Jahon chempionati: o‘zbekistonlik 5 bokschi yarim finalga yo‘llanma oldi

Sport

image

Kecha, 18 sentyabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining o‘ninchi kun bahslarida -57 kilogramm vazn toifasida  o‘zbekistonlik Miraziz Mirzahalilov qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyevga qarshi bahs olib bordi.

Ta’kidlash joiz, bokschilar muxlislarga ajoyib jang namoyish qilib berishdi. Bellashuv Mirzahalilovning g‘alabasi bilan yakunlandi va yarim finalga yo‘l olgan bokschilar soni 2 nafarga yetdi.

Chorak final bosqichini o‘zbekistonlik bokschilardan Shahobiddin Zoirov (-52 kg) bolgariyalik Daniyel Asenovga qarshi bahs bilan boshlab berdi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bellashuv yakuni bo‘yicha Shahobiddin Zoirov yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, bokschi o‘zi uchun jahon chempionatining kamida bronza medalini naqd qilib qo‘ydi. U finalga chiqish uchun fransiyalik Billol Bennama bilan to‘qnash keladi.

Chorak finalda Bobousmon Baturov (-69 kg) ushbu bosqichda iordaniyalik Ziyad Iashash bilan hisob-kitob qildi.

Faoliyatida ilk bor kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida qatnashayotgan Baturov o‘zining debyut chempionatidan medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Butun jang davomida o‘z ustunligini namoyish qilgan Baturov yarim final masalasini ijobiy hal qildi.

Bu o‘zbekistonliklar uchun uchinchi yarim final yo‘llanmasidir. 

Kunning so‘nggi jangi eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov ishtirokida kechdi.

AQSH vakili Richard Torres bilan jang olib borgan bokschi mutlaq ustunlik namoyish etdi. Birinchi raund o‘tib borayotgan paytda Jalolovning chap qo‘lda yo‘llagan ajoyib zarbasidan keyin amerikalik bokschi uzoq vaqt o‘rnidan tura olmadi va Jalolov g‘alaba bilan yarim finalga yo‘l oldi. Shu tariqa bugun ringga ko‘tarilgan 5 nafar o‘zbekistonlik bokschining barchasi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

Reglamentga ko‘ra, bugun, 19 sentyabr – dam olish kuni va final uchun kechadigan janglar 20 sentyabrda bo‘lib o‘tadi. Quyida yarim finalga yo‘l olgan sportchilar nomini yana bir karra eslab o‘tamiz:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
-69 kg: Bobousmon Baturov
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
+91 kg: Bahodir Jalolov
 


Maqola muallifi

Teglar

Bahodir Jalolov Shahobiddin Zoirov Dilshodbek Ro'zmetov Bobousmon Baturov Miraziz Mirzahalilov

Baholaganlar

34

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing