O‘zbek dizaynerining liboslari Milan podiumini zabt etdi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekistonlik dizaynerlar mamlakat sarhadlarini oshib, dunyoga yuz tutganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Xalqaro podiumlarda o‘z namoyishlarini munosib ravishda o‘tkazib kelayotgan dizaynerlar esa barmoq bilan sanarli. "ANOR" modalar uyi asoschisi Dilnoza Umirzoqova esa xalqaro maydonda ham shuhrat topayotgan dizaynerlardan biri. Kuni kecha uning o‘zbek matolaridan tikkan liboslari Italiya podiumlarini zabt etdi. Ahamiyatli jihati shundaki, endilikda yosh dizaynerlar ham Italiyada o‘tadigan namoyishlarda o‘z liboslari bilan qatnashishlari mumkin. 

Joriy yilning 17-24 sentyabr kunlari Italiyaning Milan shahrida “Fashion week Milano” moda haftaligi bo‘lib o‘tdi.

1958 yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan Milan halqaro moda haftaligi jahondagi 4 ta eng nufuzli feshn haftaliklar sirasiga kiradi.

Mana, 3 mavsumdan buyon ushbu xaftalikda o‘zbekistonlik libos dizaynerlari ishtirok etib kelmoqda. Ulardan bu mavsumda ikki yirik brend "ANOR" modalar uyi hamda, "Bukhara brilliant  silk" kompaniyasi kolloboratsiya to‘plami, "Siluetstyle" - Noila Usmonova va iqtidorli yosh dizayner Nigora Hoshimova o‘z to‘plamlari bilan O‘zbekiston nomidan ishtirok etishdi.

Ayniqsa, 100% tabiiy ipak matosidan tayyorlangan ANOR×BBS kollobratsiyasi italiyalik moda ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otib, milliy bichimdagi choponlarning sotuvini Italiyaning bir nechta shourumlarida yo‘lga qo‘yish uchun shartnomalar imzolandi. 

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi "Yosh dizaynerlar Kengashi" raisi Dilnoza Umirzoqova va Kengashning maxsus delegatsiyasi yirik loyihalar vakillari, yani Italiya moda palatasining Fashion hub market loyihasi,  White Milano, Ready to show Milano loyihalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi.  Italiya moda palatasi Camera Moda tomonidan chet ellik yosh, yangi dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil qilingan Fashion hub market loyihasi vakillari uchrashuvda O‘zbekiston aynan bugungi kunda jahon moda ixlosmandlari uchun juda qiziq davlat ekanligi takidlandi. 

Loyiha aynan turli xalqlarning milliy liboslariga qaratilgan bo‘lib, yo‘qolib ketayotgan xalqona uslublarni, bichimlarni, qo‘l mehnati kashtalarini, turli xalqlar tomonidan ishlab chiqarish texnikasi asrdan asrga o‘tib kelayotgan matolarni zamonaviy moda bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgandir.
Shu bois, ayniqsa, o‘zbekcha ikat, ya’ni adras matosi va u bilan ishlaydigan dizaynerlar Italiya moda mutaxassislarini yaxshigina qiziqtirib qo‘ydi. 

Kengash delegatsiyasi keyingi mavsum uchun O‘zbekiston pavilonini tashkil qilish buyicha ariza topshirgani munosabati bilan Toshkenga keliboq 11 oktyabr kuni sohaning yetakchi mutaxassislari bilan uchrashdi. 2 oy davomida eng sara dizaynerlar ishlari maxsus komissiya tomonidan tanlab olinib, ularning ishlarini Milan moda haftaligi tashkilotchilariga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Endilikda yosh, iqtidorli o‘zbek dizaynerlari uchun Italiyaning viqorli podiumlarida va feshn ko‘rgazmalarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Milan Italiya O'zbek liboslari

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing