Husiylarning hujumlariga qaramay, Osiyo Kubogiga tayyorgarlik davom etmoqda
Sport
−
09:22 406 2 daqiqa
Saudiya Arabistonida 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogiga tayyorgarlik mamlakatda husiylari tomonidan uyushtirilgan hujumlarga qaramay, tasdiqlangan jadval asosida davom etmoqda. Bu haqda mahalliy musobaqa tashkilotchilari ma’lum qildi.
Saudiya Arabistonining SPA axborot agentligi xabar berishicha, turnirni tashkil etish ishlari Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Tashkilotchilar qit’a miqyosidagi musobaqani muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur resurslarni safarbar etish va ishlarni davom ettirishga sodiq ekanliklarini bildirgan.
Avvalroq, Shveysariyaning Syurix shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) kengashi yig‘ilishidan so‘ng, OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Osiyo Kubogini boshqa muddatga ko‘chirish ehtimolini istisno qilmagan edi. Biroq bu borada hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Uning aytishicha, vaziyat tez o‘zgarishi mumkinligi sababli, qaror qabul qilishdan oldin noyabr oyining oxirigacha kutish maqsadga muvofiq. Ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biri – turnirni 2028 yilga qoldirish.
Osiyo Kubogining final bosqichi 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralga qadar Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uchrashuvlar Ar-Riyod, Jidda va Al-Xubar shaharlarida bo‘lib o‘tishi kerak.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 10 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Ar-Riyod aeroportiga qilingan hujum oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani va 309 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan. 11 oktyabr kuni esa qurbonlarga sabab bo‘lgan yana bir hujum haqida xabar berilgan.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr