Husiylar musodara qilingan kemani ozod qilish shartini aytdi

Olam

image

Yamandagi husiylar harakati Isroil va AQSH G‘azo sektorida falastinliklarni o‘ldirishni to‘xtatmaguncha, qo‘lga olgan “Galaxy Leader” kemasining taqdiri muhokama qilinmasligini bildirdi. Bu haqda bugun, 21 noyabrga o‘tar kechasi husiylar tomonidan tuzilgan Oliy siyosiy kengash a’zosi Muhammad Ali al-Husiy ma’lum qildi.

"Agar Amerika va Isroil G‘azoda falastinliklarni o‘ldirishni to‘xtatib, suv, dori-darmon va oziq-ovqat yetkazib bersa, shundan so‘ng ular Isroil kemasi haqida gapirishi mumkin", deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida 

Uning fikricha, kemaning olib qo‘yilishi o‘zaro munosabatlar tamoyiliga mos keladi.

Qayd etish joizki, 4 noyabr kuni husiylar yetakchisi Abdul Malik al-Husiy Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozidagi yahudiy davlatining kemalariga zarba berish bilan tahdid qilib, Isroil hududiga hujumni davom ettirishga va’da bergandi. G‘azo sektoridagi vaziyat yomonlasha boshlaganidan beri husiylar Isroil hududiga bir necha bor hujumlar uyushtirgani haqida xabar qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni husiylar Adan ko‘rfazi suvlarida bortida 22 ekipaj a’zosi bo‘lgan “Galaxy Leader” yuk kemasini qo‘lga olgandi. Isroil rasmiylari “Galaxy Leader”ning qo‘lga olinishini qoraladi va aybni Eronga yukladi. Shuningdek, SAXAL matbuot xizmati kema Isroilga tegishli ekanini rad etdi.

Dengiz transport xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kema Bagama orollari hamdo‘stligi bayrog‘i ostida suzgan. Bortda Bolgariya, Meksika, Ruminiya, Ukraina va Filippin fuqarolari bo‘lgan, ekipajda Isroil fuqarolari bo‘lmagan. Kema Buyuk Britaniyaning “Ray Shipping” kompaniyasiga (uning hammualliflaridan biri isroillik tadbirkor Rami Unger hisoblanadi) tegishli bo‘lib, u Yaponiyaning “Nippon Yusen” kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

kema Isroil Yaman G'azo husiylar Galaxy Leader

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing