Husanov va “Manchester Siti” bugun “Everton” mehmoni bo‘ladi
Sport
−
19 aprel
7157Bugun, 19 aprel kuni Angliya Premer ligasi 33-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvlar orasida o‘zbekistonlik muxlislar uchun eng muhim o‘yinlardan biri, albatta, “Manchester Siti”ning mehmondagi “Everton”ga qarshi o‘yini.
Husanov asosiy tarkibga qaytadimi?
“Shaharliklar”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov qatorasiga 3 ta o‘yinda maydonga tushirilmadi. Bu esa nafaqat o‘zbek futbol segmentida, balki klubning muxlislari tomonidan norozilikka sabab bo‘ldi. Jamoa murabbiyi Gvardiola esa ushbu 3 ta o‘yinda Niko O’reylini sinab ko‘rishga qaror qildi. O‘tgan safargi prevyularda ta’kidlanganidek, Gvardiola O’reylini maydonga tushirsa, klubning taktikasida o‘zgarish bo‘ladi. Ya’ni, Agar Niko asosiy tarkibda, chap qanotda o‘ynasa, Gvardiol markazga o‘tadi. Gvardiolning markazga o‘tkazilishi esa Husanovning zaxira o‘rindig‘ida qolishiga sabab bo‘lmoqda. Albatta, bu hodisa ko‘p davom etmasligi aniq. Chunki xorvatiyalik himoyachi chap qanotga to‘liq moslashib bo‘lgan edi. “Everton”ga qarshi o‘yinda Husanovning maydonga tushish ehtimoli yo‘q emas. Buning uchun Gvardiol chapga o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
“Manchester Siti” YeCHL yo‘llanmasi uchun kurashni saqlab qololadimi?
Yaqindagina UEFA tomonidan keyingi mavsumda Angliyadan 5 ta jamoa Chempionlar ligasida ishtirok etishi tasdiqlandi. Bu son yana ko‘payishi mumkin, agar Yevropa ligasida “Manchester Yunayted” va “Tottenxem”dan biri g‘olib chiqsa. Ammo ayni damga kelib, Angliya Premer-ligasida kuchli beshlik uchun jiddiy kurash kechmoqda. 33-turga qadar “Manchester Siti” 55 ochko jamg‘arib, 5-o‘rinni egallab kelmoqda. “Shaharliklar”dan bir pog‘ona yuqorida “Nottingem Forest” 57 ochko to‘plagan. Bir pog‘ona pastda esa “Chelsi” va “Aston Villa” 54 ochko bilan “Manchester Siti”ni izma-iz ta’qib qilib kelmoqda. 33-turda “Nottingem” “Tottenxem” mehmoni bo‘ladi. “Chelsi” “Fulxem”ga safar qiladi. “Aston Villa” esa kuchli uchlikda borayotgan “Nyukasl”ni qabul qiladi. Xullas, 33-turda klublarning o‘rni o‘zgarish ehtimoli bor va chempionat yakuniga qadar kuli beshlik uchun kurash shiddatli davom etadi.
Taxminiy tarkiblar
Odatga ko‘ra, “One football”, “Sportsmole” va “90 min” nashrlari “Everton” - “Manchester Siti” o‘rtasidagi o‘yin uchun taxminiy tarkiblarni e’lon qildi.
“One football” talqiniga ko‘ra, “Manchester Siti” tarkibi:
Ortega, O’reyli, Gvardiol, Diash, Lyuis, Kovachich, Gyundogan, De Bryuyne, Savino, Grilish, Marmush.
“Sportsmole” talqiniga ko‘ra, “Manchester Siti” tarkibi:
Ortega, O’reyli, Gvardiol, Diash, Nunes, Niko, Gyundogan, De Bryuyne, Savino, Bernardu, Marmush.
“90 min” talqiniga ko‘ra, “Manchester Siti” tarkibi:
Ortega, O’reyli, Gvardiol, Diash, Lyuis, Kovachich, Gyundogan, De Bryuyne, Savino, Maketi, Marmush.
Ma’lumot o‘rnida, “Everton” - “Manchester Siti” o‘yini bugun, 19 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 19:00 da start oladi.