarildi, Xo‘sh, endi shakar muhim xalq iste’moli tovarlari ro‘yxatidan uchiriladimi? Bu, o‘z navbatida, shakar bahosini bozorning o‘zi belgilashini anglatadimi? Ushbu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shakar narxining oshishiga bozor iqtisodiyoti sharoiti va shakar mahsulotining savdosiga taalluqli bo‘lgan qonunchiliklarga kiritilgan oxirgi o‘zgartirishlar, albatta, o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
Oldingi holat qanday edi? O‘zbekistondagi mavjud ikkita ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan shakar mahsuloti, asosan, dilerlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan. Mahsulotning atigi 10 foizi birja orqali yetkazib berilar edi. Bundan tashqari, 2014 yilgacha shakarni import qilishda bitta korxonaga preferensiya berilgan edi, ya’ni korxona barcha turdagi bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan, shuning uchun shakarning importi bilan faqat ushbu korxona shug‘ullangan.
2018 yilgacha shakarning narxi davlat tomonidan belgilanar edi, lekin shakar faqat korxonalarning soni cheklangan dilerlari orqali sotilishini inobatga olib, iste’molchilarga ushbu mahsulot tegishli ustamalar qo‘llangan holda erkin narxlarda sotilar edi. Shuni ta’kidlash joizki, shakar ishlab chiqaruvchilarning dilerlari hisoblanmagan ulgurji iste’molchilarga mahsulot davlat tomonidan belgilangan narxlarda sotilmas edi.
Shakar bozorida shakllangan ushbu holatning salbiy tomonlari ko‘p edi. Masalan, shakarni davlat narxidan xarid qilishga “eksklyuziv huquqi mavjud bo‘lgan dilerlar” tomonidan xohlagan narxda iste’molchilarga qayta sotish imkoniyatining mavjudligi shular jumlasidandir.
Bu imkoniyatdan, asosan, mavsum paytida (shakar mahsulotiga talab yuqori bo‘lgan davrda) foydalanish holatlari uchrab turgan, ya’ni dilerlar tomonidan shakarning sun’iy ravishda tanqisligi yuzaga keltirilib, yakuniy iste’molchilarga erkin sotib olish imkoniyati cheklangan holda shakarning narxi oshirib sotib kelingan. Masalan, shu kabi holat 2014 yilning mavsum davrida (aprel-iyul oylarida) kuzatilgan, ya’ni davlat tomonidan belgilangan narx 2300 so‘m bo‘lgan bir paytda, narx savdo do‘konlarida 6000 so‘mgacha (2,6 baravar) ko‘tarilib ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar faoliyati to‘xtatilgan.
Shu bilan birga, 2017 yil sentyabr oyidan boshlab shakar va shakar xom ashyosini importdan olib kirishda tadbirkorlar barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etildi. 2018 yildan boshlab davlat tomonidan shakarga narxlarni belgilash talabi bekor qilindi. Bu, o‘z navbatida, bozor shakar mahsulotiga to‘yinishiga va kuchli raqobat sharoitida shakarning narxi barqarorlashishiga olib keldi.
2019 yilda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar faoliyati tiklandi. Bunda, tayyor shakar va shakar xom ashyosining importi barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilganligini inobatga olib, ishlab chiqaruvchi korxonalar va importyorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat vujudga kelib, narxlar bir maromda shakllandi (4900-5200 so‘m).
2020 yil 1 yanvardan boshlab, tayyor shakar mahsuloti importiga bojxona to‘lovlari (aksiz solig‘i 20 foiz va bojxona boji 20 foiz) joriy qilindi. Ta’kidlash joiz bo‘lgan tomoni bu kiritilgan talablar shakar xom ashyosiga nisbatan tadbiq etilmadi, ya’ni “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar shakar xom ashyosini import qilishda ushbu to‘lovlarni to‘lamaydilar.
Bu holatda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlarga berilgan preferensiya hisobiga boshqa korxonalar importdan keltirilgan shakarning narxi jihatidan ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlasha olmasligi aniq.
O‘z navbatida, ishlab chiqaruvchi sifatida monopol mavqeini saqlab turgan “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar ustuvor imkoniyatlardan foydalanib, ushbu mavqeni suiiste’mol qilishi ehtimoli yo‘q emas. Qolaversa, 2019 yilda ushbu korxonalar shakar mahsulotini taxminan 10 foizini birja orqali, qolgan 90 foizini dilerlar orqali sotib kelgan. Bu o‘z navbatida dilerlarga yuqorida keltirib o‘tilgan “imkoniyatlarni” erkinlashtiradi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi – mahsulotning aksariyat hajmini birja orqali sotilishi nimani beradi? Javob shundaki, birinchidan – faqat “cheklangan dilerlar”ga sotilishi va faqat ular orqali qimmatroq narxdan qayta sotilishining (spekulyatsiya) oldi olinadi, ikkinchidan – birja savdolari orqali barcha turdagi iste’molchilar, shu jumladan dilerlar ham hech qanday cheklovlarsiz mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishlari imkoniyati yaratiladi.
“Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PQ-4484-sonli qaroriga muvofiq, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganshakar hajmining 90 foizi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda realizatsiya qilinishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu mexanizmning joriy qilinishi shakar narxining davlat tomonidan nazorat qilinishi to‘xtatildi degani emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386-sonli qaroriga muvofiq shakar mahsuloti hanuzgacha ijtimoiy ahamiyatga ega va strategik mahsulot hisoblanadi”, deyiladi ma’lumotda.
Haqiqatan ham shakar narxining oshishi ehtimoli mavjudligi o‘rinli, lekin bunga sabab shakarning ochiq birja savdolari orqali erkin sotilishi emas, balki 2020 yil 1 yanvardan boshlab tayyor shakar mahsuloti importiga bojxona to‘lovlari joriy qilinganligidir.
Ta’kidlanishicha, bojxona to‘lovlar joriy qilinishi haqidagi qarordan so‘ng tadbirkorlar va iste’molchilar tomonidan shakar mahsulotini oldindan g‘amlab qo‘yganligi sababli bozorlardagi narx ham o‘zgarmasdan barqaror saqlanmoqda. Kunlik birja savdolariga qo‘yilayotgan o‘rtacha 1900 tonna mahsulotdan 15-20 foizi sotilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, respublikada faoliyat yuritib kelayotgan ushbu ikkita shakar ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan birlamchi xom ashyo chuqur qayta ishlanmaydi, balki chet eldan yarim tayyor xom ashyoni import qilinib, shakar ishlab chiqariladi.
2018 yilda import qilingan 1 tonna shakar xom ashyosi o‘rtacha narxi 389 AQSH dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, tayyor shakar mahsuloti esa 425 AQSH dollarini tashkil etgan. Ya’ni o‘rtacha farq 36 AQSH dollar. Xuddi shuningdek, 2019 yilda shakar xom ashyosi o‘rtacha narxi 418 AQSH dollarini va tayyor shakar 435 AQSH dollarini tashkil qilib, o‘rtacha farq 17 AQSH dollarini tashkil etgan.
Ma’lumot o‘rnida, shakarning MDH mamlakatlaridagi 2020 yil 1 yanvar holatiga o‘rtacha chakana narxlar: O‘zbekiston – 5800 so‘m, Qozog‘iston – 4720 so‘m, Qirg‘iziston – 5670 so‘m, Tojikiston – 6100 so‘m, Rossiya – 4850 so‘m, Belorusiya – 4900 so‘m.
LiveBarchasi