Husiylar Saudiyadagi ikki aeroportga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
12:31 1643 2 daqiqa
Saudiya Arabistonida husiylar tomonidan amalga oshirilgani aytilgan ikki hujum oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlandi. Bu haqda Saudiya Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujumlar 6 va 7 oktyabr kunlari Abha xalqaro aeroporti hamda poytaxt Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga amalga oshirilgan. Abha aeroportiga qilingan hujum oqibatida Marokash va Jazoir fuqarosi bo‘lgan ikki ayol halok bo‘lgan. Yana 28 kishi jarohatlangan. Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga qilingan hujumda esa Sudan fuqarosi halok bo‘lgan. Yana 8 kishi, jumladan, 5 nafar Saudiya fuqarosi jarohatlangan.
Saudiya Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi aeroportlardagi zararni baholash hamda yo‘lovchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli xavfsizlik idoralari bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
Saudiya boshchiligidagi koalitsiya vakili general-mayor Turki al-Malikiyning ma’lum qilishicha, Ar-Riyod shimolida husiylar tomonidan uchirilgan ballistik raketa urib tushirilgan. Shuningdek, Yaman poytaxti Sanoda Saudiya poytaxtiga hujumlar uchun foydalanilgan raketa uchirish moslamasi yo‘q qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Saudiyada aeroportlar va neft infratuzilmasiga qarshi hujumlar avval ham sodir bo‘lgan. Joriy yilning 18 sentyabr kuni Saudiya boshchiligidagi koalitsiya Yamandan Ar-Riyod tomon uchirilgani gumon qilingan husiylar ballistik raketasini urib tushirganini bildirgan. 19 sentyabr kuni esa aeroport yaqinida portlash ovozi eshitilib, Qirol Xolid xalqaro aeroportidagi yoqilg‘i saqlash hududi ustidan qora tutun ko‘tarilgan.
Ayni paytda Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan Yaman hukumati kuchlari Eron bilan ittifoqchi bo‘lgan husiylar bilan qurolli to‘qnashuvlarni kuchaytirgan. Husiylar Qizil dengizni Aden ko‘rfazi bilan bog‘laydigan strategik Bab-al-Mandob bo‘g‘ozi atrofida katta hududni nazorat qiladi.
Kecha, 8 oktyabr kuni husiylar Yaman hukumati nazoratidagi Adan aeroportiga ham ballistik raketalar va dronlar bilan hujum qilgani xabar qilingan. Hujum oqibatida qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.
Shuningdek, AQSHning Ar-Riyoddagi elchixonasi Saudiyada bo‘lgan amerikaliklarni xavfsizlik vaziyati sabab hushyorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan Prezidentlik rahbarlik kengashi rahbari Rashad al-Alimiy husiylarga qarshi katta operatsiya boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, husiylarning hujumlari fonida Anqara va Islomobod Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonida harbiy kontingentlarini joylashtirishi haqida xabar berilgan edi.
Bundan tashqari, Turkiya Makka mudofaa pakti doirasida podshohlikdagi harbiy ishtirokini kengaytirish fonida Saudiya Arabistoni hududida o‘z harbiy bazasini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Live
Barchasi