Qashqadaryoda ayiq nimtalanayotgani aks etgan video o‘rganib chiqildi
Jamiyat
−
28 noyabr 2019
8183Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video o‘rganib chiqildi.
Mazkur video lavhada ismi sharifi tilga olingan “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Botirov Saydullo bilan suhbat o‘tkazilganda holat 2016 yil may oyida sodir bo‘lgani, fermer xo‘jaligida ishchilar ishlayotgan vaqtda nomalum ayiq kelib qolgani hamda ukasi Tog‘ayev Sirojga hamla qilib, qorin qismidan tishlab 40-50 metrlar chamasida sudrab ketayotganida Tog‘ayev Sardor va Tog‘ayev Islom shoxa hamda ketmon bilan urib o‘ldirgani, so‘ng jarohatlangan Tog‘ayev Sirojni kasalxonaga olib ketilgani ma’lum bo‘ldi. Yozib bergan tushuntirish xatida ayiqni ishchilar uyiga olib ketgani, terisini shilib ichki ishlar bo‘limiga olib kelingani bayon qilingan.
Shu bilan birga, voqeaning bevosita ishtirokchilari – Tog‘ayev Siroj, Tog‘ayev Sardor va Tog‘ayev Islom bilan suhbat davomida ular chorva mollariga xashak yig‘ayotgan vaqtlarida ayiq Tog‘ayev Sirojga hujum qilganligi, u esa xushidan ketganligi, ular ayiqni ketmon va shoxa bilan urib o‘ldirganliklari, Tog‘ayev Islom Tog‘ayev Sirojni kasalxonaga olib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Ulardan olingan tushuntirish xatlarida Tog‘ayev Sardor o‘lgan ayiqni uyiga olib kelib, terisini go‘shtidan ajratib olganligi va 2 oylardan keyin ayiq terisini tuman IIBga olib kelinganligini ko‘rsatib o‘tishgan.
Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni ovlash taqiqlangan va u muhofaza ostiga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish konvensiyasining (CITES) 1-ilovasiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruhsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 14-ilovasi “Hayvonot dunyosidan foydalanish tartibining buzilishi sababli yetkazilgan zarar hajmini hisoblash uchun to‘lovlar” miqdori bo‘yicha yoshi, kattaligi, og‘irligi va jinsidan qat’iy nazar har bir hayvon (kallasi, terisi, shoxi va boshqalar) uchun jismoniy va yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqiga nisbatan 100 koeffitsiyent miqdorida zarar hisoblanishi belgilangan.
Yuqorida bayon etilgan holat yuzasidan to‘plangan ma’lumotlar Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga taqdim etildi. Qo‘ng‘ir ayiq noqonuniy tartibda o‘ldirilgan bo‘lsa, aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda chora ko‘riladi va yetkazilgan zarar undirib olinadi.
LiveBarchasi