Husiylar yana bir kema tomon raketa uchirdi
Olam
−
27 dekabr 2023
4848Yamandagi husiylar United konteyner kemasiga qarshi raketa bilan hujum qildi. Bu haqda harakatning rasmiy vakili Yahyo Sariya ma’lum qildi.
“Yaman harbiy-dengiz kuchlari United tijorat kemasiga qarshi operatsiya o‘tkazdi va unga raketalar bilan hujum qildi”, deydi u.
Yahyo Sariyaga ko‘ra, kema ekipaji yo‘nalishni o‘zgartirish talabiga uch marta javob qaytarmaganidan so‘ng, husiylar konteyner kemasiga hujum qilgan. Shuningdek, u Qizil dengizda suzish erkinligini ta’minlash uchun AQSH homiyligida xalqaro koalitsiya tuzilganiga qaramay, husiylar Isroil bilan bog‘langan tijorat kemalarini nishonga olishda davom etishini aytgan.
Marine Traffic xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, United konteyner kemasi Liberiya bayrog‘i ostida suzmoqda. Oxirgi marta kema o‘zining joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni 26 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan 16:12 da uzatgan. O‘shanda u Qizil dengizning janubiy qismida, Yamanning Xodeyda porti yaqinida joylashgan edi. Xizmat veb-saytida hozirda ham kemaning navigatsiya holati "dvigateldan foydalanilmoqda" sifatida ko‘rsatilmoqda.
Bungacha Birlashgan Qirollik dengiz savdo operatsiyalari (UKMTO) Xodeydadan taxminan 50 va 60 dengiz mili (taxminan 93 va 111 km) uzoqlikda sodir bo‘lgan ikkita dengiz xavfsizligi hodisasi haqida xabar bergan. Bundan tashqari, UKMTO Xodeyda yaqinida joylashgan kemadan 5 dengiz mili (taxminan 9 km) uzoqlikda dronlar qulaganidan keyin ikkita portlashni qayd etgan.
Ma’lumot uchun, G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosi avj olganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirishini va Falastin anklavida urush tugamaguncha Isroilga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligini aytdi. Noyabr oyi o‘rtalaridan beri Qizil dengizdagi bir qancha savdo va harbiy kemalar Yamanning husiylar nazorati ostidagi hududidan hujumga uchradi. Bundan tashqari, husiylar bortida 20 dan ortiq ekipaj a’zosi bo‘lgan Galaxy Leader yuk kemasini qo‘lga oldi.
Husiylarning harakatlariga javoban AQSH rasmiylari xalqaro koalitsiya tuzilgani va Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish bo‘yicha operatsiya tayyorlanayotganini e’lon qildi. Operatsiya ishtirokchilari orasida Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya ham bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder mazkur operatsiyada qatnashishga 20 dan ortiq davlatlar rozi bo‘lgani, biroq ularning kamida sakkiztasi davlat nomini oshkor qilinishidan bosh tortganini ma’lum qilgandi. Bu Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush tufayli mintaqaviy taranglik kuchayib borayotgani sababli Qizil dengizdagi operatsiyaga nisbatan siyosiy sezgirlik belgisidir.